“Mehmondoʻst Shandunning sifatli mahsulotlari”

16:08 07 Sentyabr 2023 Jamiyat
477 0

Avval xabar berganimizdek, Xitoy Xalq Respublikasining bir qator provinsiyalari vakillari yurtimiz ahli bilan doʻstona uchrashuvlar oʻtkazishmoqda. Yaqinda Samarqand viloyati va Shandun provinsiyasi vakillari oʻrtasida uchrashuv va forum boʻlib oʻtdi. Tadbir “Mehmondoʻst Shandunning sifatli mahsulotlari” deb nomlangan koʻrgazma bilan boshlandi.

Forum ochilish marosimida soʻzga chiqqan Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va Xitoy Xalq Respublikasining Shandun provinsiyasi partiya qoʻmitasi kotibi Lin U hududlar oʻrtasidagi hamkorlik qadimda ishbilarmon doira vakillari tomonidan amalga oshirilganligini taʼkidlab, bugungi kundagi manfaatli aloqalar har ikki tomon tadbirkorlarining oʻzaro hamkorligiga bogʻliq ekanligini qayd etishdi. Shu bois, forum doirasida belgilangan muloqotlarda har ikki tomon vakillari faol boʻlib, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarni amalga oshirishlari lozimligini taʼkidlashdi.

Shundan soʻng ikkala tomon vakillari Samarqand viloyati va Shandun provinsiyasining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati hamda turistik va investitsiyaviy imkoniyatlari aks etgan taqdimotlarini namoyish etib, takliflarini oʻrtaga tashladilar.

Tadbir davomida ikki tomonlama hamkorlikka oid qator kelishuvlar imzolandi. B2B koʻrinishidagi muloqotlar davomida ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida qator loyihalar muhokama qilindi. Unda tadbirkorlar oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, amalga oshiriladigan qoʻshma loyihalarning samaradorligini oshirish borasida oʻzaro fikr almashib, kelgusi vazifalarni belgilab olishdi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, 2 — 3-sentyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi partiya qoʻmitasi kotibi Chjao Ide boshchiligidagi delegatsiya ham Samarqandda boʻlib, muloqotlar oʻtkazgandi. Unda Samarqand hamda Shensi oʻrtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari borasidagi qator takliflar oʻrtaga tashlanib, ikki tomonlama hamkorlikka oid memorandumlar imzolangan edi. Uchrashuvlar davomida Shensi provinsiyasining kambagʻallikni qisqartirish, sanoatni rivojlantirish borasidagi tajribasini viloyatning Qoʻshrabot va Payariq tumanlarida joriy etish koʻzda tutilgan. Bu kabi uchrashuvlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер