Mulkdorlar sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilmaydi

18:22 08 Yanvar 2024 Jamiyat
305 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor, jumladan, xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari ta’minlanishiga qaratilgan muhim qonun loyihalari muhokama qilindi.

Deputatlar qonun loyihalarini partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqdilar va ularni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdilar.

Ayniqsa, “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, mulk daxlsizligi har kimning o‘z boyliklariga egalik qilish, foydalanish va boshqarish huquqiga ega ekanidir. Bu huquq odamlarga o‘z mulkidan qanday foydalanishni erkin tanlash imkonini beradi va qonun oldida tenglikni yaratadi. Shu bois, mamlakatimizda xususiy mulk va unga bo‘lgan huquqlar daxlsizligini ishonchli himoya qilinishini ta’minlash hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklashga doir tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi belgilandi. Bu bir necha yillardan buyon jamiyatimizdagi o‘tkir muammolardan biriga aylangan “snos” bilan bog‘liq muammoga nisbatan oqilona yechim bo‘ldi. Asosiysi, sud qarorisiz uy-joyga nisbatan mulk huquqidan mahrum qilinmasligi, shuningdek imorat buzilishga tushadigan bo‘lsa, buning uchun buzishdan oldin uning qiymatiga mos ravishda kompensatsiya to‘lanishi shartligining belgilanishi “snos” degan muammoga butunlay barham berdi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati va u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi kafolatlanishi belgilanmoqda.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini so‘zsiz amalga oshirishga, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni belgilangan tartibda qoplanishi orqali xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Ya’ni, mulkdorlarning sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi kafolatlanadi.

Fraksiya a’zolari ushbu qonun loyihasida nazarda tutilayotgan yangiliklar O‘zLiDeP saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalar bilan uyg‘un va hamohang ekanligini qayd etdilar. Partiya nuqtayi nazariga ko‘ra, xususiy mulk huquqi va kafolatlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish yo‘lida to‘liq erkinlik berish – mamlakat iqtisodiy tizimini liberallashtirishning eng muhim yo‘nalishidir.

Qizg‘in muhokamalar va savol-javoblar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasining zarurati va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Loyihadagi ayrim normalar bo‘yicha asosli savollarni o‘rtaga tashlashdi va ularga qonun tashabbuskorlari tomonidan atroflicha javoblar olindi.

Deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

—Qonun loyihasida kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida tashkil etilgan dam olish maskanlarini (dam olish uylari va dam olish zonalarini) majburiy sertifikatlashtirish talabidan hamda ularning ushbu yo‘nalishdagi xizmatlarni ko‘rsatishdan olgan foydasini ma’lum muddatga foyda solig‘idan ozod etish nazarda tutilmoqda, — dedi Qonunchilik palatasi deputati G‘ayrat Abdiyev. — Mazkur loyihaning qabul qilinishi kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlaridan yil davomida samarali faoliyat yuritishi, bolalarni sog‘lomlashtirish va aqliy rivojlantirish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish, asosiysi, yo‘llanmalar narxlarini barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер