Mikromoliyaviy xizmatlarga oid qonunchilik takomillashtirilmoqda

15:53 24 Yanvar 2025 Siyosat
208 0

Foto: Akmal Muhammadov, Haqberdi Asqarov / “Xalq so‘zi”

Senatning uchinchi yalpi majlisida “Mikromoliyalashtirish faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda mikromoliyalashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatilayotgan mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ammo nobank kredit tashkilotlari faoliyatiga nisbatan o‘rnatilgan ayrim cheklovlar, shu jumladan qo‘shimcha moliyaviy resurslar jalb etish imkoniyatlarining cheklanganligi mazkur tashkilotlar tomonidan keng doiradagi iste’molchilarga mikromoliyaviy xizmatlarning ko‘rsatilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu bilan birga, yetarli salohiyatga ega mikromoliya tashkilotlarining tijorat banki darajasiga bosqichma-bosqich “o‘sishi” uchun imkoniyatlarning mavjud emasligi sohaga oid qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Shu bois “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qonun bilan mikromoliya tashkilotlari va tijorat banklari o‘rtasida bog‘lovchi “zanjir”ni yaratish, shuningdek, mikromoliya tashkilotlari uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslar, shu jumladan depozit jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bank xizmatlarini ruxsat etilgan shartlar asosida ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lgan yuridik shaxs – mikromoliya banki institutini joriy qilish, mikromoliya tashkilotlarini mikromoliya banklariga va mikromoliya banklarini tijorat banklariga hamda aksincha transformatsiya qilishning huquqiy asoslari yaratilmoqda.

Qonunda mikromoliya banki tushunchasi, mikromoliya banki ustav kapitalining eng kam miqdori, mikromoliya banki belgilangan prudensial normativlarga rioya etishi, kredit tashkilotlari faoliyatini o‘zgartirishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilanmoqda.

Shuningdek, respublika hududida banklarning yoxud nobank kredit tashkilotlarining firma nomlari bilan chalkashtirib yuborish darajasidagi o‘xshash bo‘lgan firma nomlaridan foydalanish taqiqlanmoqda.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi mikromoliyaviy xizmatlar ommalashishiga, aholi keng qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishiga, undan hududlarda foydalanish ko‘lamining kengayishiga xizmat qiladi.

Muhokamadan so‘ng mazkur Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Akmal Muhammadov, Haqberdi Asqarov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер