Mingbuloq maktablariga robototexnika anjomlari topshirildi

16:34 11 Mart 2026 Jamiyat
149 0

Axborot texnologiyalarini rivojlantirish va yoshlarning bu boradagi bilimlarini oshirish masalasiga taʼlim tizimida ham ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Raqamli texnologiyalar vazirligi homiyligida Mingbuloq tumanidagi 14-hamda 33-umumiy oʻrta taʼlim maktablariga robototexnika jihozlari topshirilishi ayni boradagi amaliy ishlardan biri boʻldi.

- Markazdan 35 chaqirim olisda joylashgan 33-umumtaʼlim maktabida yoshlarga axborot texnologiyalarini oʻrgatish borasidagi ishlar namunali yoʻlga qoʻyilgan, -deydi tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining AKTni joriy etish va taʼlimni raqamlashtirish shoʻbasi boshligʻi Shavkatjon Yoʻldoshev. – Bu yerda ayni yoʻnalishda alohida toʻgarak ham tashkil etilgan boʻlib, qiziquvchi oʻgʻil-qizlarga qoʻshimcha mashgʻulotlar orqali robototexnika sirlari oʻrgatiladi. Taʼlim dargohiga zamonaviy anjomlar topshirilishi bilan ushbu toʻgarakka yaqin atrofdagi qoʻshni maktablar oʻquvchilarini ham jalb etish imkoniyati yaratildi.

Aytish kerakki, Mingbuloq taʼlim muassasalarida asr yutugʻi – axborot texnologiyalarini davr talablari asosida oʻqitilayotganligi kelajagimiz egalarining ijodiy izlanish, texnologik yangiliklar ustida astoydil ish olib borishga chorlamoqda. Masalan, tumandagi 15-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi Mubina Abdumalikova oʻzi yasagan sunʼiy intellekt yordamida chiqindidan biogaz olish qurilmasi bilan “Kelajak qizlari” loyihasining respublika bosqichida TOP yigirmatalikdan joy olishga muvaffaq boʻldi. Binobarin, maktablarga topshirilgan robototexnika toʻplamlari oʻquvchilarga dasturlash asoslarini oʻrgatish, ularning turli texnologik loyihalar yaratishi hamda respublika va xalqaro musobaqalarda qatnashish imkoniyatini kengaytirishi bilan ahamiyatli.

Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер