Millat tafakkurining mahsuli
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yilligi oldidan
Konstitutsiya har bir mamlakatning suvereniteti, milliy davlatchiligi rivoji, fuqarolarining hayoti, jamiyatdagi oʻrni va turmush tarzini belgilab beruvchi asosiy qonunidir. Bundan 28 yil muqaddam qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning inson huquqlariga va davlat suvereniteti gʻoyalariga sodiqligini ifoda etib, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan qoidalariga asoslangan, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishning mustahkam yoʻlini belgilab berdi.
Umumeʼtirof etgan xalqaro huquq normalari, andozalari talablariga javob beradigan zamonaviy Konstitutsiyaning qabul qilinishi Oʻzbekistonda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati sari tashlangan eng birinchi va qatʼiy qadam boʻlgan edi. Asosiy qonunimiz “muqaddima”sida sanab oʻtilgan ustuvor meʼyorlar Oʻzbekiston xalqi, har bir fuqarosi hayotining maʼnosi, maqsadi ulugʻvor va ezgu ekanini umumbashariyatga maʼlum qiladi.
Asosiy qonunimizning dunyoga kelishiga asosan ikkita omil sabab boʻlgan edi. Ilgari amal qilib kelgan barcha konstitutsiyalar (Turkiston ASSRning 1918 va 1920-yillardagi konstitutsiyalari, Xorazm va Buxoro Xalq Respublikalarining 1920-1921-yillardagi konstitutsiyalari, OʻzSSRning 1927, 1937, 1978-yillardagi konstitutsiyalari) oʻz xalqi va hududini erkin, demokratik asosda boshqaradigan mustaqil davlat talablariga javob berolmay qoldi. Boshqacha aytganda, davlat mustaqilligining eʼlon qilinishi Oʻzbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilishni taqozo etgan asosiy omil boʻldi.
Respublika mustaqillikni qoʻlga kiritgach, tabiiyki, buni konstitutsiyaviy asosda mustahkamlash zarurati tugʻildi. Konstitutsiyada yangi davlatning maqsadi, suvereniteti, ichki va tashqi siyosiy tamoyillari, inson huquqlariga, demokratiyaning va ijtimoiy adolatning oliy maqsadlariga sodiqligi mustahkamlab qoʻyilmogʻi zarur edi. Shuning barobarida, yangi Konstitutsiya oʻzbek davlatchiligi tarixiy tajribasini hisobga olishi, xalqaro huquqning umum tomonidan eʼtirof etilgan meʼyorlariga tayanishi, fuqarolar uchun munosib hayotni taʼminlashga asos boʻlishi, barqaror bozor iqtisodiga asoslangan demokratik davlat, farovon jamiyat uchun huquqiy poydevor yaratishi kerak edi.
Oʻzbekiston bozor iqtisodiyoti munosabatlariga jamiyatning jadal rivojini taʼminlovchi vosita sifatida qaradi. Ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor munosabatlariga oʻtish konstitutsiyaviy normalar va qoidalarni tubdan qayta koʻrib chiqishni talab qilar, ilgarigi Konstitutsiya yangi ijtimoiy-siyosiy munosabatlar rivojiga yordam berolmay qolgan edi.
Shuningdek, Konstitutsiya fuqarolik jamiyati barqarorligini taʼminlashi, inson huquqlarining kafolati boʻlishi, yangicha ijtimoiy munosabatlarga oʻtish sharoitida paydo boʻlishi ehtimol tutilgan tartibsizliklar va huquqiy nigilizmning oldini olishi lozim edi. Zero, Konstitutsiya Asosiy qonun shaklida jamiyatda vujudga keladigan koʻpgina savollarga javob berish barobarida, davlatning aniq-ravshan dasturi mavjudligi va uning aniq belgilangan yoʻldan borishiga dalolat beradi.
Oʻzining tuzilishi, yoʻnalishi, mazmuni jihatidan avvalgi konstitutsiyalardan prinsipial ravishda farq qiluvchi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi birinchi moddasidan tortib, to oxirgi – 128-moddasiga qadar mustaqillik gʻoyasi bilan sugʻorildi. Jahon hamjamiyatining inson huquqlari sohasidagi yutuqlariga, demokratik qadriyatlarga tayanilgani ham Konstitutsiyamizning xususiyati sanaladi.
Shu bilan birga, Konstitutsiyamiz xalqimizning milliy xususiyatlarini ham oʻzida aks ettira oldi. Konstitutsiya mamlakatning xalqaro munosabatlarning mustaqil subyekti ekani, tashqi siyosatni oʻz manfaatlaridan kelib chiqib olib borishi, xalqaro tashkilotlar va davlatlararo tuzilmalarga kirish huquqini qonuniy mustahkamlab qoʻydi. 1990-yilning 20-iyun kuni eʼlon qilingan «Mustaqillik deklaratsiyasi» hamda 1991-yil 31-avgust kuni qabul qilingan «Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida»gi qonun talablarini oʻzida toʻliq aks ettirgan Konstitutsiyamizda inson hayoti va erkinligi, shaʼni, qadr-qimmatining oliy qadriyat ekani, fuqarolarning sud orqali himoya qilinishi, aybsizlik prezumpsiyasi kabi normalar mustahkamlab qoʻyilgan. Shuning uchun ham Konstitutsiya ijtimoiy hayotimizga, fuqarolarning turmush tarziga tez singib ketdi. Bugun u bolalar bogʻchasidan tortib, maktab va oliy oʻquv yurtlarida ham oʻrganilmoqda.
Mazkur Konstitutsiya asosida Oʻzbekiston bozor iqtisodiyoti munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati qurish yoʻlini tanladi.
Asosiy qonunimizning jahon andozalariga mos kelishi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi kabi muhim xalqaro huquqiy normalarni oʻzida mujassam etgani keng jamoatchilik hamda xorijiy ekspertlar tomonidan eʼtirof etildi va etilmoqda.
Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 15-moddasida belgilanganidek, mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdorlar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va uning asosida yaratilgan qonunlarga muvofiq ish koʻradilar.
Demak, Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligi huquqiy demokratik davlat hamda erkin fuqarolik jamiyati qurishning eng asosiy kafolati hisoblanadi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, faqat normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, takomillashtirish orqali koʻzlangan maqsadga erishib boʻlmaydi. Toki, qonun amalda toʻliq qoʻllanilmas ekan, uning kuchi ham sezilmaydi. Agar qabul qilinayotgan qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyati, maqsadi tushunib yetilmasa, ularga amal qilishda xatoga yoʻl qoʻyish odatiy hol boʻlib qolaveradi.
Yurtdoshlarimiz ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, mamlakatda roʻy berayotgan demokratik oʻzgarishlarning koʻlamini kengaytirish, fuqarolarning huquqiy ongini oshirishda huquqiy tarbiyaning oʻrni beqiyosdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali yigʻilishda Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan koʻra samarali vosita yoʻq, deya taʼkidlagan edi. Darhaqiqat, jamoatchilik nazoratining mavjudligi demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining muhim sharti hisoblanadi. Aynan jamoatchilik nazorati orqali ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy muammolar kun tartibiga olib chiqiladi va hal etib boriladi.
Jamoatchilik nazorati tushunchasiga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan fuqarolar, ularning birlashmalari va oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa tuzilmalari (institutlari), shuningdek, davlat va nodavlat organlari tarkibida tuzilgan jamoatchilik organlari tomonidan qonun doirasida olib boriladigan nazorat sifatida taʼrif beriladi.
“Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, jamoatchilik nazoratining subyektlari – Oʻzbekiston fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatga olingan NNTlar, ommaviy axborot vositalaridir. Jamoatchilik nazorati jamoatchilik kengashlari, komissiyalari va boshqa jamoatchilik tashkiliy tuzilmalari tomonidan ham qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
Asosiy qonunimizning uchinchi boʻlimi – “Jamiyat va shaxs” deb nomlangan va fuqarolik jamiyatining anʼanalarini tiklash, jamoat birlashmalari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari maqomini huquqiy tarzda rasmiylashtirish, ularning real va barqaror rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan konstitutsiyaviy qoidalardan tashkil topgan. 34-moddasida fuqarolarning jamoat birlashmalariga uyushish kabi konstitutsiyaviy huquqi mustahkamlab qoʻyilgan. Asosiy qonunimizda alohida, XIII bob va 7 ta modda bevosita jamoat birlashmalarining huquq va majburiyatlariga bagʻishlaganini taʼkidlash joiz.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ijtimoiy faolligini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida mazkur institutlarning davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida roli va ahamiyati ortib bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bu borada yangi davrni boshlab berdi.
Joriy yilning 16-aprelida Prezidentimizning PF-5980-sonli farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar jamoatchilik palatalari tashkil etildi.
Ishonchimiz komilki, Konstitutsiya huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishda bundan keyin ham mustahkam kafolat boʻlib xizmat qiladi.
Konstitutsiyamiz xalqimizning yuksak tafakkuri samarasi mahsuli. Uni benazir huquqiy qadriyat sifatida asrab-avaylash, oʻqib-oʻrganish, unga ogʻishmay rioya qilish, bayon etilgan huquqlardan samarali foydalanish va burchlarni vijdonan masʼuliyat bilan bajarish, kelajak avlodga ulugʻ neʼmat sifatida yetkazish, u bilan faxrlanish har bir oʻzbekistonlik uchun sharafdir.
Jahongir SARIMSOQOV,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya
qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring