Milliy manfaatlarga sadoqat namunasi

09:47 27 Iyun 2024 Siyosat
344 0

Dunyo tamaddunga yuz tutibdiki, insonlar xolis va tezkor axborotga muhtoj. Eramizdan avvalgi 59-yilda hukmdor Sezarning koʻrsatmasi bilan loydan yasalgan lavhachalarda “Acta diurna senatus etpopuli” — “Senat va Rim xalqining kundalik bayonnomalari” chiqa boshlagan. Keyinchalik ana shu lavhachalar ikkita eng ibtidoiy xabarnomaga aylangan, ular “Acta senates” va “Acta diurna populi romani” deb nomlangan.

Tarixchilar taʼkidlashicha, “Acta senates” rahbariyatning oʻziga xos jarchisi boʻlgan. Unda hukmdorning amr-u farmonlari hamda Senat yangiliklari eʼlon qilingan. Shuningdek, bashoratlar, ob-havo maʼlumoti va astronomiya yangiliklari ham havola etilgan. Sababi, hokimiyat oʻzining ayrim qarorlarini qabul qilishda aynan shu maʼlumotlarga asoslangan. Loydan yasalgan lavhachadan iborat “Acta senates” hukumat binolarining devorlariga ham ilib qoʻyilgan. Mohiyatan, shu rasmiy gazetaning ilk koʻrinishi boʻlgan, deyish mumkin.

“Acta diurna populi romani” esa xalq uchun moʻljallangan yangiliklarni eʼlon qilgan. Ular qisqa satrlardan iborat edi. Masalan, xabarlardan birining matni: “Kecha shahar ustida kuchli boʻron boʻldi. Shahar chekkasida dub daraxti chaqmoq urishi tufayli qulab tushdi”. Yoki boshqa bir xabar: “Vino tayyorlash yertoʻlasida janjal yuz berdi. Doʻkon egasi yaralandi”. Bu taxtachalardan nusxalar ham tayyorlangan, yaʼni “Rim xalqining kundalik bayonnomalari”, zamonaviy til bilan aytsak, koʻp adadli boʻlgan. Bu nusxalar bozorlar, xalq koʻp toʻplanadigan joylarda tarqatilgan.

Xoʻsh, ikki ming yildan koʻproq davrda nima oʻzgardi? Biz, xuddi avvalgiday, shahrimiz, davlatimiz va dunyoda yuz bergan voqealar haqidagi xabarlarni koʻzdan kechirib chiqamiz. Toʻgʻri, Qadimiy Rimda yashagan shahar fuqarosi yangiliklar bilan tanishish uchun bozorga borishiga toʻgʻri kelar edi, biz esa — bugungi kunda smartfonimiz ekranida barmoqlarimizni yurgizsak, shuning oʻzi kifoya. Xullas, bunday harakatlarning maʼno-mazmuni, maqsad-muddao oʻsha-oʻsha.

Lekin bugungi zamondoshimizning axborot olish boʻyicha ehtiyojlari antik dunyo odamlarinikidan juda keskin farq qiladi. Qadimda biror kishi qaysidir voqea yoki muhim masala yuzasidan fikrlarni eshitmoqchi boʻlsa, Sitseron kabi faylasuf va notiqlarning maʼruzasini tinglagani borishi kerak edi.

Bugun-chi? Har qanday mavzudagi “asosli” fikr yoki izohni olish, har qanday yangilikni bilish uchun qanchadir masofa bosib oʻtish shart emas, balki bitta barmoq harakati kifoya.

Qadimda yangilikni koʻpchilikka havola etish huquqi shunga munosib deb hisoblanuvchi, oʻqimishli, davlatda oʻz xizmati bilan tanilgan, fuqarolarning ham eʼtirofiga erishgan insonlardagina boʻlgan. Bugun-chi? Bir necha satrdan iborat kinoyali izohni ijtimoiy tarmoqlarda hatto sobiq “ikkichi” ham yoza oladi. Yaxshiyamki, soʻzlarning imlo qoidalariga mos tarzda toʻgʻri yozilishini koʻrsatib, xatosini tuzatib turadigan matn muharriri bor. Ayrim “muallif”lar-chi, hatto oʻzi qoʻllagan soʻzning chin maʼnosini bilmaydi ham.

Bunday holat salbiy yoki aksincha, ijobiy tusga ega emas. Odamlar ham koʻp, texnika taraqqiyotining mevalari ham. Har kim oʻzi xohlagan mavzuda yozadi. Bu — zamonaviy voqelik. Tarmoqdagi postlar va izohlardagi bunday xilmaxillikning muhimligi esa koʻrinib ham qoldi: bunda iqtisodiyotning har qanday vaziyatda adolatli boʻlgan talab va taklif haqidagi qonuniyati “ishga tushdi”. Yaʼni fikrlar qanchalik koʻp boʻlgani sari ularning qadr-qimmati ham shunchalik tushib ketdi.

Yana bir jihat. Qachonki, aniq dalillar oʻrnini his-hayajon egallar ekan, u odamlarni boshqarish quroliga aylanishi ehtimoli bor. Insonning his-tuygʻulari orqali uning eʼtiborini chalgʻitish mumkin. Oʻ boʻlmasa, oʻquvchi va tomoshabinni eng maqbul variantdan mosuvo etgan holda yaxshi va yomon oʻrtasida tanlov qilishga majburlash uchun soxta dilemmalar yaratish mumkin.

Misol uchun uzoqqa borishning hojati yoʻq. Mediamakonda shunday mulohazalar ham boʻlyaptiki, ularda Oʻzbekiston yirik davlatlar orasidagi global qarama-qarshilikda qaysi tomonda, kimning pozitsiyasini qoʻllab-quvvatlaydi, qaysi guruh va tashkilotlarning manfaatini hisobga oladi, degan noqulay savollar qoʻyiladi.

Bu jarayonda kuzatish mumkinki, baʼzan jiddiy qiyofadagi sharhlovchilar shunday mavzularda fikr yuritishadi, ehtirosli izohlar berishadi, tadqiqotlarning natijalari yoki siyosatdonlar, populist-notiqlarning soʻzlarini keltirishadi. Bu singari “ekspertlar” goʻyoki satrlar orasida yashiringan fikrlarni “oʻqishadi” va oʻzlaricha Oʻzbekistonning tashqi siyosati chindanam koʻp vektorlimi yoki biryoqlama boʻlib qoldimi, kabi savollarni koʻtarishadi. Bunday savollarga esa har safar bir xil oʻta soddalashtirilgan, primitiv javoblar beriladi.

Bu singari “mutaxassislar”ning ishi fuqarolarimizni boshi berk koʻchaga kiritib qoʻyishdan boshqa narsa emas. Yoʻqsa, bunday keraksiz demagogiyaga berilmasdan, ishonchli dalillarga tayangan boʻlishardi.

Tashqi siyosat maydonidagi faollik

Kvant mexanikasi mualliflaridan biri, fizika boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori Ervin Shryodinger nafaqat oʻzining mashhur “Shryodinger mushugi” singari noodatiy tadqiqotlari va tafakkur tajribalari bilan shuhrat qozongan, balki avstriyalik bu olim jamiyat taraqqiyotiga ham ilmiy va falsafiy nuqtayi nazardan qarashga uringan.

U oʻz tadqiqotlarida “entropiya” degan tushunchani faol qoʻllagan. Fizika fanida bu tushuncha tizimdagi tartibsizlik yoki xaos darajasini ifodalaydi. Lekin ijtimoiy tizimlarda entropiyaning kuchayishi murakkablik va turli-tumanlikning ortishini anglatadi. Davlatlar uchun ochiqlik va ijobiy sotsial entropiya Qoyalar almashinuvi, madaniy turli-tumanlik va intellektual oʻsishga olib keluvchi omil boʻlishi mumkin. Bunday faollik turli davlatlarning bir-biri bilan oʻzaro munosabatlarida innovatsiyalarni ragʻbatlantiradi, aloqalarni mustahkamlashga, evolyutsiya va taraqqiyotga xizmat qiladi.

Xoʻsh, buni Oʻzbekistonning ayni vaqtdagi tashqi siyosat kursi bilan solishtirish mumkinmi? Shubhasiz, mumkin. Buning uchun esa xuddi aniq fanlar boʻyicha mutaxassislar va sifatli jurnalistika tarafdorlari singari ushbu formulaga mos fakt va raqamlarni qoʻshish kifoya.

Prezident Shavkat Mirziyoyev birgina may oyining oʻzida turli mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va chet el kompaniyalarining delegatsiyalari bilan muzokaralar oʻtkazdi, xorijiy tashrifni amalga oshirdi, xalqaro forumlarda maʼruza qildi, shunday tadbirlarning ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi. Bundan tashqari, respublikamiz rahbarining tigʻiz ish jadvalidan boshqa davlat rahbarlari bilan telefon orqali muloqotlar, beshta mamlakat elchisini qabul qilish tadbirlari ham oʻrin oldi. Yana shu davrda ikki mamlakat rahbarlari Oʻzbekistonga davlat tashrifi bilan keldi. Umuman, Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, bor-yoʻQi bir oy ichida mamlakatimiz 175 ta xorijiy delegatsiyani qabul qildi, ularning 35 nafari — yuqori martabali mehmonlar.

Oʻzbekiston matbuoti Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning may oyidagi mamlakatimizga tashrifini batafsil yoritdi. Tomonlar eʼtirof etganidek, bu tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochdi va ularning rivojiga kuchli turtki berdi.

Toshkentda boʻlib oʻtgan muzokaralarda oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqot va aloqalarni faollashtirish, qoʻshma hukumatlararo komissiya ishini yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Yaqin kelajakda ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli hamkorlik darajasiga olib chiqish boʻyicha oʻzaro intilish bildirildi. Oʻzbekiston — Malayziya sammiti doirasida yetakchilar tovar ayirboshlash hajmini va qoʻshma korxonalar sonini koʻpaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Tomonlar bu koʻrsatkichlarni yaqin kelajakda bir necha barobar oshirish borasida tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldi.

Davlatimiz rahbari aytib oʻtganidek, bu maqsadga erishishda tovarlar nomenklaturasini kengaytirish va oʻzaro savdoning muvozanatliligini taʼminlash, uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, yuqori texnologiyali loyihalarni ilgari surish uchun maxsus sanoat zonasini yaratish lozim. Tashrif doirasida Samarqand shahrida ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes-forum boʻlib oʻtdi va unda hamkorlikka yangi mazmun bagʻishlovchi salmoqli investitsiya bitimlari imzolandi.

Malayziya parlamenti Senati Raisining oʻrinbosari Nur Jazlan Muhammadning fikricha, Toshkentdagi muzokaralar global siyosatda, ayniqsa, islom dunyosida tobora faol rol oʻynayotgan qardosh davlatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.

— Koʻz oʻngimizda ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochilmoqda, — dedi u. — Ikki mamlakat yetakchilari hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha qator yangi takliflarni bildirishgani quvonarli. Malayziya parlamenti Senati oʻzbek — malay munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga hissa qoʻshishga tayyor.

Yoki undan 10 kun keyin boʻlgan boshqa bir muhim voqeani olaylik. Bu — Rossiya Prezidentining mamlakatimizga tashrifidir.

Muzokaralar natijasi boʻyicha ikki yetakchi tomonidan matbuot uchun berilgan bayonotda aytilganidek, Oʻzbekistonda 3 mingdan ortiq qoʻshma korxonalar faoliyat yuritmoqda. Loyihalar portfeli 45 milliard dollarni tashkil etadi. Bu galgi Oʻzbekiston — Rossiya sammiti doirasida qiymati 20 milliard dollardan ziyod boʻlgan yangi loyihalar boʻyicha bitimlar imzolandi.

Hududlararo hamkorlik Oʻzbekiston bilan Rossiyaning iqtisodiy va gumanitar hamkorligida chinakam drayverga aylanmoqda. Shu bois Mintaqalar forumi Davlat rahbarlari raisligidagi ikki mamlakat mintaqalari Kengashiga aylandi. Uning birinchi yigʻilishi Toshkentda oʻtkazildi.

— Bugungi kunda Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar, birinchi navbatda, ikki davlat rahbarlari olib borayotgan siyosat tufayli juda yuqori darajaga chiqdi, — dedi RF Federal Majlisi Federatsiya Kengashining Xalqaro ishlar boʻyicha qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Vladimir Jabarov.

Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston — Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng katta insoniy salohiyatga ega davlat. U bilan hamkorlik uchun koʻplab imkoniyatlar mavjud. Prezident Vladimir Putinning Oʻzbekistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojiga yangi surʼat bagʻishlaydi, deya ishonch bildirdi V. Jabarov.

Yuqorida keltirilgan tashqi siyosat maydonidagi konstruktiv faollik, hech shubhasiz, innovatsiyalarning ham rivojlanishini ragʻbatlantiradi, bu esa taraqqiyotga olib boradi.

Munosabatlarni shakllantirish — murakkab ish

Munosabatlarni shakllantirish — oʻta murakkab ish. Hatto jamoada hamkasblar bilan muloqot qilayotib yoki koʻp qavatli uyda qoʻshnilararo suhbatda oʻzaro til topishish doim ham oson kechmaydi. Zero, munosabatlarning mustahkamligi manfaatlarni uygʻunlashtira olishga bogʻliq.

Davlatlar kabi murakkab tuzilmaga ega darajada munosabatlar oʻrnatish esa chuqur oʻylangan diplomatiyani, sabr va salohiyatni taqozo etadi. Bu jarayonda faqat oʻzaro hurmat va ezgu maqsadlar orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat borasidagi saʼy-harakatlari iyun oyida ham davom etdi. Oy boshida Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga rasmiy tashrif buyurdi. Muzokaralar samarasi oʻlaroq ikki davlat rahbarlari keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiyani imzoladi.

Oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, kelajakdagi istiqbollari belgilandi. Kengash yigʻilishlarini muntazam ravishda oʻtkazish, siyosiy muloqotni faollashtirish hamda Hukumatlararo komissiya mexanizmidan samarali foydalanish toʻgʻrisida kelishib oldilar.

Oʻzbekiston — Turkiya munosabatlari dinamikasi shiddat bilan ortib bormoqda. Keyingi yillarda oʻzaro savdo hajmi 1,5 barobar oʻsdi, qoʻshma korxonalar soni ikki martaga koʻpaydi, investitsiyalar 2,5 barobar ortdi. Oʻzbekiston bozorida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari faoliyat olib bormoqda. Turkiya biznesi ishtirokida 100 dan ziyod loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotir. Davlatimiz rahbarining tashrifi doirasida 10 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar shakllantirildi.

Toshkent va Anqara iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga bir xil yondashuvni ifoda etibgina qolmay, balki islomning insonparvarlik mazmun-mohiyatini ilgari surish, muqaddas dinimizni qoralashga, radikallashuvga qarshi kurashish lozimligi xususida, bu oliyjanob ishda buyuk allomalarimizning bebaho maʼnaviy merosidan samarali foydalanish zarurati borasida ham yakdil ekanini namoyon qildi.

— Mintaqaviy-global geosiyosat qayta shakllanayotgan bir davrda Oʻzbekiston va Turkiya Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi muvozanatlashgan koʻprik davlatlar vazifasini bajarish kabi tarixiy masʼuliyatni zimmalariga olmoqda, — deb hisoblaydi Anqaraning “ANKASAM” inqirozlar va siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Mehmet Seyfettin Erol.

Uning fikriga koʻra, Oʻzbekistonda kechayotgan oʻzgarish va yangilanish jarayonlari “xalq — jamiyat — davlat” tamoyiliga asoslangani ulkan hududni qamrab oluvchi oʻzaro manfaatli mintaqaviy rivojlanishga turtki beradi. Hududda koʻp yillardan buyon kutilayotgan birlashish ruhi shakllanmoqda, oʻzgarib borayotgan global geosiyosatda oʻz “Yoʻl xaritasi”ga ega boʻlgan turkiy olam mustahkam oʻrin egallashini tasdiqlovchi alomatlar vujudga kelmoqda.

Bir haftadan soʻng esa ekspertlar nigohi Oʻzbekiston va Janubiy Koreya munosabatlariga qaratildi, zero, “Musaffo tong” mamlakati Prezidenti Yun Sok Yol davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keldi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekiston va Janubiy Koreya yetakchilari “Yuqori texnologik va innovatsion hamkorlikning yangi davri”ni eʼtirof etgan holda zamonaviy sharoitlardagi sheriklikning yangi modelini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida kelishib oldi. Sammitda alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va har tomonlama chuqurlashtirish toʻgʻrisida qoʻshma Bayonot hamda 20 ga yaqin boshqa hujjatlar imzolandi.

Koreya Respublikasi Prezidenti bilan birga yurtimizga ushbu mamlakatning ishbilarmon doiralari nufuzli vakillari tashrif buyurdi. Biznes-anjumanda Koreyaning 80 dan ziyod kompaniyalari masʼullari ishtirok etdi, 9,6 milliard dollarga teng yangi loyihalar tayyorlandi.

Oʻzbekiston — Janubiy Koreya alohida strategik sherikligining istiqboldagi yangi yuqori texnologik kun tartibini ishlab chiqish zarurati taʼkidlandi. Oʻzbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xabni yaratish boʻyicha strategik dasturni ishlab chiqishga kelishib olindi. Mamlakatimiz rahbari keyingi yilda Seulda “Markaziy Osiyo — Koreya” formatidagi birinchi sammitni oʻtkazish taklifini qoʻllab-quvvatladi.

— Janubiy Koreyaning yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi tajribasi hamda Oʻzbekistonning strategik joylashuvi va tabiiy resurslarga boyligi umumiy farovonlikni taʼminlovchi oʻzaro qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun keng yoʻl ochadi, — deydi Koreya Eksimbanki operatsiyalar departamenti direktori An Byong Xo.

U Koreya Respublikasi Prezidentining tashrifini iqtisodiy munosabatlardagi joriy murakkabliklar va muammolarni muhokama etishga imkon beruvchi platforma, deya baholadi. Bu platforma sheriklikni mustahkamlab, hamkorlik samaradorligini oshiradi. Toshkentda boʻlib oʻtgan muzokaralar nafaqat siyosiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki kelajakda yanada barqaror va manfaatli hamkorlik uchun asos yaratadi, ikki davlatning global iqtisodiy va texnologik innovatsiyalarga integratsiyalashuvini taʼminlaydi, deya qoʻshimcha qiladi An Byong Xo.

Diplomatiyaning bunyodkor kuchi

Yuqoridagi faktlarni bayon etib, mamlakatimiz tashqi siyosatidagi soxta dilemmalar xususidagi mavzuga qaytsak.

Turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga tayyor boʻlgan Oʻzbekiston keyingi yillarda tashqi siyosat borasida ochiqlik tamoyiliga sodiqligini izchil namoyon etib kelmoqda. Geosiyosiy vaziyat muntazam oʻzgarib borayotgan zamonaviy dunyoda mamlakat tashqi tazyiqqa boʻysunmaydi. Tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, Oʻzbekistonning konstruktiv va pragmatik siyosati milliy manfaatlarini himoya etibgina qolmay, xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Muvaffaqiyatli diplomatiya sharofati bilan yangi investitsiyalar, shartnomalar, loyihalar yangi ish oʻrinlarini yaratmoqda, korxonalar barpo etmoqda, infratuzilmani yuzaga keltirmoqda.

Oʻzbekistonning tashqi siyosatdagi asosiy ustuvor maqsadi — milliy manfaatlarni taʼminlashdan iborat. Bu iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb etish va madaniy almashinuvni rivojlantirishda namoyon boʻladi. Mamlakatimiz oʻz qoʻshnilari bilan oʻzaro hurmat va hamkorlik munosabatlariga asoslangan aloqalarni mustahkamlab bormoqda. Bunday yondashuv nafaqat mamlakat ichida, balki butun mintaqada barqarorlik va farovonlikni taʼminlaydi.

Oʻz manfaatlariga ziyon yetkazuvchi biron-bir tomonning nuqtayi nazarini yoqlagandan koʻra Oʻzbekiston birgalikda tinch-totuv yashash va konstruktiv muloqot tarafdoridir. Bunday yondashuv ichki muammolarni hal etishga eʼtibor qaratish, fuqarolar turmush darajasini oshirish imkonini beradi. Bu izolyatsiya, yaʼni oʻzini oʻzi chetga tortish emas. Aksincha, bu hamma mamlakatlar uchun ochiqlik boʻlib, u oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun koʻplab imkoniyatlar yaratadi.

Albatta, Oʻzbekistonning ochiq tashqi siyosati suverenitet va mustaqillikni mustahkamlashga qaratilgan boʻlib, boshqa mamlakatlar bilan iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishga faol yordam beradi. Oʻzbekiston oʻz milliy manfaatlariga sodiq oʻlaroq, xalqaro maydondagi barcha saʼy-harakatlari, avvalo, xalq manfaatlariga va barqaror kelajakni taʼminlashga xizmat qilishiga intiladi.

Darhaqiqat, bugun dunyoning geosiyosiy manzarasi suv yuzasidagi yaproqdek har lahzada qalqib turibdi. Davlatimiz rahbari 2023-yil 22-dekabrda oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan majlisida taʼkidlaganidek, ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda. Ilgari oʻz maqsad va manfaatlarini, asosan, diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim oʻtkazish, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar yoʻliga oʻtganiga hammamiz guvohmiz.

Prezidentimiz ana shunday murakkab sharoitda nihoyatda oqilonalik, mohirlik va odillik bilan siyosat yuritmoqdaki, natijada Oʻzbekistonning tutayotgan yoʻli tashqi dunyoda tarozining tenglik posangisidek hech qanday noroziliksiz, shubha-gumonlarsiz qabul qilinmoqda. Ayni jarayonda Oʻzbekistonning el-yurt taqdiri, milliy manfaatlar ustuvorligiga jiddiy ahamiyat qaratayotgani xalqimizni gʻoyat mamnun etib, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlayapti.

Jahonning qudratli davlatlari mintaqamizni oʻz taʼsir doirasiga tortishga doim intilib kelgan. Bugun ham Oʻzbekiston vositasida Markaziy Osiyoni oʻz manfaatlari maydoniga aylantirishga urinishlar boʻlayotgani rost gap. Ularga esa mamlakatimiz oʻzaro tenglikka asoslangan, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosati, xalq roziligiga erishish, odamlarning ertaga emas, balki bugun baxtli va farovon yashashiga imkon yaratadigan islohotlari orqali javob berilyapti.

Loʻnda qilib aytganda, Prezidentimizning: “Zamon juda murakkab. Hozir katta-katta davlatlar “Oʻzbekiston, sen kim tomondasan?”, deyapti. Qattiq-qattiq aytib, vakillari ham kelib, oʻzlari ham shunga daʼvat qilyapti. “Oʻzbekiston aholisi 36 million boʻldi, uch-toʻrt yilda 40 millionli katta davlat boʻladi, sizlar kim tomondasiz?”, deb soʻrayapti. Bunday ogʻir savolga javob bitta — men xalqim tomondaman. Millatim, xalqim, buyuk Oʻzbekistonimning manfaati uchun jonimni berishga ham tayyorman”, degan soʻzlari hayotiy isbotini topyapti.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер