Muammolar girdobida qolgan “Oq oltin”

11:37 05 Fevral 2025 Jamiyat
161 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. “Oq oltin” mahallasi Nishon tumani markazidan qariyb 30 chaqirim uzoqlikda, Qarshi choʻlining qoq markazida joylashgan. Bundan yarim asr avval avval bu yerlar sarhadsiz choʻl, biydek dala boʻlgan. Oʻtgan asrning 70 yillari oxiri, 80 yillar boshida esa Qarshi choʻlining oʻzlashtirilishi munosabati bilan hududda 16 ta ikki qavatli “dom” qurilib, asosan Dehqonobod tumanining togʻli hududlarida yashovchi aholi vakillari ishchi kuchi sifatida koʻchirib keltirilgan.

Keyinroq hududda yana yangi uy-joylar, maktab, bogʻcha, tibbiyot punkti, tekis va ravon yoʻllar qurilgan. Ichimlik suvi, oqar suv, tabiiy gaz, elektr taʼminoti, kanalizatsiya tizimlari barpo etilgan. Qarabsizki, “Oq oltin” yashash uchun barcha shart-sharoitlarga ega, oʻziga xos shaharcha tusini olgan.

Biroq keyin mahallaga eʼtibordan chetda qolgan. Natijada bu yerdagi muammolar asta-sekin koʻpayib, ildiz otib ketgan. Bugun oʻta taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan, oʻydim-chuqur yoʻllar boʻylab mahallani kezar ekansiz, odamlarning turmush tarzini koʻriboq bu maskandagi muammolarni darhol his etasiz.

Ayniqsa, hududdagi koʻp qavatli uylarda ahvol yanada ogʻir. Bu yerda yashovchilar markazlashgan issiqlik tizimi, ichimlik suvi, tabiiy gaz haqida orzu ham qilmay qoʻyishgan. Shunchaki oddiygina kanalizatsiya tarmogʻi ham yoʻq. Natijada hamma oʻz bilganicha ish koʻrib, toʻgʻri kelgan joydan hojatxona, tandirxona, suv hovuzlari qurib olishgan. Atrof chiqindiga toʻlib ketgan, havoda badboʻy hid bor.

— Uch xonali uyda ikki oʻgʻlim, ikki kelinim, jami uch oila yashaymiz, — deydi ushbu “dom”larning birida istiqomat qilayotgan Oʻrozgul Qilichova. — Haqiqatan sharoitimiz ogʻir. Uyimizda taʼminot tizimlaridan faqat elektr toki bor. Ovqat pishirishda suyultirilgan gazdan foydalanamiz. “Dom” uchun bu xavfli, lekin boshqa choramiz yoʻq. Hozir suyultirilgan gazni ham ikki oyda bir marta berishyapti, aslida bir oyga ham yetmaydi. Shu bois asosan oʻchoq va oʻtindan foydalanamiz.

Ariqdan suv ichayotgan odamlar

Mahalla ahlining asosiy qismi ariq suvini ichadi. Lekin u ham tekin emas.

— 5-6 chaqirim naridan Qarshi magistral kanali oqib oʻtadi, — deydi aholi vakillari. — Shu kanaldan maxsus mashinada suv olib kelib, sotishadi. Bir mashinasini 60-70 ming soʻmdan sotib olib, hovuzga saqlab ichamiz. Bu kanalga “Talimarjon IES”ning chiqindi suvlari, shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlaridan chiqqan suvlar ham tashlanadi. Toza emas. Koʻpchilik ichki kasalliklardan aziyat chekishadi. Toʻgʻri, Qarshi shahridan toza suv keltirib sotadiganlar ham bor, lekin uning narxi ancha qimmat. Buni hammaning ham choʻntagi koʻtaravermaydi.

Bandlik eng asosiy muammo

Mahalla ahlining maʼlum qismi hududdagi ijtimoiy soha tashkilotlari – maktab, bogʻcha, tibbiyot punktida ishlashadi. Shuningdek, kichik doʻkon ochib savdo qilayotgan, ustachilik, kirakashlik bilan shugʻullanayotganlar bor. Ammo qariyb 8 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan mahallada odamlarni ish bilan taʼminlashi, ularga ish taklif etishi mumkin boʻlgan birorta ham ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish subyekti mavjud emas ekan.

Natijada aholining asosiy qismi yurtimizning turli hududlari va xorijga borib ishlamoqda. Masalan, mahalla masʼullari bergan maʼlumotga koʻra, ayni paytda mahalladan 56 kishi ish izlab chet elga ketgan. Lekin bu “rasmiy” raqam ekani, haqiqiy raqam bundan ancha yuqoriligini mahalla faollarining oʻzi ham inkor etishmadi.

Muammo koʻp joyda ishlash ogʻir

Biz hududdagi muammolar yuzasidan “Oq oltin” MFY masʼullari bilan ham uchrashib, fikrlashdik. Ammo savollarimizga javob olish ancha murakkab kechdi.

Mahalla raisi Jahongir Tangriyevning aytishicha, u ish boshlaganiga endi bir oy toʻlmoqda, shu bois oʻzi ham koʻp maʼlumotga ega emas. Avvalgi MFY raisi esa 6 oy ishlab, ishni tashlab ketgan. Orada bir muddat bu lavozim vakant turgan. Ayni paytda ham mahalladagi hokim yordamchisi lavozimi vakant. Ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi xodim esa lavozimiga biz borgan kuni tayinlangani, mahalla raisi hali u bilan koʻrishmaganini bildirdi.

MFY raisining soʻzlaridan shuni angladikki, bu yerdagi kommunal, bandlik sohasi bilan bogʻliq muammolarni mahallaning kuchi bilan hal etib boʻlmaydi. Bunga viloyat, respublika darajasida eʼtibor zarur. Aslida ham shunday.

Aholining bu yildan umidlari katta, lekin...

Prezidentimizning 2024-yil 23-sentyabrdagi “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi farmoni hamda shu sanadagi tegishli qarori bilan joriy yilda hududlarda aholi turmush shart-sharoitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilishi belgilab olingan.

Davlatimiz rahbarining mazkur farmon va qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi Majlis bayoni bilan mamlakatimizdagi 1024 ta eng ogʻir ahvoldagi mahallaga respublika darajasidagi rahbarlar va ularning oʻrinbosarlari biriktirilgan. Ushbu masʼullarga har oyda kamida bir marotaba oʻziga biriktirilgan mahallaga shaxsan borib, oʻrganishlar oʻtkazish hamda ishlarni belgilangan tartibda tashkil etish vazifasi yuklatilgan.

Xususan, eng ogʻir ahvoldagi mahallalar roʻyxatidan joy olgan “Oq oltin” mahallasiga Bosh vazir oʻrinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov biriktirilgan.

Bu esa mahalla ahlida hududdagi muammolarning haqqoniy oʻrganilib, hal etilishi, mahallada ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va servisning rivojlanishi, bir soʻz bilan aytganda, aholining farovon turmush tarzi uchun shart-sharoitlar yaratilishiga umid uygʻotgani bor gap.

Biroq ayni vaqtga qadar mahallaga “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha respublika doirasidagi biror-bir masʼul kelgani yoʻq. Mahalla faollari esa Dasturda belgilangan vazifalar nimalardan iboratligi haqida ham maʼlumotga ega emas.

Mana shu jihatni koʻrib, mahalla ahlining Dasturdan kutgan umidlari bu safar ham sarobga aylanmasa boʻldi edi, degan fikr keladi xayolga. Oʻylaymizki, bunday boʻlmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер