Milliy tashabbuslar va global qarorlar
2-mart — Oʻzbekiston Respublikasi BMTga aʼzo boʻlgan kun
1992-yil 2-mart kuni Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo boʻlib, mustaqil davlat sifatida xalqaro munosabatlar tizimida oʻzining suveren va teng huquqli maqomini mustahkamladi. Bu sana mamlakatimiz davlatchiligi uchun huquqiy eʼtirofgina emas, balki yangi taraqqiyot yoʻlini tanlagan xalqning strategik qarorini anglatdi.
Bugun ushbu sana Yangi Oʻzbekistonning tashqi siyosat falsafasi bilan chambarchas bogʻliq. Agar 1992-yildagi aʼzolik xalqaro huquqiy tan olishni anglatgan boʻlsa, hozirgi vaqtda u — global jarayonlarga taʼsir koʻrsatayotgan, oʻz tashabbuslarini ilgari surayotgan va qarorlar qabul qilinishiga taʼsir etuvchi davlat maqomini ifodalamoqda.
Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari — ochiqlik, konstruktivlik, pragmatizm va oʻzaro manfaatli hamkorlikdir. Bu yondashuv BMT Nizomida mustahkamlangan suveren tenglik, tinchlikparvarlik va xalqaro hamkorlik tamoyillari bilan uygʻun.
Qisqa vaqtda mamlakatimiz BMT tizimidagi yetakchi institutlar bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. BMTning Taraqqiyot dasturi davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish jarayonlarida ishtirok etmoqda. YUNISEF yurtimizda bolalar huquqlari va inklyuziv taʼlimni rivojlantirishda muhim sherik hisoblanadi. YUNESKO bilan hamkorlik milliy madaniy merosimizni jahon miqyosida eʼtirof ettirishga xizmat qilmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan amalga oshirilayotgan dasturlar esa tibbiyot tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirmoqda. Bu kabi aloqalar Yangi Oʻzbekiston islohotlarining xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlanayotganini koʻrsatadi.
Tashqi siyosatdagi eng muhim yutuqlarimiz
Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining eng muhim yutuqlaridan biri — Markaziy Osiyoda yangi siyosiy muhitni shakllantirish. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasida ilgari surgan tashabbusi asosida 2018-yilda Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi rezolyutsiya qabul qilindi.
Bu hujjat mintaqa davlatlari oʻrtasida ishonchni kuchaytirishga huquqiy asos yaratdi. Chegara masalalari bosqichma-bosqich hal etildi, savdo aylanmasi oshdi, transport-logistika aloqalari faollashdi. Markaziy Osiyo bugun global siyosatda “muammoli hudud” sifatida emas, balki oʻzaro ishonch makoni, konstruktiv hamkorlik namunasi sifatida tilga olinmoqda. Bu — Yangi Oʻzbekiston diplomatiyasining amaliy natijasi.
2021-yilda BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston rahbari tashabbusi bilan Orolboʻyi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyani qabul qildi.
Ushbu qaror mintaqaviy ekologik inqirozni global darajada eʼtirof etish va xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirishga xizmat qildi. BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasi doirasida Orolboʻyi uchun alohida moliyaviy mexanizm ishga tushirildi.
Xalqaro moliyaviy institutlar va donor tashkilotlar ishtirokida qator loyihalar amalga oshirilyapti. Choʻllanishga qarshi kurashish, yashil hududlarni barpo etish, suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha zamonaviy texnologiyalar, “yashil” iqtisodiyot elementlari joriy qilinyapti, aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Orolboʻyidagi yer maydonlarida saksovul va boshqa choʻlga chidamli oʻsimliklar ekilishi nafaqat ekologik barqarorlik, balki aholi salomatligi va ijtimoiy sharoitini yaxshilashga ham xizmat qilmoqda. Va bu Yangi Oʻzbekistonning ekologik adolat va iqlim barqarorligi borasidagi faol pozitsiyasini namoyon etib, ekologik masʼuliyatli davlat sifatidagi siyosati xalqaro darajada qoʻllab-quvvatlanayotganini anglatadi.
Mamlakatimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishi jadallashdi, “yashil” iqtisodiyot ulushini oshirish boʻyicha strategiya qabul qilinib, qayta tiklanadigan energiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bu tashabbuslar global iqlim siyosatining ajralmas qismiga aylanib, mamlakatimizning ekologik masʼuliyatli davlat sifatidagi nufuzini mustahkamlamoqda hamda Yangi Oʻzbekistonning innovatsion va barqaror taraqqiyot yoʻlidan borayotganini namoyon etyapti.
Markaziy Osiyodagi yangi siyosiy muhit, chegaralar boʻyicha kelishuvlar, iqtisodiy aloqalarning kengayishi — bu mintaqaviy barqarorlikka qaratilgan xalqaro huquqiy asosning samarasidir.
Yoshlar kelajagi — Vatan istiqboli
Yoshlar va maʼrifat masalalari boʻyicha qabul qilingan hujjatlar esa ekstremizmga qarshi maʼrifiy yondashuvni xalqaro siyosat darajasiga koʻtardi. Yangi Oʻzbekiston yoshlarni strategik resurs sifatida koʻradi.
Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT doirasida yoshlar huquqlari va diniy bagʻrikenglikka bagʻishlangan rezolyutsiyalar ham qabul qilindi. Bu hujjatlar global miqyosda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va ekstremizmga qarshi maʼrifiy yondashuvni ilgari surishga qaratilgan.
Mamlakatimizda yoshlar uchun taʼlim imkoniyatlarining kengayishi, yangi universitetlar ochilishi, xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilishi mazkur tashabbuslarning amaliy ifodasidir.
Yangi Oʻzbekiston inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali barqaror taraqqiyotga erishishni maqsad qilgan. BMT minbari esa mamlakatimiz uchun milliy manfaatlarni himoya qilish, mintaqaviy barqarorlikni taʼminlash va umuminsoniy qadriyatlarni ilgari surish maydoniga aylandi.
Jahongir ISAYEV,
Barqaror rivojlanish markazi eksperti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- “Real Madrid” magʻlubiyatga uchradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring