Mintaqa kasaba uyushmalari harakati va hamkorligida muhim platforma
Foto: O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati
Qirg‘iz Respublikasi poytaxti — Bishkek shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashining VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mintaqa kasaba uyushmalari harakati va hamkorligida muhim o‘ringa ega mazkur nufuzli anjumanda milliy kasaba uyushma tashkilotlari, davlat organlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishda Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi bosh kotibi Murodil Jumadilde uulu, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, Qozog‘iston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Satibaldi Dauletalin, Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ismoil Fayzizoda, Turkmanistonning Lebop kasaba uyushmalari birlashmasi raisi Amangeldi Jumayev, Mo‘g‘uliston kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi vitse-prezidenti Bayaraa Ragchaa ishtirok etdi.
Tadbirda kadrlar imkoniyatini rivojlantirish, yoshlar siyosatini mustahkamlash, kasaba uyushmalari uchun mutaxassislar tayyorlash tizimlarini takomillashtirish, ijtimoiy hamkorlik mexanizmlarini kengaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov o‘z ma’ruzasida mintaqadagi bugungi tinchlik va barqarorlik, davlatlararo hamkorlik yangicha ma’no-mazmun va mohiyat kasb etib borayotgani zamirida hududdagi davlatlar rahbarlarining birgalikdagi oqilona qarorlari, siyosiy iroda va qat’iyat ko‘rsatayotganlari yotganini, yaqindagina Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston Prezidentlarining uchrashuvi bunga yorqin misol bo‘la olishini qayd etdi. Shuningdek, yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar ham o‘z yechimini topayotgani, o‘zaro hamkorlikda yirik loyihalar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, Qirg‘iziston hukumati tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga Issiqko‘ldan o‘n gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, ushbu hududda xalqaro talablarga javob beradigan kasaba uyushmasi sanatoriy majmuasi qurilmoqda.
Shu bilan birga, Q. Rafiqov joriy yil iyul oyi oxirida O‘zbekistonda kasaba uyushmalari tashkilotlarining do‘stlik festivali o‘tkazilishi, unda mintaqadagi barcha qo‘shni mamlakatlar, shuningdek, Turkiy tilli davlatlar vakillari ishtirok etishi kutilayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, ushbu tadbir qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashining VII yig‘ilishi o‘zaro mintaqaviy aloqalarni yanada mustahkamlash, ushbu jarayonlarda kasaba uyushmalarining o‘rni hamda rolini oshirish, dolzarb ijtimoiy masalalarni hal qilishda hamkorlikda ishlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
«Xalq so‘zi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring