Muzeyga qachon borgansiz?
Termiz — nafaqat Surxon vohasining, balki butun Markaziy Osiyoning ilmiy va maʼnaviy markazlaridan biri. Bu yurtdagi har bir tarixiy obida, muzey, har bir eksponat ming yillik tarixning jonli guvohi. Termizda faoliyat yuritayotgan mintaqamizda yagona Arxeologiya muzeyi, “Termiz” davlat muzey-qoʻriqxonasi, Termiz va Termiziylar merosi tarixi muzeyi nafaqat voha, balki butun mamlakat ilmiy hayotida alohida oʻrin tutadi. Koʻp ming yillik tarixga ega bu shahardagi muzeylarda vohaning boy oʻtmishi, madaniyati va buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy merosini ifodalovchi 200 mingdan ortiq osori-atiqalar, arxeologik topilmalar va nodir manbalar saqlanmoqda. Bu joylar yoshlar uchun haqiqiy maʼrifat xazinasi, tarixni teranroq his etish imkoniyatidir.
Afsuski, bugun muzeylar zallarida yoshlarning ixtiyoriy qadami kam. Masalan, Termiz arxeologiya muzeyi tarix va madaniyatning tirik manbai boʻlsa-da, uning jonli muhitida yoshlarning oʻzi uchun kelgani, qiziqish bilan sayohat qilgani kam kuzatiladi. Bu holat nafaqat Termizda, balki butun mamlakat boʻylab sezilayotgan umumiy muammoga aylangan: yoshlar va muzeylar oʻrtasidagi masofa tobora uzayayotgandek.
Sabab nima? Tarixga boʻlgan qiziqish soʻnmoqdami yoki madaniy uzilish paydo boʻldimi? Masala, aslida, faqat vaqt yoki imkoniyatda emas, balki munosabatda. Taʼlim tizimida tarix fanining ruhiy-tarbiyaviy qimmati kamayib, u faqat sanalar va voqealar yigʻindisiga aylanib qolgani natijasida yoshlar tarixni his etmay qoʻydi. Zamonaviy texnologiya, ijtimoiy tarmoqlar, tezkor axborot oqimi esa ularni ekran ortidan bilim olishga oʻrgatdi. Ular uchun “koʻrish” emas, “layk bosish” qiziqarliroq boʻlib qoldi. Shu orqali tarix bilan jonli muloqot uzildi.
Boshqa bir jihat — madaniy muhitdagi uzilish. Yoshlarni muzeyga yetaklaydigan birinchi inson shubhasiz, ota-ona. Ammo koʻpchilik ota-onalarning oʻzi bugun muzey eshigini ochmagan. Tarixga boʻlgan qiziqish ota-onaning amalida koʻrsatilmagan joyda bolada ilhom uygʻonmaydi. Holbuki, Termiz arxeologiya muzeyi jahondagi koʻplab ilmiy markazlar havas qiladigan darajadagi boy manbaga ega. Muzeyning numizmatika boʻlimida mintaqa tarixini siyosiy va iqtisodiy jihatdan oʻrganish uchun juda muhim boʻlgan tangalar, koʻhna qogʻoz pullar jamlangan. Bu tangalar nafaqat metall, balki vaqtda muzlatilgan tarixning oʻzi.

— Termiz arxeologik muzeyida turli davrlarga oid tangalar, masalan, kushonlar, grek-baxtriya, sosoniylar, saljuqiylar, temuriylar va boshqa sulolalar davrida zarb etilgan numizmatik yodgorliklar saqlanadi, — deydi arxeolog Toʻxtash Annayev. — Bu ashyolar Surxon vohasi qadimdan savdo-sotiq, iqtisodiy munosabatlar markazi boʻlganini isbotlaydi. Bularni kitobda oʻqish mumkin, lekin muzeyda ularni koʻz bilan koʻrish, ushlab his qilish boshqa dunyo. Bu — tarix bilan muloqot.
Bu jonli muloqotni his etish imkonini yaratib beruvchi joylar, shubhasiz, muzeylar. Ular jonsiz eksponatlar toʻplami emas, balki millat xotirasining tirik markazidir. Shu bois yoshlar uchun bu makon eng sevimli maskan, qolaversa, oʻz ildizini topish, oʻzligini anglash maktabi boʻlishi kerak. Biroq, bugun yoshlar koʻproq virtual dunyoda boshi aylanib kezib yuribdi. Tarixiy meros haqida rolik koʻradi, ammo uning ortida turgan haqiqiy buyumni koʻrish uchun bir qadam tashlamaydi. Shu yerda savol tugʻiladi: nega biz oʻz tariximizni “masofa”da sevyapmiz?
Termiz arxeologiya muzeyi direktori Mansur Normoʻminov bu haqida shunday deydi:
— Bugungi yoshlar orasida muzeylarga qiziqishni yuqori, deb boʻlmaydi. Toʻgʻri, taʼlim muassasalari yoki tadbirlar doirasida kelishadi, lekin ixtiyoriy tashrif juda kam. Muzey — bu jonli tarix. Bu yerda Vatanni sevish, undan gʻururlanish hissi uygʻonadi. Istardimki, ota-onalar farzandlarini muzeyga olib kelishsin. Zero, tarixni koʻz bilan koʻrgan bola uning qiymatini yurak bilan his qiladi.
Aslida, yoshlar bilan muzeylar orasidagi masofani qisqartirish uchun faqat tadbir emas, tizimli yondashuv kerak. Taʼlim muassasalari va muzeylar oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish lozim. Har bir tarix darsida “muzey soati”ni tashkil etish maqsadga muvofiq. Muzeylarning oʻzi ham zamonaviy formatda yoshlarga yaqinlashishi zarur: interaktiv ekskursiyalar, virtual turlar, ijtimoiy tarmoqlarda jonli efirlar — bularning hammasi muzeyni “jonli makon”ga aylantiradi. Ota-onalar va mahalla darajasida “madaniy turizm” tashabbuslarini yoʻlga qoʻyish vaqti keldi. Mahallalarda oilalar oʻrtasida muzeylardagi eksponatlar boʻyicha turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazish, muzeylarga sayohat uyushtirgan oilalarni ragʻbatlantirish tizimini joriy etish kerak. Ishoning, bunday tadbirlardan faqat jamiyat koʻproq manfaat koʻradi. Respublika miqyosida taʼlim-tarbiya maskanlaridagi oʻgʻil-qizlarni, faqat Termiz shahriga emas, balki hududlardagi muzeylarga sayohatini tez-tez tashkillashtirish ham yoshlar va muzeylar oʻrtasidagi masofani qisqartirishiga olib kelishi shubhasiz.

Termiz muzeylari nafaqat tarixni saqlovchi, balki kelajakni maʼnan qurishda ishtirok etuvchi maskanlardir. Bu yerdagi har bir tosh, har bir tanga, har bir topilma — bizning kim ekanimizni soʻzlab beradi. Yoshlar buni eshitsa, millatning ildizi yanada mustahkamlanadi. Agar muzey eshigidan yoshlar oʻz ixtiyori bilan kirsa, u faqat eksponatni emas, oʻzligini topadi.
Farhod ESONOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring