“Men kambagʻal emasman…”

15:05 16 Sentyabr 2024 Jamiyat
262 0

— Ey, joʻra, bu gapni qaydan eshitding, kim aytdi meni kambagʻal deb? Axir mendayam kuch bor, quvvat bor! Yur buyoqqa, ana qara, ariqda suzib yurgan oʻrdaklarning hammasi meniki! Bu tovuqlar ham. Qoʻy-qoʻzilarimni koʻr! Bodom, olma, shaftolining hosili zoʻr boʻldi bu yil. Bu nimaning hisobiga? Albatta, peshona ter bilan yaratilgan. Mehnat qilgan odam hech qachon kam boʻlmaydi. Buni oʻng va soʻl qulogʻing bilan eshitib ol!

Doʻstining bu gapini eshitib, Sanaqul ota koʻzini olib qochdi. Goʻyo yer yorilmadi, yerga kirib ketmadi. Keyin asta dedi:

— Mardonboy, sen xafa boʻlma, shu mahallada rais seni ham kambagʻallar roʻyxatiga kiritganini koʻrib qoldim. Shunga…

— Nima! Hali shunaqami? Bir koʻray oʻsha raisni, nega meni roʻyxatga kiritadi? Shuncha mehnat qilib, endi kambagʻal boʻlib qoldimmi? Mendayam or bor, nomus bor!

Mardonboy ota ayoli olib kelgan choyni obdan qaytarib, doʻstiga bir piyola uzatdi. Oʻzi ham issiq koʻk choyni hoʻplar ekan dedi:

— Kambagʻallar yoʻq emas, bor. Lekin shu oʻzini bechora koʻrsatayotgan toʻrt muchasi sogʻ odamlar ham yoʻq emasda. Ularga ish yoqmaydi. Salqin choyxona, ogʻizga yoqadigan taom va bir-ikkita ulfatlar boʻlsa bas! Na oilani, na roʻzgʻorni oʻylaydi. Xotin bechora bolalarni qanday boqaman deb birovlarning uyida ishlaydi. Er esa uyga kelib xotinga oʻshqiradi. Ishlagani ish yoʻq, deydi. Kattagina tomorqa esa ajriq bosib yotadi.

— Endi joʻra seniyam tushunaman, ishlamasang tura olmaysan, ketmoning quyoshda yaltiraydi, — dedi Sanaqul ota. — Topganing halol. Bilaman, sen qancha ishlasang, shuncha tetiklashib boraverasan. Eshitgan chiqasan, kambagʻallikni qisqartirish umumxalq harakatiga aylanibdi. Albatta bunda biz keksalar ham ishtirok etamiz-da. Masalan, seni olaylik, shuncha kuch-gʻayratni qaydan olyapsan, seni mehnat qilishga nima undab turadi? Shularni kambagʻal oilalarga gapirib berishing kerakda.

— Ha, eshitdim doʻstim, — Mardonboy ota tengdoshining fikrlarini maʼqulladi. — kambagʻallikni pul tarqatish bilan tugatib boʻlmaydi, deyildi oʻsha yigʻilishda. Yana bir gap. Kambagʻal oilalarning 35 foizi qoʻlida hunari yoʻq, ishga layoqati yoʻq ekan. Ularni baʼzi korxonalar shuning uchun ishga olmaydi-da. Yana bir raqamni eshitib, hayratlandim. kambagʻal oilalarning 83 foizida kattagina tomorqasi bor ekan. Toʻgʻri ularda suv va elektr muammosi yoʻq emas. Qalovini topsa qor yonadi, ishlash kerakda. Ammo shu yigʻilishda Prezidentning bir gapi juda yoqdi menga. “Odamlarga qancha yordam bermaylik, mahallalar sharoitini yaxshilamasak, kambagʻallik qisqarmaydi” dedi. Kelgusi yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish uchun 1,6 milliard dollar ajratiladigan boʻldi. Suv nasoslari, quyosh batareyalari, elektr, yoʻl, internet uchun ishlatiladi bu mablagʻ.

— Shuncha pul, mahallalarga! — ajablandi Sanaqul ota. — Bu zoʻr-ku! Endi qishloqlarga fayz kirar ekan-da. Tomorqalar ham yashnaydi. Bozor toʻkin boʻladi, bozor. Shunisi muhimda, joʻra.

— Shu gapingga bir narsa yodimga tushib ketdi, — doʻstining gapini boʻldi Mardonboy ota. — Tunov kuni shaharga tushuvdim. Nabiram ham 12 qavatda yashar ekan. Chiqdim. Lekin u qayoqqadir ketgan ekan deng. Shunda qoʻshnisi meni uyiga taklif qildi, “dam olib turing, yoʻlda toliqqansiz” dedi. Yaxshi odam ekan. Uyiga kirdim-u ogʻzim lang ochilib qoldi. Bilasanmi, goʻyo uyga emas, boqqa kirganday boʻldim. Xonalarning hamma tomonida gul oʻsib yotibdi. Baʼzilari shiftga yetgan. Buyam mayli, balkonda limon pishib turibdi. Balkonning bor boʻyi tuvakda limonlar bilan toʻldirilgan. “Doʻxtir limonzorda nafas oling degan edi, limonzorni shu yerga olib keldim” deydi uy egasi. Mana buni innovatsiya desa boʻladi. Yana-chi, ular bosh piyoz bor-ku, uni artganda tomir tomonini tashlab yuborishmas ekan. Yashikka solingan tuproqqa piyozning tomir tomonini ekib, suv quyishar ekan. Piyoz oʻsib yotibdi. Koʻkat oʻzlaridan chiqyapti. Mana yana bir innovatsiya!

— Endi sen hamma koʻpqavatli uyda yashovchilar balkonni limon yetishtirsin demoqchimisan?

— Yoʻq, bu xayolimga ham kelgani yoʻq. Aytmoqchimanki, hamma narsani eplasa boʻlar ekan. Baʼzilar tomorqasi, imkoniyati boʻla turib, qilolmagan ishni, bir odam balkonda amalga oshirayotganiga qoyil qolganimdan aytdim-da, senga. Eplasang changalda shoʻrva, degani shu-da, joʻra!

— Ey, darvoqe, yigʻilishda hokim, hokim oʻrinbosarlari xalq ichiga kirmayotgani tanqid qilindi. Qanday kelsin, ularning vaqti yoʻqda. Masalan, bizning mahallaga hokim biror marta boʻlsin, kelgani yoʻq. Holing qanday deb mendan emas boshqalardan soʻrasin. Beva-bechoralarga qarashsin! Kambagʻal odamlarga yordam bersin!

— Aytmoqchi, sen ham bu yilgi hosilning yarmini odamlarga tarqatibsan, deb eshitdim, toʻgʻrimi?

— Endi bilasan, shu el bizga qadrdon. Topganimizni odamlar bilan baham koʻramizda. Ularga bersang, qaytadi, pul boʻlib emas, rahmat boʻlib qaytadi. Oltin olma duo ol, duo oltin emasmi, degan maqol bekorga aytilmagan, joʻrajon.

— Xoʻp omon boʻl, men boray, kelin sigir sogʻadigan vaqt boʻldi. Nevaralarga qaray, bedanaga xoʻrak berish kerak, qoʻshni kampirning sal mazasi yoʻq, unga ovqat chiqaray. Hademay kichkina nevara maktabdan keladi, darslariga qarashay, parnikdan gul uzay, bugun ayolimning tugʻilgan kuni…

Faxriddin BOZOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?