Markaziy va Janubiy Osiyo: unutilgan bogʻliqlikni tiklash sari qadamlar

18:33 19 May 2025 Siyosat
180 0

Maʼlumki, 2025-yilning 19-21-may kunlari Termiz shahrida “Tinchlik, doʻstlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusiga bagʻishlangan Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik boʻyicha Termiz muloqotining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Ushbu uchrashuvda dunyo siyosatining diqqat markaziga aylanib borayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari tashqi siyosiy idora vakillari bilan birga BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari, MDH, SHHT, OHICHK hamda sohalar boʻyicha yetuk mutaxassislar hamda ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Markaziy va Janubiy Osiyo azaldan ishonchli savdo yoʻllari orqali bogʻlangan, Yaqin Sharq, Yevropa va Xitoy mamlakatlari uchun koʻprik vazifasini oʻtagan. Ushbu hududdagi xalqlar tarixiy va sivilizatsiyaviy umumiylikka ega boʻlib, oʻtmishda ular umumiy davlat tuzilmalari, shuningdek, yagona siyosiy, iqtisodiy va gumanitar makon boʻlib kelgan. Ikki mintaqa oʻrtasidagi aloqalar koʻp asrlar davomida koʻplab migratsiya oqimlari, jadal savdo almashinuvlari, ilmiy gʻoyalarning tez tarqalishi va madaniy oʻzaro taʼsir bilan mustahkamlangan.

Hududlarda zardushtiylik, hinduiylik, buddaviylik va islom dinlarining tarqalishi, oʻziga xos xalq urf-odatlari tufayli oʻziga xos etnomadaniy birliklar shakllanib, insoniyat tarixida chuqur iz qoldirgan.

Ushbu hududda yashagan xalqlarning oʻtmishda Baqtriya va Kushon podsholigi, Turk xoqonligi, Xuroson va Movarounnahr, Gʻaznaviylar, Temuriylar, Boburiylar kabi umumiy davlatlar tarkibida yashaganligi tarixiy, madaniy va siyosiy jihatdan rivojlanishiga ulkan taʼsir koʻrsatgan. Umumiy urf-odatlar, anʼanalar, aholining turmush tarzi, bayramlar shakllanib, fors, turk va arab tilidagi maʼnaviy boyliklar yaratilgan. Buxoro, Samarqand, Termiz, Balx, Xirot, Gʻazna, Agra, Dehli kabi oʻrta asr shaharlari ilm-fanning umumiy markazlari boʻlgan.

Mustamlakachi davlatlarning oʻzaro raqobati Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlarining uzoq yillar davomida shakllangan anʼanaviy aloqalari, savdo, madaniyat almashinuviga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Janubiy Osiyoda savdo-iqtisodiy aloqalar oʻzgardi, mahalliy taʼminot zanjirlari, yirik sanoat va iqtisodiyot tarmoqlari mintaqaviy boʻlmagan taʼminotga bogʻliq boʻlib qoldi. Mazkur voqealar Janubiy va Markaziy Osiyo anʼanaviy madaniy aloqalarini zaiflashtirdi.

Bugungi kunga kelib esa mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotgan mavjud muammolarni birgalikda hal qilish mamlakatlarining ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy rivoji uchun muhim omillardan biridir. Shu sababli ularning bir-birlari bilan tarixiy yaqin aloqalarini qayta yoʻlga qoʻyishning dolzarbligi ortib bormoqda. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha Termiz muloqoti tashkil etilmoqda.

Muloqot uchun tanlangan joy bu shaharning geostrategik joylashuvi, Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida, yaʼni mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlikning yoʻllari kesishgan nuqtada joylashganligi bilan bogʻliq. Xususan, Termiz azaldan savdo, iqtisodiyot, hunarmandchilikning jozibador markazi, Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan mintaqalari oʻrtasidagi bogʻlovchi nuqta boʻlib kelgan. Shu sababdan shaharni geosiyosiy nuqtayi nazardan Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi “tabiiy koʻprik”, tarixiy joylashuvi va madaniy merosi orqali mintaqa xalqlarini yaqinlashtirish uchun eng maqbul maskan, deb hisoblash oʻrinlidir.

Hozirgi kunda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari global ahamiyatga ega hudud boʻlib, aholisi 2 milliarddan ortiq va ulkan taʼlim salohiyatiga ega. Mintaqada demografik oʻsish yuqori, aholining katta qismi yoshlardan iborat boʻlib, intellektual salohiyatni roʻyobga chiqarish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud. Janubiy Osiyo davlatlarining aholisi 2 mlrd atrofida boʻlsa, Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy aholisi taxminan 82 million kishini tashkil etmoqda va ularda aholi yil sayin oʻsib bormoqda. Mamlakatlar savodxonlik darajasi boʻyicha nomutonosiblikni koʻrish mumkin. Masalan, Markaziy Osiyodagi jahonning yetakchi davlatlari qatorida, kattalar oʻrtasida oʻrtacha savodxonlik 99 foizni tashkil etishi bilan izohlansa, Janubiy Osiyoda savodxonlik darajasi oʻrtacha 74 foizni tashkil etadi.

Taʼlim sifatining notengligi, maktabgacha va oliy taʼlimga yetarli qamrovning mavjud emasligi, ayniqsa, qiz bolalar va chekka hududlardagi aholi oʻrtasida taʼlim imkoniyatlarining kamligi dolzarb muammolardan sanaladi. Janubiy Osiyoda yoshlar ishsizligi yuqori darajada saqlanib turibdi, ayrim davlatlarda bu koʻrsatkich 40 foizdan oshib ketgan. Shu bilan birga, ayollar ish bilan bandligi koʻrsatkichi ham jahon boʻyicha eng past darajalardan biridir. Bundan tashqari, taʼlim tizimlarining infratuzilmasi yetarlicha rivojlanmagan, mutaxassislar yetishmasligi va oʻqituvchilarning malakasi ham qator muammolarni keltirib chiqaradi.

Shu jihatdan qaraganda, fan va taʼlim sohasidagi hamkorlik dolzarb boʻlib bormoqda. Raqamlashtirish va geosiyosiy beqarorlik sharoitida ilmiy hamkorlik akademik doiralar oʻrtasida muloqotni davom ettirishga imkon beradi. Shu bilan birga, cheklangan akademik mobillik va ilmiy jamoalar oʻrtasidagi muvofiqlashtirishning zaifligi davlatlarning fan, innovatsiya va texnologiyalar sohasidagi salohiyatini rivojlantirishga sezilarli darajada toʻsqinlik qilmoqda.

Shu munosabat bilan qoʻshma tadqiqotlar va innovatsiyalarni, ilmiy va oʻquv amaliyotlarini tashkil yetishni, tajriba almashish dasturlarini, startaplar va tanlovlarni ishlab chiqishni ragʻbatlantirish zarur.

YUNESKO shafeligida ilmiy va ilmiy almashinuvlarning qoʻshma dasturini qabul qilish dolzarb boʻlib bormoqda. Shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlaridagi universitetlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasida onlayn platformani ishga tushirish zarur.

Bu ilmiy diplomatiyaning barqaror mintaqaviy tarmogʻini yaratishga, taʼlim va texnologiyalar sohasida umumiy kun tartibini shakllantirishga, shuningdek, yagona ilmiy makonning paydo boʻlishiga yordam beradi.

Yuqoridagi qadamlar ilmiy diplomatiyani rivojlantirish uchun kuchli vosita boʻlib xizmat qiladi, bu yesa ikki mintaqa mamlakatlari oʻrtasida hamkorlik qilish imkonini beradi.

Markaziy va Janubiy Osiyodagi intellektual resurslarni uygʻunlashtirish, taʼlim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish va taʼlim sifatini yaxshilash boʻyicha hamkorlik platformalarini rivojlantirish mintaqa kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. Demografik salohiyatni inson kapitaliga aylantirish har ikki mintaqa uchun ham barqaror taraqqiyot, iqtisodiy oʻsish va global raqobatda munosib oʻrin egallashning asosiy sharti hisoblanadi. Shu munosabat bilan mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida taʼlimni rivojlantirish, turli mamlakatlarda tajriba almashish va oʻqitish uchun sheriklik aloqalarini rivojlantirish juda dolzarb hisoblanadi.

Mintaqadagi davlatlar jumladan, Hindiston va Janubiy Osiyoning boshqa davlatlari soʻnggi oʻn yilliklarda ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida jahon hamjamiyatida tobora sezilarli oʻrin egallab bormoqda. Ayniqsa, Hindistonda axborot texnologiyalari, aeronavtika, dori-darmon ishlab chiqarish va sunʼiy intellekt kabi sohalar jadal surʼatlarda rivojlanmoqda. Masalan, “ISRO” — Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti 2014-yilda Mars orbitasiga sunʼiy yoʻldosh chiqargan birinchi Osiyo mamlakati sifatida tarixga kirgan. 2023-yilda esa “Chandrayaan-3” loyihasi doirasida Oy yuzasiga muvaffaqiyatli qoʻnish amalga oshirildi. Bu natijalar mamlakatning ilm-fan sohasidagi mustaqil va innovatsion imkoniyatlarini namoyon etadi.

Axborot texnologiyalari sohasida esa Hindiston dunyodagi eng yirik IT autsorsing markazlaridan biriga aylangan. Bangalor, Haydarobad, Pune va Chennay kabi shaharlar Google, Microsoft, Amazon, IBM, Oracle va boshqa koʻplab transmilliy korporatsiyalarning asosiy markazlari joylashgan hududlarga aylangan. Mamlakatda har yili texnik va texnologik sohalarda millionlab mutaxassislar tayyorlanmoqda. Hindistonda oliy taʼlim muassasalari orasida Indian Institutes of Technology (IITs) va Indian Institutes of Science (IISc) kabi nufuzli ilmiy markazlar mavjud boʻlib, ular dunyo reytinglarida ham yuqori oʻrinlarni egallamoqda. Aytish joizki, mamlakatda sunʼiy intellekt, biomuhandislik, kvant hisoblash va kiberxavfsizlik kabi sohalarda ilmiy tadqiqotlar keng quloch yoygan.

Pokistonda ham ilm-fan sohasida ilgarilash kuzatilmoqda, ayniqsa yadro energiyasi va harbiy texnologiyalar sohasida salohiyat yuqori darajada. Mamlakatning ilm sohalaridagi taraqqiyotida “COMSATS” universiteti va “Pakistan Institute of Engineering and Applied Sciences” (PIEAS) kabi markazlar muhim oʻrin tutadi. Ayniqsa, IT va kiberxavfsizlik sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida davlat miqyosida dasturlar qabul qilinmoqda.

Bangladeshda toʻqimachilik va yengil sanoat bilan bir qatorda axborot texnologiyalari ham taraqqiyot yoʻlidan bormoqda. Mamlakatda “Digital Bangladesh” strategiyasi asosida elektron hukumat, raqamli va masofaviy taʼlim, onlayn xizmatlar keng joriy etilgan. 2021-yilda Bangladeshda 120 dan ortiq IT parklari tashkil etildi va bu mamlakatning raqamli iqtisodiyotga oʻtishdagi intilishini namoyon etadi.

Afgʻonistondagi ilmiy va texnologik salohiyat hozircha cheklangan boʻlib, siyosiy barqarorlik bilan bogʻliq muammolar uning rivojini sekinlashtirmoqda. Shunga qaramasdan, mamlakatdagi ayrim universitetlar va taʼlim muassasalari, ayniqsa Qobul universiteti, turli xalqaro taʼlim tashkilotlari yordamida ilm-fan sohasidagi loyihalarda ishtirok etib kelmoqda.

Shu munosabat bilan Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida raqamli oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha qoʻshma strategiyani ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjatni qabul qilish savdo va investitsiyalarni ragʻbatlantirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalariga yetish imkoniyatini yaxshilash, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda jahon maydonida raqobatbardoshlikni oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining raqamli iqtisodiyotni keng joriy etish borasidagi saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish hayotning barcha sohalarida raqamlashtirish jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, bu aholi uchun Internetga xavfsiz kirish imkonini taʼminlashga qaratilgan BMTning BRM (Barqaror Rivojlanish Maќsadlari) tashabbusini amalga oshirishni ilgari surib, taʼlim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga yoʻl ochadi. Umuman olganda, Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida raqamli oʻzaro bogʻliqlikni chuqurlashtirish har ikki mintaqa uchun katta iqtisodiy va ijtimoiy foyda keltiradi, savdo-iqtisodiy, energetik va transport aloqalarini kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi hamda ushbu mintaqadagi davlatlarning jahon sahnasida raqobatbardoshligini oshiradi.

Umuman olganda, Termiz muloqoti — bu Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikni bugungi geosiyosiy va sivilizatsion oʻzgarishlar jarayonida yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim tashabbusdir.Ayniqsa, taʼlim, ilm-fan va yangi texnologiyalar sohalarida bu muloqot ikki mintaqaning intellektual salohiyatini uygʻotish, birlashtirish va kengaytirish imkoniyatini yaratadi. Chunki har ikki mintaqada aholining katta qismi yoshlardan iborat boʻlib, ularning taʼlimga qiziqishi yuqori, ilmiy izlanishlarga qobiliyatli, raqamli texnologiyalarga tez moslasha oladigan avloddir.

Bugungi kunda Hindiston, Pokiston va Bangladesh singari davlatlar axborot texnologiyalari, biotexnologiya, yadro fizikasi, tibbiyot va sunʼiy intellekt sohalarida jahon darajasidagi yutuqlarga erishgan boʻlsa, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari ham ilmiy infratuzilmalarni yangilash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy taʼlim loyihalarini joriy etish borasida faol harakat qilmoqda. Termiz muloqoti ana shu tajriba va yutuqlarni birlashtirish, talabalar va olimlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma ilmiy markazlar tashkil etish, IT va STEM sohalarida startap va innovatsiya platformalarini yaratish uchun benazir imkoniyatdir.

Bu muloqot kelajakda mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashda, fan va taʼlim orqali tinchlik, taraqqiyot va intellektual rivojlanishga zamin yaratishi bilan katta tarixiy ahamiyat kasb etadi. Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari oʻzaro ishonch va mushtarak kelajak tamoyili asosida, taʼlim va ilm-fan sohalarida integratsiyalashuv orqali butun Yevroosiyo makonida yetakchi intellektual markazga aylanish salohiyatiga egadir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?