Momomeros kasbini ulugʻlab

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Nurota kashtachiligi haqida soʻz ochilsa, nurotalik mashhur chevar Saodat Rahmatovaning uch asr bilan yuzlashgan momomeros soʻzanasini yap-yangi avtomashinaga alishmagani esga tushadi. Oʻsha soʻzana Saodat aya bilan qoʻshib hisoblaganda yettinchi avlodning qoʻliga oʻtibdi. Chindanam uni sotib yoki alishib boʻlmaydi, faqat meros qoldirish mumkin.
Kashtachilik Nurotada ana shunday momomeros qadriyatlardan. Ushbu sanʼat mazkur tumanda qadim-qadimdan ayollarning bandligini taʼminlashdek ijtimoiy ahamiyat ham kasb etib, uning sir-u sinoati buvidan nabira, qaynonadan kelinga oʻtib kelgan. Shuningdek kashtachilik orqali shunchaki uquv va mahoratgina emas, orzu-havas, sanʼatgagina xos nafosat, turmush tarzlari, sabr-u qanoat hamda nazari toʻqlik kabi fazilatlar kamol topgan.
— Nurota kashtachilik maktabi, xom-ashyoga dastlabki ishlov berishdan tortib, yakunida tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab olishi bilan ajralib turadi, — deydi sanʼatshunos Amin Qodirov. — Uning sanʼat darajasiga koʻtarilganligi, har bir namuna alohida ahamiyatga ega boʻlib, maʼlum bir yoʻnalishlarda tarixiy davr oʻz aksini topganligini kuzatish mumkin.
Bugun sanʼatsevar yoshlar estafetani qoʻlga olib, Nurota kashtachilik maktabining anʼanaviy yoʻnalishlarini Buxoro, Qashqadaryo va, hatto Tojikiston maktablarining kompozitsiya va naqsh unsurlari bilan boyitmoqda. Shu tufayli nurotalik chevarlar mahsulotlari Fransiya, Yaponiya va yana bir qator mamlakatlardagi xalqaro koʻrgazmalarda tadqiqotchilarning diqqatini tortmoqda.
— Nurota amaliy sanʼati, xususan kashtachiligi, hududning tabiatini, mahalliy aholining kayfiyatini ifoda etadi, — deydi Fransiyalik sayyoh Paskal Maxtinelli. — Toʻgʻri, takrorliklar koʻp. Biroq bunda aholining marosimlarga, oʻz hayotining unutilmas davriga eʼtiborini nazarda tutsak, bu kamchilik hech qanday ahamiyatga ega emas. Sanʼat va marosimlar qadim bogʻliqligi mana shu zaminda saqlanib qolinganligi dunyoda kamdan kam uchraydigan voqelikdir. Albatta, bu juda katta tadqiqot manbai. Chuqurroq tadqiq etilsa, sanʼat tarixi bilan bogʻliq juda katta kashfiyotlarga manba boʻladi.
Nurotada kashta hunarmandchiligi bugun tadbirkorlik tusini olib, tuman markazida ming nafardan ziyod qiz-juvon u bilan mashgʻul. Chekka qishloq qizlarini mazkur sanʼat sinoatlaridan voqif etish, shu orqali ijtimoiy bandligini taʼminlash maqsadida oʻquv kurslari ham tashkil etilgan. Ularda qizlar Nurota kashtachiligi bilan birga xaridorgir Buxoro zardoʻzligini ham oʻrganib, oʻz mahsulotlarini kun sayin xorijiy sayyohlar tashrifi ortib borayotgan Chashma majmuasi koʻrgazmalarida taqdim etmoqda.
Xususan, yaqinda Nurota shahridagi Ergash Jumanbulbul oʻgʻli nomidagi istirohat bogʻida tuman hokimligi va bir qator hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan “Soʻzana va kashta” milliy hunarmandchilik sanʼati festivali tashkil etilib, unda Nurota kashtachiligining namunalari namoyish etildi.
— Sayyohlik dasturimizga Nurotadagi “Chashma” majmuasiga sayohat ham kiritilgani tufayli biz ajoyib sanʼat va hunarmandchilik festivalining guvohi boʻldik, — deydi shveysariyalik Elvira Eberxard. — Albatta, bu yerda olgan taassurotlarimiz, Oʻzbekiston nihoyatda boy tarixga ega, madaniy meros qadrlangan mamlakat ekanligi xususida yurtdoshlarimizga soʻzlab beramiz. Dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatida boʻlganman. Bu yerdagidek mehmondoʻstlikni hali koʻrgan emasman.
Festival ishtirokchilari “Eng yaxshi Soʻzana va kashtachi”, “Eng yaxshi Soʻzana va kashtachi maktabi ustasi”, “Soʻzana va kashtachilik boʻyicha qadimiy sulola davomchisi”, “Qadimiy anʼanalarni qayta tiklagan Soʻzana va kashtachi”, “Eng yosh mahoratli Soʻzana va kashtachi” nominatsiyalari asosida taqdirlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring