Millat qalbidagi olim

Ilm odamlarini ikki toifaga boʻlish mumkin: birinchi toifa olimlar shaxs sifatida ham, olim sifatida ham alohida fazilatlari bilan ajralib turadi. Ular ilmdagi mavjud qoliplarni sindirib, uni yangi nazariy qarashlar bilan boyitadi. Ilmga bunday olimlar olib kirgan yangiliklar odatda nafaqat oʻzi shugʻullanayotgan jabha, hatto yondosh sohalar rivojiga ham katta taʼsir koʻrsatadi. Ular fanning muayyan yoʻnalishida yetakchilik qilish barobarida jamiyat hayotiga ham faol munosabatda boʻladi. Ikkinchi toifa ilm odamlari esa aksar hollarda fanning muayyan tarmogʻini tadqiq qilish bilangina chegaralanib qoladi. Oʻzga yoʻnalishlarga koʻp ham ragʻbat koʻrsatavermaydi. Ularda qamrov torroq boʻladi. Hatto oʻzi mansub millat, oʻzi yashayotgan mamlakat hayotidagi muhim voqealarga ham aniq munosabati, nuqtayi nazari sezilavermaydi. Begali Qosimov olim sifatida birinchi toifaga mansub edi. U fidoyi farzand sifatida Vatan va millat hayotiga bir nafas boʻlsin befarq qaragan emas. Milliy istiqlolni jon qadar, iymon qadar muqaddas bir neʼmat sifatida qabul qilgani sababi shunda.
Vatanga muhabbat kindik qoni toʻkilgan maʼvoga muhabbatdan boshlanadi. Qashqadaryo vohasining IX-X asrlarda gullagan shahri boʻlgan koʻhna Fazli kenti yaqinidagi Denov qishlogʻida tugʻilib voyaga yetgan Begali Qosimov oʻz ona yurti tarixini juda chuqur bilar edi. Bu yerlardan Pazdaviy, Kasbaviy taxallusli oʻnlab, yuzlab olimu ulamolar, shoiru udabolar yetishib chiqqanidan faxrlanardi. Bolalikdagi orzusi ular singari olim boʻlmoq edi. «Bir vaqtlar, Kasbi – bu nima degani ekan, deb qiziqqan edim, – deya xotirlaydi olim. – Mashhur maʼrifatparvar alloma Zaki Validiyning yozishicha, kasbiylar Oʻrta Osiyoda yashagan eng qadimgi xalqlardan birining nomi ekan. Qiziq, nahotki Oʻrta Osiyoning dunyoga maʼlum boʻlgan ilk qavmlaridan birining nomi shu yer bilan bogʻliq boʻlsa? Shulardan chamalab aytamanki, atrofimizdagi tepalarda sir-sinoat koʻp... Yevropa olimlari ham, Sharq olimlari ham Kasbi oʻz davrida Qarshidan katta boʻlganini aytadi. Masalan, akademik Bartoldning yozishicha, bu joylar suvning eng quyi oqimida joylashgani uchun ham obod, ovga boy edi. Bobur Mirzo oʻzining “Boburnoma”sida bu atrofda «murgʻaki Qarshi» deb atalgan qushlar koʻpligini aytadi».
Begali Qosimov kindik qoni tomgan yurt oʻtmishi, bu yerda yashagan el kechmishi haqida chuqur bilimga ega edi. Qismatini shu zamin, uning buguni va ertasi bilan chambarchas bogʻliq deb hisoblagan, eldoshlari quvonchini oʻz quvonchi, ular gʻamini oʻz gʻami deya his etgan vatanparvar ziyoli edi u. Moziyga qiziqishi katta boʻlgani sababini, bizningcha, shuning bilan izohlash mumkin. Ustoz Ozod Sharafiddinovning mana bu eʼtirofi ham fikrimizni tasdiqlaydi: “Suhbatdoshimga yana bir bor qoyil qoldim – men uning bilimdonligini bilar edim, ammo oʻz qishlogʻini, uning tarixini, qadriyatlarini bu qadar eʼzozlashini bilmas edim. Demak, uning yoshlik yillari shunchaki oʻyinqaroqlik bilan oʻtmagan ekan. Begali bolalik kezlaridanoq sinchkov, har narsaga qiziqadigan, har narsani tag-tugi bilan chuqur bilib olishga intiladigan odam boʻlib oʻsgan ekan”.
Vatanga muhabbat Begali Qosimov uchun hayotiy ehtiyoj edi, eʼtiqod edi. Olimning “Vatanni nega sevadilar?” maqolasidagi mana bu soʻzlar ham bu fikrni quvvatlaydi: “Vatanni sevmoq undan shunchaki quvonmoq, gʻururlanmoq emas. Uni dil-dildan anglamoq, u bilan nafas olmoq, u bilan yashamoqdir. Uni yashnatmoq, obod etmoq, u uchun kurashmoqdir. Afsuski, oʻtgan (XIX) asrning 60 yillarida Vatan bilan birga Vatan muhabbat ham bizdan tortib olingan edi. Soʻng keyingi yetmish yil davomida poyama-poya soʻndirib kelindi. Millat, Vatan tushunchalari sotsialistik mafkuraga moslab chiqildi... Sotsializm yiqilib, u bilan bogʻliq tushunchalar tumandek tarqala boshlagach, yana hamma narcha asl holida namoyon boʻla boshladi”.
Oʻzi mansub millat kechmishiga oid Gʻarbu Sharqda bitilgan sara manbalarni sinchiklab oʻrganib chiqqan olim masalaning asl mohiyatiga, ildiziga nazar soladi. Uning aniqlashicha, “MILLAT” tushunchasi bundan ikki yarim ming yil muqaddam yunon faylasufi Demokrit tomonidan qoʻllangan. Buyuk Alisher Navoiy taʼrifida esa MILLAT va DIN tushunchasi yondosh keladi. Olim bu masalaga oid Gʻarbu Sharq nazariyalariga toʻxtaladi. Jadid mutafakkirlar qarashlaridagi oʻziga xoslikka eʼtibor qaratadi, teran umumlashmalar chiqaradi.
Buyuk va shonli tarixga ega boʻlgan, asrlar osha jahon sivilizatsiyasining chorrahasida kelgan bir millatga daxldorligidan, oʻnlab ilm-fan daholari bilan bashariyat tafakkurini yoritgan, jahongir sarkardalari bilan olam xaritasiga necha bor oʻzgartirishlar kiritgan zamin farzandi ekanidan iftixor – ana shu tuygʻuning oʻziga xos talqini olim asarlaridagi fikrlarni yaxlit konsepsiya atrofiga birlashtiradi.
Olim oʻrta asrlarning mashhur adibi al-Johizning «Fazoyili atrok» (“Turkiylarning fazilatlari”) asaridan eʼtiborga molik fikrlarni keltiradi. Mana, ulardan ayrimlari: «Turkiylar bir narsani istasa, qoʻlga kiritmaguncha qoʻymaydi. Qasdlangan ishiga albatta erishadi. Lekin uncha-munchaga qasdlanmaydi. Basraning adabi, Yunonning hikmati, Chinning sanʼati turkiylar uchun besh qoʻlday maʼlumdir. Turkiylarning yuragi toza. U yurakda botil fikr, yovuz oʻy yoʻq. Ular soʻzlashgan til ham vujudlari va ovozlari kabi ulugʻvordir. Turkiylar yaltoqlanish, yolvorish, yaltiroq soʻz, munofiqlik, yolgʻonchilik, birovni masxara qilish, riyokorlik, takabburlik, qardoshiga yomonlik qilish nimaligini bilmaydi... Yomonlik va hiyla bilan boshqalarning molini olishni halol hisoblamaydi...
Turkiylar gʻoyat nomusli insonlardir. Na jangda, na tinch paytda boʻlsin, hiyla bilmaydilar, fursatdan foydalanmaydilar. Oʻzlari va soʻzlari toʻgʻridir. Ular Vatanga bogʻliq boʻlishni har narsadan ustun tutadilar... Ruhiy quvvatlari tandagi quvvatlaridan koʻproqdir. Ular oʻt-otash, sergʻayrat, sezgir keladilar. Zehnlari oʻtkir, boqishlari keskin boʻladi».
Professor Begali Qosimovning aniqlashicha, mashhur italyan shoiri «Tasso bechora» bu millatni “dushman qarshisida dov-daraxtlarni agʻdarib, olamni larzaga soluvchi boʻron”ga, doʻst huzurida “tonggi shabada”ga qiyoslagan. Yan Amos Kamenskiy “Turkiylar qahramonlardir” deb yozar ekan, ularning mehr-oqibatini alohida taʼkidlagan. “Quyosh shahri” asarining muallifi Kampanella “fikr hurriyati”ni, “vijdon hurriyati”ni baland tutuvchi “jasur va odil” turkiylar bor ekan, yolgʻiz haqiqat, adolat va hurriyat hukmronlik qiladigan “Quyosh oʻlkasi” ne uchun ertaga vujudga kelmasin!» deya yozadi.
Begali Qosimovning taʼkidlashicha, «Har bir millatning oʻz taqdiri, oʻz hayot yoʻli bor. Ular ham insonlarga oʻxshaydilar... Markaziy Osiyo xalqlari tarixi bilan shugʻullanuvchi olimlardan I.Bichurin va L.Gumilyovlarning aniqlashicha, biz mansub boʻlgan turkiy tilli xalq Xitoy solnomalarida miloddan oldingi 1756-yildan buyon uchrar ekan. Demak, tarix bizni taniganiga bu yil 3753-yil boʻlibdi». Professor Begali Qosimov bu fikrlarni mustaqillikka olti yil toʻlishi munosabati bilan 1997-yili yozgan edi. Undan keyin oʻtgan yigirma besh yilni ham hisoblasak, maʼlum boʻladiki, dunyo biz mansub boʻlgan millatni 3778-yildan buyon tanir ekan.
Begali Qosimov bunday fakt va dalillarni sanoqsiz bilar edi. Bu uning nuktadon adabiyotshunosgina emas, bilimdon tarixshunos, keng tafakkurli etnograf ham boʻlganidan dalolat beradi. Eski Misr mutaxassislaridan professor Shebestaning miloddan 2000-yil oldin maydonga kelgan Misr madaniyatida Oʻrol va Oltoydan borgan turkiylarning izlarini koʻrishi, hind-germanlarning madaniyati bilan shugʻullangan A.Nexring, V.Koppers, Flor kabi olimlarning fikricha, hindlar va germanlar ot saqlash va parvarishlashni miloddan 2500-yil oldin bizning ajdodlarimizdan oʻrgangani haqidagi olim keltirgan faktlar fikrimiz isbotidir.
Millatning millatligi tiliga koʻra belgilanadi. Shu bois ona tilimizga loqayd munosabat olimni iztirobga solgan. “Til va el” maqolasi bu jihatdan ayricha ahamiyatga ega. Mana, uni kuyintirgan holatlardan biri: “Koson yoʻlidagi ayrilishlardan birida «Abdida” degan yozuvga koʻzimiz tushdi... Nahotki, bu oʻsha ham orzu, ham armonni oʻzida jam etgan shoirona “Obidiyda” boʻlsa?! Bobolarimiz uni nega bunday “Koʻz yoshi” deb nomlagan ekanlar? Suvning bu yerlardagi qadru qimmatiga, obihayotligiga ishorami, turmush mashaqqatlarigami? Nomining oʻzini butun bir doston deysiz. Lekin yoʻl koʻrsatkichdagi loqaydlik koʻngilga soya tashladi. Unga har kuni qancha yoʻlovchining nazari tushadi. Qanchaning tilida u takror boʻladi. Balki u bu yerlarga ilk bor kelgan mehmonlar bilan “Abdida” holida boshqa yerlarga ham yoʻl olgandir... Vatanga muhabbat iymonning belgisi, deyilgan ekan. Nahot, biz uning nomiga shu qadar befarq boʻlib qolgan boʻlsak. Uni gʻajib, qovurgʻalarini sindirib aytilganda ham etimiz chatnamasa, yuragimizga larza tushmasa. Axir “nom” va “nomus” soʻzlari bitta oʻzakdanku! Qachondan boshlab nomusimizga befarq boʻlib qoldik... Bu, afsuski, birgina Obidiydaga tegishli emas. Joy nomlariga, kishi otlariga loqaydlikning bizda cheki-chegarasi yoʻq...»
Bular ayrim misollar, xolos. Olim merosidan bunday fikrlarni istagancha keltirish mumkin. Begali Qosimov domla Ahmad Yassaviy hikmatlaridan Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy merosigacha, oʻzbek mumtoz adabiyotining nazariy-metodologik muammolaridan Alisher Navoiy lirik asarlari va “Xamsa”sigacha, Furqat, Muqimiy va Kamiy sheʼriyatidan jadidchilik va jadid adabiyotigacha, ulardan zamonaviy sheʼriyat masalalarigacha tahlil va tadqiq qilgani ushbu fikrni tasdiqlaydi.
Olim jadid adabiyoti namoyandalari merosini ilmiy-nazariy jihatdan tahlil va tadqiq etdi. Jadidchilik va jadid adabiyotining umumiy va xos tomonlarini belgiladi. Rusiya va jahon taraqqiyparvarlik harakatlari bilan aloqasini aniqladi. Jadidchilikning milliy gʻoya, yangilangan ijtimoiy tafakkur shakllanishidagi milliy ozodlik, istiqlolchilik harakatlarining maydonga kelishidagi roli va oʻrnini hamda bularning oʻzbek milliy uygʻonish adabiyoti bilan oʻzaro hamkorlikdagi taraqqiyotini koʻrsatib berdi. Yangi oʻzbek (jadid) adabiyotini oʻrganish boʻyicha oʻz anʼanalari, tadqiq usullariga ega boʻlgan xalqaro miqyosda tan olingan ilmiy maktab yaratdi. “Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti” atamasini ilmiy muomalaga olib kirdi. Uning jadidchilik haqidagi tadqiqotlari chet ellarda ham eʼtibor qozondi, eʼtirof etildi. Amerika, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Yaponiya, Rossiya, Koreya, Ukraina, Afgʻoniston, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻizistonda ham asarlari chop etildi, kitoblariga taqrizlar yozildi.
Ulugʻ ustozimiz Begali Qosimov tavalludiga bu yil sakson yil toʻlyapti. Mardona tan olib aytadigan boʻlsak, bizning aksariyatimiz “Ilm – ilm uchun”, “Nazariya – nazariya uchun” deb bilamiz. Har qanday ILMDAN, har qanday NAZARIYAdan asosiy muddao – Vatan va millatga naf keltirish, jamiyat ravnaqiga xizmat qilish ekanini esa koʻpincha yoddan chiqarib qoʻyamiz. Begali Qosimov nazariy bilimlarni hayotbaxsh gʻoyalarga xizmat qildira olgan, ana shu fazilati bilan ham Vatan va millat shaʼnini yuksaltirish ishiga munosib hissa qoʻshgan ulugʻ olim edi. Yosh avlod qalbi va shuuriga Vatan va millatga muhabbat gʻoyasini singdira bilgan fidoyi muallim edi.
Inson umri cheksizlikka nisbatan qiyoslaganda, lahzaning ham necha milliarddan biriga tengdir ehtimol. Lekin boshqa yaralmishlardan farqi shundaki, u ana shu behad oz muhlatda olamga tatirli ishlarni bajarishga ulgurishi, oʻz nomini abadiyatga muhrlashi mumkin. Begali Qosimov qisqa umri davomida oʻlmas ilmiy meros qoldira bildi. Uning ilmdagi xizmatlari Prezidentimiz va mamlakatimiz hukumatining yuksak eʼtirofiga sazovor boʻlgani – Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi faxriy unvoni berilgani ham buning dalilidir. Mahmudxoʻja Behbudiyni jadidchilik harakatining karvonboshisi deb atagan professor Begali Qosimovni bugun, haqli ravishda, jadidshunosligimiz karvonboshisi edi, deya olamiz. Zero, xuddi jadidlar kabi u ham butun faoliyatini, jonu tanini Vatan va millat saodati yoʻliga bagʻishladi. Bir olim sifatida bu muqaddas ishga munosib hissa qoʻsha oldi.
Olimning oʻzi tugʻilib oʻsgan Denov qishlogʻi qabristonidagi marqadiga oʻrnatilgan moʻjaz lavhada: “Uning aziz vujudi Vatan tuprogʻiga, muqaddas ruhi esa millat qalbiga koʻchdi”, degan taʼsirli va ayni haqiqatni ifodalagan soʻzlar bitilgan. Ustoz olimning eng katta orzusi ham shu edi. Garchi foniy dunyodan baqo olamiga koʻchgan boʻlsada, olimning asarlari, ularda ilgari surilgan gʻoyalar millat qalbida shu el umri qadar yashayajakdir.
Nurboy JABBOROV,
filologiya fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Shvetsiya parlamenti Ukrainaga 600 million dollarlik harbiy yordam ajratishni maʼqulladi
- Donald Trampning hibsga olinish xavfi maʼlum boʻldi
- Rossiya Belarusda yadro quroli joylashtirishni maʼlum qildi. AQSHda xotirjamlik, Yevropa Ittifoqi esa javob berish bilan tahdid qilmoqda
- Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash toʻgʻrisida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring