Mehnatning noni shirin

13:10 21 Oktyabr 2024 Jamiyat
218 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Koʻksaroyda Mustaqillikning oʻttiz uch yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillariga faxriy unvonlar, orden va medallar topshirayotganlarida ehtiromga loyiq koʻrilganlar safida Nurota tumani “Avazsoy” MFYdagi Oqtepa qishlogʻida istiqomat qiluvchi 92 yoshli Musurmon Hamidovni ham koʻrib, toʻlqinlanib ketdim. “Nurota agropilla” MCHJ xodimi boʻlgan bu inson “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan pillachi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Yaqinda bir bahonayu sabab Toshkentdan qishloqqa borib, “xizmat koʻrsatgan pillachi”ning suhbatini oldim. Ruhi tetik, qadamlari dadil, xotiralari tiniq, qaddi tik, toʻqson yoshdan oshgan boʻlsalarda hatto qoʻllariga haligacha hassa olmagan. Bunday belgilar koʻpincha ochiq havoda mehnat qilib chiniqqan nuroniylardagina boʻlishiga amin boʻlganman. Musurmon bobo ana shu toifadan. Undaylar gapirsalar ham borlab gapiradi, sodda va samimiy gapiradi.

Prezidentimiz bilan boʻlgan uchrashuvlarini shunchalik tiniq hikoya qildilarki, quvvai hafizalariga havasim keldi:

— Mehnatkashni qadrlar ekanlar. Mukofotlanganlardan kim bilan suhbatlashmasin, har birining mehnati, xizmati va jamiyatda tutgan oʻrnidan ravshan xabardorliklaridan hayratga tushdim. Samimiy va ochiq inson ekanlar. Qoʻllarini tutar ekanman,chehram ochilib xalqimiz nomidan salom yetkazganimda yuzlariga tabassum yoyildi hamda Nurota va Gʻozgʻonga taʼrif berib, ertasi yanada obod boʻlishini qoʻllarimni tutganlaricha bayon etdilar. Quvonib ketdimki, yurtimiz haqida xayrlik rejalari bor ekan.

Mendek oddiy bir qishloq odamiga koʻrsatilgan iltifotdan yosharib ketdim. Nasib etsa hali koʻp yillar pilla qurti boqib, berilgan mukofotni oqlash yoʻlida chinakamiga oila aʼzolarim bilan hamjihat ter toʻkamiz.

Musurmon bobo mehnat uchun tugʻilgan insonlar jumlasidan ekanligini yaxshi bilaman. Qaysi soha boʻlmasin ham terlab ishlagan, ham halol ishlagan. Orqasidan ortiqcha soʻz chiqarmagan, noni but odam. Bu hislatlarlari otasi Hamid bobo va onasi Rahima momodan yuqqan, deyishadi el -ulus.

Yetti yillik maktabni tamomlagach, traktorchilik, choʻponlik, dehqonchilik qilgan. 1976-yildan 2011-yilgacha qishloq, boʻlim brigadiri sifatida dehqonlarga, pillakorlarga bosh boʻlgan. Qoʻlidan ketmonini tushirmay, umr yoʻldoshi Rohatoy momo bilan Nozbotir sarhadiga 7 gektar maydon boʻylab soydan nasos bilan suv chiqarib, qoʻlda 32 ming tup tut koʻchati oʻtqazgan.

Bu jasorat talab etadigan ish edi. Atrof toʻla chorva ekani bois tutzorni qoʻriqlash oson boʻlmasdi. Toʻsiqlar bilan oʻrab, navbati bilan qoʻriqchilik qilishardi. Negaki, pilla boqib, undan daromad olish shunday mehnatni talab etardi.

Musurmon bobo oila ahli bilan 60-yildan buyon pilla qurti boqib keladi. Oʻtgan davrda yetishtirgan pillasini qay darajada xirmon boʻlishini tasavvur etishingiz uchun, bu yil ikki qutidan oshigʻroq urugʻdan 200 kilogramm sifatli pilla yetishtirganini eslash kifoya.

Suhbatimiz adogʻida unutilmas onlarini mavrudi kelib, yana zavqu mamnuniyat bilan esladilar:

– Yurtboshimiz koʻksimga nishonni taqib qoʻyganida beixtiyor toʻlqinlanib ketdim. Qoʻlimni eng yaqin odamiday siqib, shaʼnimga dil soʻzlari aytganida bolalardek hayajonlandim. Ha, shunday, Mustaqillik xalqimizga nima bergani har qadamda sezilayotir. Buni his qilish chinakam baxt emasmi? Faqat bir armonim, bu kunni ayolim Rohatoy koʻrolmadi. Bu unvonning teng yarmini uniki, deb bilaman.

Chippa-chin aytsam, taqdirlov butun oilamiz aʼzolariniki, deb bilaman. Chunki, oʻzbekona aytilganda “Bir yoqadan bosh chiqaramiz” Sidqidildan mehnat qilishga oʻrganganmiz. Barg masalasi qurt chillabarkka oʻtirganda qanday kechishini har bir pilla boqqan yaxshi biladi. Bir oylarcha maromli uyqu boʻlmaydi. Mehnatiga chidaganmiz, rohatini ham koʻrganmiz va koʻrayotirmiz. Hozirda bu soha yanada mehnat talab boʻlgan.

Ilgarilari qishloqlar va togʻ oralarida tutzorlar boʻlardi. Yuzlab oilalar har mavsumda pilla boqardi. Hozirda ota-bobodan meros katta tutlar deyarli qolmagan, oʻtinlikka kesilib ketgan. Endi ularni tiklab boʻlmaydi, ammo hududlarda yer osti suvlaridan foydalanib, tutzorlar barpo qilish uchun keng imkoniyatlar bor. Bunga ozgina eʼtibor va harakat kerak, xolos. Muhimi, mahalliy sharoitdan kelib chiqib, ish tutilsa, ota-bobolar tajribasiga tayanilsa, barchasini amalga oshirsa boʻladi. Chunki suv oqqan ariqdan yana suv oqaveradi...

Xullas, uchrashuv va suhbatdan, elimizda shunday insonlar borligidan xursand va mamnun boʻldim.

Suyundik Mustafoyev, Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?