“Metallurg” qaddi qayta tiklandi
“Metallurg” futbol klubi rasmiy ravishda qayta tashkil etildi. Klubning qayta tashkil etilishi Bekobod shahrida oʻtkazilgan tantanali tadbirda eʼlon qilindi.
“Metallurg” futbol klubi 1945-yilda tashkil etilgan edi. Oʻzbekiston futbolida koʻp yillik tarix va tajribaga ega boʻlgan ushbu professional futbol jamoasi yillar davomida Superliga va birinchi liga musobaqalarida ishtirok etib, Bekobod shahri sportida muhim oʻrin egallagan. 2002-yilda Superligada qoʻlga kiritilgan beshinchi oʻrin jamoaning eng yaxshi natijasi sifatida tarixga kirgan. Mazkur klubning qayta tashkil etilgani jamoa va mamlakat futboli tarixida muhim voqealarning biridir.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev soʻzga chiqib, jamoaning tarixi va mamlakat futbolidagi ahamiyati, qayta tashkil etilishining strategik ahamiyati haqida gapirdi. Rais nutqida “Metallurg” jamoasining nafaqat shahar, balki butun Oʻzbekiston futbolidagi oʻrnini alohida taʼkidladi, jamoaning istiqbol rejasini maʼlum qildi.
Tadbirda, shuningdek, klubning yangi bosh murabbiysi tayinlangani ham eʼlon qilindi. U jamoa tarkibi va futbolchilarni rivojlantirish boʻyicha oʻz maqsad va vazifalarini bayon qildi. Uning boshqaruvida jamoa “Proliga” darajasida ishtirok etishi va barqaror natijalarga erishishi rejalashtirilgani aytildi. Yangi murabbiy yosh futbolchilarni tarbiyalash va professional muhitni mustahkamlashga alohida eʼtibor berishini taʼkidladi.
Qayta tashkil etilgan “Metallurg” klubi faoliyatida nafaqat Oʻzbekiston balki xalqaro maydonda tanilgan isteʼdodli futbolchilar yetishib chiqishi koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, jamoa tarkibida strategik rivojlanish, legioner futbolchilar bilan ishlash va sport infratuzilmasini yanada kuchaytirish boʻyicha aniq rejalar ishlab chiqilgan.
Tadbir yakunida “Metallurg” muxlislari va jamoa xodimlariga yangi davr boshlangani, professional muhit va kelajakdagi yutuqlarga tayyorgarlik koʻrilgani eʼtirof etildi. Klubning qayta tashkil etilishi nafaqat natija, balki ilhom va professional qadriyatlarni targʻib qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
“Metallurg” nafaqat oʻz muxlislari orasida, balki butun mamlakat futbol jamoatchiligi orasida hurmat qozongan va koʻplab yosh futbolchilarni yetishtirishga hissa qoʻshgan jamoadir. Keyingi yillarda yuzaga kelgan tashkiliy va moliyaviy masalalar tufayli faoliyati vaqtincha toʻxtatgan klub oʻtgan vaqt mobaynida nomi, tarixi va anʼanalarini yoʻqotmadi. Bugungi kunga kelib, oʻz nomi va qaddini qayta tikladi.
Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring