Muqaddasim, ona tilim!

14:51 21 Oktyabr 2022 Jamiyat
1380 0

Foto: Xalq so‘zi

Til xalqlarni, madaniyatlarni, kecha va bugunni bogʻlab turuvchi vosita. Zotan, til bilgan el biladi, deb bejiz aytmaydilar. Biroq oʻz ona tilining qadriga yetib, uni sevib ardoqlagan millatgina asrlar osha oʻz mavqeyini saqlab, oʻzligini yoʻqotmaydi.

Navoiy viloyatida ham mamlakatimizda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgani munosabati bilan keng koʻlamdagi madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Navoiy davlat pedagogika instituti, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi, “Alisher Navoiy nodir merosi targʻibot markazi” jamoat birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan “Muqaddasim, munavvarim ona tilim!” maʼnaviy-maʼrifiy bayram tadbiri shulardan biri boʻlib, unda til bilan bogʻliq bugungi muammolarning yechimlari haqida fikr-mulohazalar oʻrtaga tashlandi.

— Oʻzbek tiliga mehr va eʼtibor, avvalo, oilada shakllanadi, — deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi boshqaruvi raisi Faxriddin Soliyev. — Boisi biz globallashuv jarayonida yashamoqdamiz. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivoji dunyoning globallashuviga shiddatli turtki boʻlmoqda. Axborot makonida madaniyatlar, qadriyatlar, tillarning oʻzaro toʻqnashuvi yuz bermoqda. Shunday keskin raqobat sharoitida milliy oʻzligimizni saqlab qolishimizda, millat boʻlib rivojlanishimizda oʻz tilimiz muhim vosita boʻlib xizmat qiladi. Uni asramoq – burchimiz. Buning uchun koʻproq muloqot, til bayramlari, tilimizni targʻibot qilmoq, adabiy va ilmiy asarlar yaratish kerak boʻladi.

Tadbirda talabalar tomonidan oʻzbek tili haqidagi sheʼrlar, kuy-qoʻshiqlar ijro etildi, teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari namoyish etildi.

Hududda til bayramining rasmiy tantanalari viloyat markazidagi madaniyat va istirohat bogʻida buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qoʻyish bilan boshlanib ,mehnat jamoalari hamda taʼlim muassasalarida adabiy kechalar, ijodiy uchrashuvlar shaklida davom etmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?