Mehnatning noni shirin

16:27 04 Avgust 2023 Jamiyat
633 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Kambag‘allikni qisqartirish, aholini daromadli ish bilan ta'minlash xususida gap ketganda, ko‘z o‘ngimizga Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi Qanjirg‘a qishlog‘ida yashovchi Adhamjon Hoshimov gavdalanadi. Chunki u mehnatsevarligi, davlatimiz tomonidan tomorqachilarga yaratib berilayotgan imtiyozu yengilliklardan unumli foydalanganligi tufayli kambag‘allikdan butkul xolos bo‘lib, qishlog‘idagi badavlat kishilardan biriga aylandi.

Adhamjon Hoshimov bir paytlar davlat xo‘jaligida oddiy ishchi bo‘lgan. Yerlar fermerlarga bo‘lib berilgach esa ishsiz qoldi. Lekin mahalla idorasiga najot so‘rab borgani yo‘q. Birovga ro‘zg‘orim nochor deb aytgani ham yo‘q. Bu yurtda mehnat qilgan kam bo‘lmasligini amalda namoyon etdi. Xoh, ishoning, xoh ishonmang, topganlarining hammasi 15 sotix tomorqasidan kelgan. “Tomorqa — xazina” deyilsa-da, uni amalda ko‘rsata olish hazilakam ish emas. U kambag‘allikdan badavlatlikkacha bo‘lgan mashaqqatli yo‘lni mehnatsevarlik bilan bosib o‘tdi.

Bu haqda uning fikrlari bilan qiziqdik.

— Eng avvalo, odamning o‘zida intilish bo‘lishi kerak, — deydi Adhamjon Hoshimov. — Intilish kuchli bo‘lsa, tajriba va bilim ham oshib boraveradi. Bo‘lmasa, men ro‘zg‘orini zo‘rg‘a tebratib yurgan oddiy ishchi edim. Maqtanyapti demangu, hovlida turgan ikkita “Lacetti” va yana “Damas” avtomobilini peshona teri evaziga topganmiz. Uy-joyimiz badastir, turmushimizda kam-ko‘st yo‘qligi, farzandlarimizning oliy ma'lumotli bo‘lishi ham mehnatimiz samarasi.

Gohida ba'zi kishilar nolib, “kambag‘allik peshonamizga yozilgan taqdir, undan qutilib bo‘lmaydi” deyishadi. Adhamjon Hoshimov bu gapga qo‘shilmaydi. Davlat tomonidan yaratib berilgan imtiyozlardan unumli foydalanib, har qanday oddiy odam ham badavlat kishiga aylanishi mumkin” deydi u.

— 15 sotix tomorqamizning hammasini issiqxonaga aylantirganmiz, — deydi mirishkor. — Oddiy bir misol: bu yil Koreya texnologiyasi asosida markazlashgan 6 sotixlik issiqxona qurib, 2,5 ming tup pomidor ko‘chatidan yaxshigina hosil uzib olyapmiz. Nasib etsa, daromadimiz 100 million so‘mdan oshadi. Boringki, shundan 20 millionini xarajatga chiiarib tashlasak, 80 million so‘m sof foyda!

Bundan tashqari, 9 sotix issiqxonadan esa 350 ming tup karam ko‘chati yetishtirib sotdik. Shuning 250 ming donasini hamkor fermer xo‘jaliklarga donasini 600 so‘mdan pulladik. 100 ming tupini o‘zimiz ochiq dalaga o‘tqazib, har yilgidek, o‘rtacha 200 tonna atrofida karam uzib oldik. Xarajatlarlardan tashqari joriy yilda 600 million so‘m daromad kelishi kutilmoqda.

“Eshitishimizga qaraganda, karam xorijga eksport qilinayotgan ekan”, so‘raymiz undan.

— Biz nima ish qilsak, davlat qo‘llab-quvvatlayapti, shunisiga shukur, — deydi u. — Karamni har yili rossiyalik hamkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotayapmiz. Telefondan “karam tayyor” deyishimiz bilan ular darhol yetib kelishadi. Qishlog‘imiz aholisi yetishtirgan karam bir necha “fura”ga joy bo‘ladi. O‘tgan yili o‘zim 20 ming dollarlik karam eksport qildim. Ammo aytib qo‘yay, dehqonchilikka ham ilm, tajriba, mablag‘, eng asosiysi, qunt va sabr-bardosh kerak. Davlat rahbari ham aytayaptiku, “Andijonda 3 sotix joy qilib olsa, ular millioner” deb. Chunki halol mehnat bilan topilgan non shirin bo‘ladi.

To‘g‘ri, yer — xazina, lekin har doim ham uning qadriga yetyapmiz, deya olmayman. Bizdayam tomorqasiga makka ekkan, beda sochib qo‘ygan kishilar bor. Bu ish emas-da. Payti keladi, ya'ni ular bir narsaga muhtoj bo‘lguday bo‘lsa, tipirchilab qolishadi. Keyin boshlanadi: “shuncha pul berib turing”, “qarz bering”... Shunda men ularga tomorqani gullatib qo‘ysanglar, daromad o‘zi keladi, deyman. Lekin ularda vaj-karson ko‘p. Vaholanki, yerga mehr bersang, u ham bag‘rini ochadi...

“Bir yoki ikki sotix issiqxonadan ham yaxshi daromad olib, ro‘zg‘or tebratsa bo‘ladimi?” degan savolimizga omilkor dehqon shunday javob beradi:

— Albatta bo‘ladi. Masalan, biz 6 sotixli issiqxonani bu yil qurdik. Ko‘mir orqali isitamiz. Bu yil vodiyda qish oyida 15-17 daraja sovuq bo‘ldi, shunday sharoitda ham issiqxonada harorat 10 daraja iliq holda bo‘lishini ta'minladik. Biz issiqxonada oila a'zolarimiz hamjihatlikda ishlaymiz. Ikki qiz, ikki o‘g‘lim bor. Qizlarni uzatganmiz, o‘g‘lim harbiy, kelinim o‘qituvchi. Bir o‘g‘lim talaba, Farg‘ona davlat universitetida o‘qiydi. Ular ham bo‘sh vaqt bo‘ldi deguncha yordamga shoshadi. O‘rta hisobda 6 sotixdan 100 mln. so‘m daromad qilsak, demak, 2 sotixdan kamida 15-18 mln. so‘m olsa bo‘ladi.

Xullas, Toshloq tumanida Adhamjon Hoshimov kabi mohir tomorqachilar juda ko‘p. Ular tomorqadan yiliga uch-to‘rt marotaba hosil olib, yerning xazina ekanini amalda isbotlab kelishayotir. Tumandagi “Qanjirg‘a” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 739 ta xonadon bo‘lib, ular tomorqalarida 400 dan ortiq ixcham va tejamkor, asosan, tabiiy usulda isitiladigan issiqxonalar barpo etilgan. Eng muhimi, bu yerda “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyiliga amal qilinib karam yetishtirilayotgani bois, mahsulotni xorijga eksport qilishda qulay imkoniyat yaratilgan.

Faxriddin BOZOROV, "Xalq so‘zi".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер