Namangan viloyatidagi suv omborlari: ularning dambalari mustahkammi?

15:47 17 May 2020 Jamiyat
6168 0

— Namangan geografik jihatdan joylashgan oʻrni boʻyicha oʻziga xos xususiyatga ega — Norin-Sirdaryo havzasining tekisliklari, togʻlik, qir-adirliklardan iborat, — deydi viloyat suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi boshligʻi Jahongir Umarov. – Shundan kelib chiqib, viloyatdagi sugʻoriladigan yerlarni sugʻorishda oʻzi oqar suvlardan, nasos-kuch vositalaridan, shimoliy hududlardagi qir-adirliklarni suv bilan taʼminlashda esa togʻlardan oqib tushuvchi mahalliy soylarning oʻzanida qurilgan suv saqlash havzalari – sunʼiy suv omborlaridan keng foydalaniladi. Bu yumushlarning oʻz vaqtida uddalanishida esa 1985-yilda viloyat suv xoʻjaligi boshqarmasi tarkibida tashkil etilgan va respublika Suv xoʻjaligi vazirligining 2018-yildagi buyrugʻi bilan mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritib kelayotgan boshqarmamiz ishchi-xodimlarining xizmatlari salmoqli.

Boshqarma tarkibida 9 ta suv va 8 ta sel omborlari mavjud boʻlib, ularning doimiy ravishda ishchi holatida boʻlishi, soz saqlanishi uchun jamoamizning 193 nafar xodimi samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Chust tumanidagi “Rezaksoy” (loyihaviy sigʻimi – 300 mln. metr kub), Popdagi “Jiydalisoy” (loyihaviy sigʻimi — 44 mln. metr kub), shuningdek, Chortoq tumanidagi “Chortoq” (loyihaviy sigʻimi – 30 mln. metr kub) suv omborlarini sigʻimi jihatidan viloyatimizdagi eng katta suv omborlari sirasidan deb aytsak, Kosonsoydagi “Qorasuv” (6,3 mln. metr kub) suv omborini viloyatimizdagi eng kichik suv omborlaridan deyish mumkin. Shuningdek, Chust tumanida yana “Varzik”, “Koʻkseraksoy”, Yangiqoʻrgʻonda “Eskiyer”, “Zarkent”, Kosonsoyda “Yertikon” suv omborlari ham mavjud boʻlib, yuqorida aytib oʻtgan suv omborlari viloyatimizdagi jami 83500 gektar maydondagi qishloq xoʻjaligi ekinlarini suv bilan taʼminlashga xizmat qiladi, qish va erta bahorda koʻp kuzatiladigan hududlardan oqib oʻtuvchi mahalliy soylardagi sel suvlarini ushlab qolib, ularni yigʻish uchun ham moʻljallangan.

— Soʻnggi kunlarda mamlakatimizning koʻpgina hududlarida kuchli yogʻingarchiliklar va buning oqibatida sel kelish holatlari kuzatilyapti. Bu esa boshqarma xodimlarini yana-da ogohroq, hushyorroq boʻlishga chaqirishi tabiiy, albatta...

— Toʻgʻri, Sirdaryodagi “Sardoba” suv omborida yuz bergan koʻngilsizlik, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarining ayrim tumanlarida sodir boʻlgan noxush voqealar barchamizni yana-da hushyorlikka chaqirgani shubhasiz. Bu jihatdan olib qaraganda, yurtdoshlarimiz xotirjam boʻlishlari mumkin. Yaʼni, aytmoqchimanki, viloyatimiz hududidagi jami suv omborlarining sigʻimi 440.7 mln. metr kub boʻlsa, 14-may holatiga 196.732 mln. metr kub suv yigʻildi.

Bundan tashqari, Namangan shahridagi “Gʻirvonsoy”, Yangiqoʻrgʻon tumanidagi “Qandiyon”, “Qizsoy” va “Gaiston”, Toʻraqoʻrgʻondagi “Kengkulsoy”, Chortoqdagi “Beshtol” va “Qoramurut”, Uychi tumanidagi “Sassiqsoy” sel omborlari ham eng birinchi navbatda aynan viloyatimiz aholisi va iqtisodiyot tarmoqlari obyektlarini seldan himoya qilishga xizmat qiladi.

— Oldinda esa yozning jaziramali kunlari...

— Fikringizni tushundim. Viloyatimizda suv tanqisligining oldini olish maqsadida mavjud suv omborlarining sigʻimini oshirish boʻyicha qabul qilingan Dasturlarga asosan 2017-2018-yillarda Kosonsoy tumanidagi “Qorasuv” suv ombori qurilishining 2-navbatidagi qolgan ishlarni bajarish uchun 2 mlrd. 656 mln. soʻm mablagʻ sarflanib, suv sigʻimi 3,0 mln.metr kubdan 6,3 mln.metr kubga yetkazildi.

“Yertikon” suv ombori suv sigʻimini 3 mln. metr kubdan 20 mln metr kubga yetkazish ishlari uchun esa 2017-2019-yillarda 49 mlrd. 593 mln. soʻm mablagʻ ajratilib, bugunga kelib mazkur obyektda ham qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi.

Prezidentimizning 2018-yilda viloyatimizga qilgan tashriflari davomida bitta suv omborini rekonstruksiya qilish va ikkitasining qurilishi Respublika dasturiga kiritilgan. Yaʼni, Yangiqoʻrgʻondagi “Zarkent” suv omborini rekonstruksiya qilish, Kosonsoy tumanida “Isparon” va Pop tumanidagi “Chorkesar” suv omborlarini qurish koʻzda tutilgan. Mazkur ishlar amalga oshirilgach, viloyatimizning Pop, Kosonsoy, Yangiqoʻrgʻon va Chortoq tumanlaridagi jami 10 ming gektar ekin maydonining suv taʼminoti yaxshilanadi.

Hozirda suv omborlarining, ulardagi gidroinshootlarning texnik holati muntazam ravishda malakali mutaxassislar tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda, dambalar va qirgʻoqlar holati boʻyicha muntazam kuzatuv yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, gidroinshootlardagi mavjud mexanizmlar oʻz vaqtida texnik qarovdan oʻtkazilib, sozligi taʼminlanyapti.

Bundan tashqari, bahor oylarida kuzatiladigan sel va toshqinlarni betalafot oʻtkazish maqsadida har bir suv va sel omborlarida navbatchilik tashkil etilgan. Texnogen va favqulodda vaziyatlar sodir boʻlganda xabardor qilish tizimi ishlab chiqilib, aholini ogohlantiruvchi sirenalar, aloqa vositalari va qoʻshimcha elektr taʼminoti vositalari bilan taʼminlangan.

Ilhomjon JUMANAZAROV suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер