Muammolar dolzarbligicha qolmoqda
Foto: Халқ сўзи
Nurafshonda Toshkent viloyati shaharlari infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xoʻjalik masalalariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda viloyat uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi, “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari”, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, “Hududgaz Toshkent”, “Toshkent suv taʼminoti” va boshqa tarmoq tashkilotlari mutaxassislari, OAV vakillari, blogerlar ishtirok etdi.
Ayni damda Toshkent viloyati shahar va tumanlaridagi 471 ming 841 nafar aholi istiqomat qiluvchi 5 mingga yaqin koʻp qavatli uylarga kuz-qish mavsumida kommunal xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash dolzarb masala boʻlib turibdi. Soha xodimlari koʻp qavatli uy-joylarni sifatli issiqlik manbai bilan taʼminlash uchun 14 ta lokal qozonxona qurish, 24 ta mavjud qozonxonani rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, 47 ta avtonom qozonlar oʻrnatish ishlari mavjudligini aytishdi.
Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 1 ming 118 kilometr masofaga ichimlik suv tarmoqlari tortishga erishilgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 20 barobar koʻpdir. 46 ming nafar aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan, 222 ming nafar aholining esa ichimlik suv taʼminoti yaxshilangan. Bundan tashqari koʻp qavatli uylarning 254 ming 674 m2 tom qismi, 205 ta uyning ichki muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiya tizimlari taʼmirlangan. Koʻp qavatli uylar oraligʻiga 32 ta zamonaviy bolalar maydonchasi qurish jarayoniga respublika byudjetidan 1,6 mlrd.soʻm mablagʻ sarflangan. Ana shunday natijalar bilan bir qatorda, sohada hali hal qilinishi lozim boʻlgan muammolar talaygina. Ayniqsa, Chirchiq, Nurafshon, Yangiyoʻl, Olmaliq shaharlari, Boʻka, Zangiota, Piskent tumanlari aholisidan ayni masalalarda ushayotgan eʼtirozlar soni ortib bormoqda.
Aholiga tabiiy gaz, elektr quvvati, toza ichimlik suvi yetkazib berish borasidagi mavjud kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etishda amaliy chora-tadbirlar belgilanmoqda. Xususan, yil oxirigacha yana 300 km masofaga ichimlik va oqava suv tarmoqlari tortilishi rejalashtirilgan. Elektr taʼminoti sohasida ham shunday raqamlar mavjud, yaʼni: 26,7 mlrd.soʻm mablagʻlar hisobiga 278 km tarmoqlar qurilib, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari amlga oshirilishi kerak. Isteʼmolchilarga zamonaviy elektr hamda gaz hisoblagichlari oʻrnatish jarayonlari ham dolzarbligicha qolmoqda.
Viloyatning olis hamda chekka joylarida yashovchi aholi turmush sharoitini yaxshilash, tabiiy gaz taʼminoti yetib bormagan mahalla va qishloqlar, togʻli va togʻoldi hududlariga suyultirilgan gaz, koʻmir yetkazib berish ishlari ham jadallikni talab etayotir. Bu yilgi kuz-qish mavsumida aholining 3,9 ming tonna suyultirilgan gaz va 72 ming tonna koʻmirga ehtiyoji borligi aniqlandi. Bu borada mayyan ishlar qilingan boʻlsa-da, hali rejadagi ishlarni nihoyalamoq zarur.
Tadbirda yana bir dolzarb masala atroflicha muhokama qilindi. Bu — aholi xonadonlari va maxsus belgili joylardan maishiy chiqindi olib ketish xizmatidagi yutuq va muammolardir. Hozirda viloyat aholisining 88 foizi soha xodimlari xizmati bilan qamrab olingan, joriy yilning oʻtgan 9 oy davomida 1,1 mlrd.soʻm mablagʻlar hisobiga 23 ta chiqindi yigʻish maydonlari qurilgan boʻlsa-da, maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi hamon pastligicha qolmoqda. Shu bois bu borada yaxshi natijalar beruvchi, xorijiy investorlar ishtirokidagi yangi loyihalarni amalga oshirish kun tartibidagi vazifadir.
Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring