Men seni koʻksimga bosay, jon qushim

21:18 06 Fevral 2022 Madaniyat
1415 0

Foto: Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmati

Shu kunlarda taniqli shoir, tarjimon Tursun Ali tabarruk 70 yoshga kirdi. Sarbast, sochma turkumidagi sheʼrlari, dostonlari bilan oʻziga xos uslub yaratgan ijodkorning “Zangori ovoza”, “Yurakdagi soʻzlar”, “Yorugʻ kunlar”, “Iztirob ostonasi”, “Tun tovushi”, “Yolgʻizim”, “Uygʻoq sukunat”, “Tuygʻular rangi”, “Sokin hayqiriq”, “Oy yaprogʻi”, “Gullayotgan yurak” kabi sheʼriy toʻplamlari adabiyot muxlislari mehrini qozongan. Shoirning “Smena” jurnalida turkum sheʼrlari, “Granat” (rus tilida) almanaxida, Ozarbayjonda (ozar tilida) toʻplamlari chop etilgan. Shuningdek, uning sheʼrlari ingliz, tojik, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.

Tursun Ali tarjimon sifatida ham faoliyat koʻrsatib, xitoy, yapon, rus sheʼriyati namunalarini oʻzbek tiliga oʻgirgan.

Shoir keyingi yillarda samarali ijod qilmoqda. Yaqinda matbuotda eʼlon qilingan “Vatan kengliklari” dostonida mamlakatimizda yuz berayotgan oʻzgarishlar, insonlar tafakkuridagi yangilanishlar falsafiy mushohada etilgan.

Ijodkorga yuksak ijodiy marralar sari dadil ildamlayverishini tilaymiz!

HURRIYAT

Kel, jon qushim, jonim qushim, kel,

seni bosay suyib koʻksimga.

Momiq patlaringni silay entikib,

ey, qanotlari qonli,

yuragi dogʻli,

uzun umri qafasda kechgan qushim,

kel, bagʻrimga bosay,

koʻnglimni boʻshatib olay.

Oh, seni ozod koʻrolmay ketganlar haqqi,

sening biyron sayrashingni tinglolmay

oʻtganlar haqqi,

men seni koʻksimga bosay, jon qushim.

* * *

Quyoshga qaragan yoʻl,

unda izlar koʻp.

Ilon,

Kalamush izlari.

Boʻri,

qoʻy izlari.

Qon,

faryod,

karvon izlari.

Quyoshga qaragan yoʻl,

Unda izlar koʻp.

Turfa rang.

Oq,

qora,

qizil,

chipor.

Quyoshga qaragan yoʻl,

Unda izlar koʻp.

Qabih,

yaltoq,

manfur izlarni

borar bosib,

yuragimda yastangan

adolat,

vijdon,

xaqiqat izlari.

* * *

Oʻz yoʻlimdan boraman tanho,

Manzilim ham koʻrinar elas.

Yiroqlardan unsiz bir sado,

Chaqiradi,

Undar har nafas.

Oʻz yoʻlimdan boraman maʼyus,

Taʼqib etar yarador kuchuk.

U ortimdan kelar izma-iz,

Bilmam, kuchuk ergashar nechuk?

Oʻz yoʻlimdan boraman maʼyus,

Tevarakda odam yoʻq, jimjit.

Akillagan kuchuk uzmas koʻz,

Yuragimni qurshagan sukut.

Oʻz yoʻlimdan boraman, yohu,

Va oʻzimga beraman taskin.

Oqsoq kuchuk, menga hamroh u,

Zadalangan dil quvnar, lekin...

Oʻz yoʻlimdan boraman tanho.

Tursun ALI

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?