Nafsim mening balodur...
Insonning eng nozik tomoni — nafsiga qul boʻlib qolishida. 1996-yilda tugʻilgan Shahboz Xoliqovning xurmacha qiliqlarini eshitgan yoki guvohi boʻlgan kimsa ham beixtiyor “oʻgʻirlik qonida bormikin?”, degan oʻyga boradi.
Boisi shuki, dastavval u 2019-yilda oʻgʻirlik sodir etib sudlanganida 24 yoshda edi. Uylanmagan, yosh, balki adashgandir, qilmishidan pushaymon, degan vajlar bilan kechirimlilik prinsiplari, qolaversa, insoniylik nuqtayi nazardan unga ishonch bildirilib imkon berilgan edi. Oʻshanda unga uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi qoʻllanilgandi.
Aslida yigitning pushaymonligi chin boʻlsa, u ushbu imkoniyatdan foydalanib, toʻgʻri yoʻlga oʻtishi, halol rizq topishga harakat qilib oilasi, yaqinlari, yurt oldida yuzini yorugʻ qilishga urinishi lozim edi. Ammo u nima qildi?
Nufuzli bir xususiy korxonada hisobchi vazifasida ishlab yurgan Sh. Xoliqovning yana nafsi “harakat”ga tushdi. Yashash tarzi, oylik maoshi, oilaviy sharoiti yaxshiligiga qaramay, u yana oʻgʻirlikka qoʻl urdi.
Quyoshli jaziramada hamma oʻzi bilan oʻzi boʻlib, soya izlash bilan band. Shahardagi “Nur-Begim” NTM oʻquv markaziga gʻaliz maqsad bilan kelgan Sh. Xoliqov, binoning yertoʻlasida joylashgan, kompyuter darslari oʻtiladigan maxsus xonaga avvaldan koʻzlab yurgani, kompyuter jihozlarini oʻgʻirlab ketish uchun gʻayriqonuniy ravishda kiradi.
Muassasa rahbari N. Yahyoyevaga tegishli boʻlgan narxi 4 100 000 soʻmlik 3 dona kompyuter jamlanmalari monitori, ularning 4 ta operativ xotirasi hamda shu yerda oʻqituvchi boʻlgan N. Xoliqovga tegishli 500 000 soʻmlik “Samsung” rusumli noutbukni yashirin tarzda olib chiqib ketadi.
Sh. Xoliqov shu bilan chegaralanmadi. U oʻz kirdikorlarini davom ettirib, oʻsha kunning oʻzida tushdan soʻng shahardagi “City-education” nomi ostida faoliyat yuritayotgan oʻquv markaziga keladi. Avvaldan bilgani kompyuter texnologiyalari xonasiga gʻayriqonuniy ravishda kirib, u yerdan 3 350 000 soʻmlik “Lenovo” rusumli noutbukni oʻgʻirlab, voqea joyidan gʻoyib boʻladi.
Kompyuterlarni qoʻlga kiritgan va ayni vaqtda gʻoyat qaltis ishga qoʻl urganidan koʻngli gʻash ham tortmagan bu kimsa fursatni oʻtkazmay oʻgʻirlagan jihozlarni sotish ilinjiga tushadi. Shahar markazida joylashgan “Mukammal nigoh” nomli savdo majmuasiga keladi. U pasport soʻragan sotuvchi yigitga noutbuklar oʻziniki ekanligi, pulga muhtojligi uchun sotayotgani, pasporti yonida emasligi va albatta, nusxasini tashlab qoʻyishiga ishontirib, ikkita noutbukni 1 550 000 soʻmga kelishib, sotib yuboradi. Pullarni esa oʻz ehtiyojlari yoʻlida sarflaydi.
Pul ishlashning oson yoʻlini topdim, deb oʻylagan “olgʻir” oradan bir hafta oʻtib yana “ov”ga chiqadi.
U “55-Evrika” NTM oʻquv markaziga kelib, abituriyentlarning darslari tugashigacha kutib oʻtiradi va payt poylab, u yerdan 2 600 000 soʻmlik «NR” rusumli noutbukni olib chiqib ketadi.
Jabrlanuvchi Z. Muhiddinovning sudda koʻrsatma berishicha, kunduz soat 16:30 lar chamasi darsini tugatib, binoning birinchi qavatida joylashgan oshxonaga tushgan. Shu paytda zinadan kimningdir yuqoriga koʻtarilayotgani, oyoq tovushini eshitgan. U “abituriyentlardan birontasi oldimga kelgan boʻlsa kerak” degan fikr bilan qoʻlidagi suv idishini obdon tozalab yuvib, 5 daqiqa atrofida qaytib chiqqan.
Xonasiga kirib, hech kim yoʻqligidan hayron boʻlib turganda birdan stoli ustidagi noutbugi yoʻqligini koʻradi. Avval kimdir hazillashgan boʻlsa kerak, deya oʻylab, uning oldiga kelishi lozim boʻlgan oʻrtogʻi Asadbekka telefon qiladi. “Men ishdaman, hali boʻshamadim”, degan javobni olgach, voqeani unga aytadi. Asadbekning “Zudlik bilan ichki ishlar boʻlimiga telefon qil”, degani uchun shahar ichki ishlar boʻlimiga xabar beradi.
Bu paytda “Tuya koʻrdingmi, yoʻq!” qabilida osongina ish bitiryapman, hech kim meni bilmaydi, deya chuchvarani xom sanagan Sh. Hojiyev noutbukni sotish uchun “Zangori ekran” savdo majmuasiga yoʻl olgandi.
Na qonun va na odamiylikni nazar-pisand qilmagan oʻgʻri yigit kompyuter hujjatlarini soʻragan sotuvchiga oʻzining javdiragannamo nigohi bilan “Men hujjatsiz, qoʻldan olgandim kompyuterni, pulga muhtoj boʻlib sotyapman”, deya yana vajlar keltirib, pasport nusxasini berib, noutbukni 1 800 000 soʻmga sotib chiqib ketadi.
Xalqimizda “Buzoqning yugurgani somonxonagacha” degan naql bor. Lekin oʻz vaqtida xabar berilmaganda, balki bu hodisalar takror va takror yuz berishi ham mumkin edi. Oʻz qilmishi bilan yana sud kursisida bosh egib oʻtirgan Shahboz Xoliqov pushaymon. Lekin u bu afsus-nadomatlarni chindan oʻtkazyaptimi yoki yoʻq bunisi qorongʻi. Zotan, u avval ham shunday koʻz yoshlar bilan barchani ishontirgan, oʻzini halolligini isbotlashga soʻz bergan edi.
Sud hukmi har qanday holatda ham adolat, odillik, xolislik, qonuniylik mezoni sifatida tayinlanadi. Jinoyatga berilgan jazo esa, sodir qilingan qilmishga toʻliqligicha monand boʻlmogʻi zarur.
Shu maʼnoda, sud Sh. Xoliqovning bu galgi qilmishini koʻrib chiqarkan, jinoyat ishidagi dalillarni har tomonlama oʻrganib, Shahboz Xoliqovni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismining “a” bandida koʻrsatilgan oʻgʻirlik jinoyatini sodir etganlikda aybli, deb topdi. Jinoyatga qoʻl urgan fuqaroga nisbatan qonuniy hamda adolatli jazo tayinlanib, sud tomonidan jazoning muqarrarligi taʼminlandi.
Akrom ARIPOV,
Oliy sud bosh konsultanti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring