Muzeyga yana Fayzulla Xoʻjayev nomi berildi

Foto: Xalq so‘zi
Yirik siyosatchi va davlat arbobi Fayzulla Xoʻjayev oilasi istiqomat qilgan qadimiy hovli haqida koʻpchilik eshitgan, albatta. Buxoro shahridagi ushbu hovliga kiraverishda oʻzbek, rus va ingliz tillarida “Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyi” degan yozuv tushirilgan peshtaxta oʻrnatildi. Vaholanki, yaqin – yaqingacha bu yerda “Boy savdogar xonadoni uy-muzeyi” degan yozuv turardi.
— Prezidentimiz 2018-yilning 16-fevralida Peshku tumanida viloyat faollari bilan, 2021-yilning 12-oktyabrida Qorakoʻl tumanida saylovchilar bilan uchrashuv chogʻida Fayzulla Xoʻjayevning nomini tilga olib, uning hurmatini joyiga qoʻyishimiz lozimligini taʼkidlagan edi, — deydi Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Sulaymon Inoyatov. — Bundan ruhlangan buxorolik ziyolilar uy-muzeyga Fayzulla Xoʻjayev nomini qaytarish taklifini oʻrtaga tashladilar. Gap shundaki, 1996-yilda respublika Vazirlar Mahkamasining “Fayzulla Xoʻjayev tavalludining 100-yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, shu asosda ushbu maskanga xalqimizning ardoqli farzandi nomi berilgandi. Oradan 21 yil oʻtib esa Vazirlar Mahkamasining “2017-2027-yillarda qayta tashkil etiladigan davlat muzeylari toʻgʻrisida”gi qarori asosida bu goʻsha “Boy savdogar xonadoni uy – muzeyi” nomi bilan faoliyat yurita boshladi. Nihoyat, hukumatimizning shu yil 28-sentyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, majmua “Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyi” deb qayta nomlandi.
Ushbu hovli XIX asr oxirida F. Xoʻjayevning otasi Ubaydullaxoʻja tomonidan sharqona usulda bunyod etilgan. Juda koʻrkam. Uning kechmishi ham Fayzulla Xoʻjayevning taqdiriga oʻxshab ketadi. Uy sohibi qatagʻonga uchragach, bu hovli qarovsiz holga tushadi. Turli tashkilotlar uchun boshpana vazifasini oʻtaydi. Yon-atrofiga turli imoratlar quriladi. Hartugul keyinchalik maʼlum qismi saqlanib qoladi.
— Maskanimizga Fayzulla Xoʻjayev nomi qaytarilgani ayni muddao boʻldi, — deydi uy-muzey rahbari Feruz Bahromov. — Yana bir yangilik shundaki, 2023-yilda muzey restavratsiya va konservatsiya qilinadi. Shuningdek, reekspozitsiya ishlari amalga oshiriladi. Ayni paytda bu yerda 521 ta eksponat bor.
Taʼkidlash kerakki, Fayzulla Xoʻjayev suronli davrda Buxoro Xalq Shoʻrolar Respublikasini toʻrt yil, Oʻzbekiston Respublikasini 12 yil boshqargan. “Xalq dushmani” sifatida qamoqqa olinib, xalqimizning Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy kabi koʻplab maʼrifatparvarlari qatorida qatl etilgan.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Olimlar saratondan ham oʻlim xavfi ikki baravar yuqori boʻlgan kasallik haqida maʼlum qilishdi
- “Eshonxoʻja ota” masjidi imom-xatibi Avazxoʻja Bahromov lavozimidan ozod etildi va 3 sutkaga qamaldi
- AQSH boy berilgan hududlarni Ukrainaga qaytarishga erishish niyatida ekanligini maʼlum qildi
- Transport vazirlari “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishini muhokama etishdi
- Davlat rahbari yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi
- 2-fevraldan boshlab barcha hududlardagi AGTKSHlar faoliyati bosqichma-bosqich tiklanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring