Mirzo Ulugʻbek va Grinvich observatoriyasi: vaqt oʻlchovi tarixi

12:58 20 Iyun 2025 Ilm-fan
160 0

Londonning janubi-sharqiy qismidagi Grinvich tumani Buyuk Britaniya poytaxtining nisbatan sokin va koʻrkam mavzelaridan. Bu hudud jahonga mashhur Grinvich observatoriyasi bilan ham tanilgan.

Mazkur ilmiy muassasa ingliz qiroli Karl II (1630 — 1685) tashabbusi bilan 1675-yilda barpo etilgan. Rasadxonani tiklashdan asosiy maqsad dengizchilar uchun koordinatlarni aniq belgilash boʻlgan.

Shuningdek, bu hududdan dunyodagi nolinchi vaqt meridiani oʻtgan boʻlib, 1885-yilda astronom Nevil Maskelayn tomonidan “Grinvich vaqti” tushunchasi isteʼmolga kiritilgan. Shundan buyon dunyo boʻyicha vaqt oʻlchov tizimi aynan Grinvich meridianiga qiyosan oʻlchanadi. Masalan, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida GMT (Greenwich Mean Time) +5 koʻrinishida belgilangan. Demak, bizda vaqt Grinvichga nisbatan 5 soat oldinroq “yuradi”.

Xullas, butun dunyo oʻz soatlarini Grinvichga qarab toʻgʻrilaydi. Dunyo soatining belgilanishiga Grinvich observatoriyasi olimlarining ilmiy kuzatishlari sabab boʻlgan. Bu muassasaning qurilishiga esa Mirzo Ulugʻbek maktabi hamda uning mashhur “Ziji jadidi Koʻragoniy” asarining hissasi katta boʻlgan, desak, xato qilmagan boʻlamiz.

Bunday deyishimizga ikkita rad etib boʻlmas dalil bor. Ulardan biri — Oksforddagi Ilm-fan tarixi muzeyida saqlanayotgan, Mirzo Ulugʻbek maktabiga tegishli usturlob, ikkinchisi, shu shahardagi Bodlean kutubxonasidan oʻrin olgan “Ziji jadidi Koʻragoniy” qoʻlyozmasidir.

Gap shundaki, mazkur qoʻlyozma Mirzo Ulugʻbek hayotligida koʻchirilgan. Forsiyda bitilgan bu ilmiy asar hoshiyasidagi usmonli turk tilidagi qaydlar uning maʼlum vaqt usmoniylar davri kutubxonasida saqlanganidan dalolat beradi. Katta ehtimol bilan qoʻlyozma 1473-yilda Mirzo Ulugʻbekning sadoqatli shogirdi Ali Qushchi tomonidan Samarqanddan Istanbulga olib ketilgan. Ali Qushchi Fotih Sulton Mehmet saroyida faoliyat koʻrsatgan, astronomiya, matematika, mantiq, tilshunoslik va boshqa yoʻnalishlarda asarlar bitgan. U Samarqanddan koʻplab asarlar, rasadxonada ishlatilgan asbob-uskunalarni, demakki, ushbu qoʻlyozmani ham oʻzi bilan Istanbulga olib kelgan boʻlishi mumkin.

Qoʻlyozma hoshiyasidan oʻrin olgan lotin tilidagi qaydlar esa ingliz olimi Jon Grivz (1602 — 1652)ga tegishli. Biz Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi bilan Oksfordga borganimizda bu qoʻlyozma bilan ham tanishdik. Bodlean kutubxonasi Sharq qoʻlyozmalari boʻlimi kuratori Nikolas Kontovasning aytishicha, bu asarni Jon Grivz 1638-yilda Istanbulda qoʻlga kiritgan. Grivz oʻsha yilning aprelida usmoniylar poytaxtida ingliz savdogari va konsuli Piter Uayt bilan uchrashadi. Uning koʻmagida olim Ali Qushchi Samarqanddan keltirgan qoʻlyozmalar va astronomik asboblarga ham ega boʻladi hamda Londonga qaytadi. Ular orasida misrlik olim Ptolomeyning “Almagest” asari sharhi — Abdurahmon as-Sufiyning “Qoʻzgʻalmas yulduzlar tasviri haqida kitob” asari, Mirzo Ulugʻbekning “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari, sharqona usturlob ham boʻlgan.

Keyinchalik, Ulugʻbek saroyida qayta koʻchirilgan, As-Sufiynig “Almagest” asariga sharhi nomaʼlum sabablarga koʻra Fransiyaga borib qolgan va ayni paytda Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanmoqda. Jon Grivz fors tilini juda yaxshi bilar, shu tilni oʻrganish boʻyicha qoʻllanma ham yaratgan. Shu bois u “Ziji Koʻragoniy”ni puxta oʻrganib chiqqan, oʻz qaydlarini kitob hoshiyasiga bitib qoldirgan. U oʻzi bilan olib kelgan usturlob yordamida osmon jismlari harakatini tadqiq etgan. Jon Grivz ayni shu asarning birinchi qismida keltirilgan Sharq taqvimlari bilan tanishadi, Yerning Quyosh atrofida aylanish vaqtini ham puxta oʻrganadi.

Ulugʻbek asarida keltirilgan yilning oʻrtacha uzunligiga asoslangan taqvim Yuliy Sezar kalendariga nisbatan aniq va mukammalligi bilan ajralib turardi. Keyinchalik Ulugʻbek asari asosida u Yevropada amalda boʻlgan Yulian kalendarini isloh qilib, yangi taqvimni amalda joriy etish boʻyicha hukumatga murojaat qiladi. Ammo Grivzning yangi taqvimini joriy etish masalasi Angliyada fuqarolar urushi ketayotgani sababli ortga suriladi va faqat uning oʻlimidan bir asr oʻtib mamlakatda joriy etiladi.

Grivz 1648-yili “Ziji Koʻragoniy”dagi 98 yulduzning jadvalini lotinda chop etadi. Oʻsha yilning oʻzida “Zij”dagi geografik jadvalni ham nashr etadi. 1650-yili esa u “Zij”ning birinchi qismini lotinchaga tarjima qiladi. Grivz umrining soʻnggi oylarida bu tarjimalarini qayta nashr qilishga ham ulguradi. Bu asarlar oʻsha paytda Oksford, Kembrij, Londondagi universitetlar, ilmiy markazlarda atroflicha oʻrganiladi.

Jon Grivz 1652-yilda ellik yoshda vafot etadi. U oʻzining Istanbuldan olib kelgan qoʻlyozmalar va uskunalarni Oksforddagi Sevil kollejiga vasiyat qilib qoldiradi. Keyinchalik oksfordlik olimlar bu asarlar va uskunalardan foydalanib, astronomiya boʻyicha yangi izlanishlarni amalga oshiradi. Jumladan, Oksford universiteti professori Tomas Hayd (1636 — 1703) ham “Zij”dagi turgʻun yulduzlar jadvalini 1665-yili forscha va lotinchada nashr etadi.

Bu asarlar, albatta, Angliyada astronomiya fani rivojiga katta turtki beradi. 1675-yilda Robert Guk, Jon Kristofer singari Oksfordda taʼlim olgan astronom olimlar Qirol Karl II buyrugʻiga binoan London yaqinida rasadxona qurilishiga jalb etiladi. Rasadxona bitgach, unga yana bir mashhur ingliz astronomi Jon Flemstid bosh astronom etib tayinlanadi. Dastlab dengizchilar uchun koordinatlarni aniqlash maqsadini koʻzlagan rasadxona aynan tadqiqotlar asosida nolinchi meridian oʻtgani aniqlangan hududda quriladi. Keyinchalik rasadxonaning asosiy binosida aniq vaqtni belgilash uchun maxsus soat oʻrnatiladi. Bu esa ilm-fanda mashhur “Grinvich vaqti” atamasiga sabab boʻladi.

Xulosa shuki, bugun jahon miqyosida katta ahamiyatga ega boʻlgan ana shunday kashfiyotlar, ilmiy istilohlar ildizi bevosita ajdodlarimizning aql-zakovatiga borib taqaladi. Jumladan, Buyuk Britaniyada astronomiya sohasida erishilgan yutuqlarda, yangi taqvimdan to mashhur Grinvich vaqti va observatoriyasining qurilishigacha — barchasida Mirzo Ulugʻbekning munosib ulushi bor, desak, mubolagʻa boʻlmasa kerak.

Rustam JABBOROV,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?