Maʼrifiy diplomatiya

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbarlariga kitob sovgʻa qilishi zamirida mujassamlashgan maʼnaviy jasorat haqida
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron taklifiga binoan ushbu mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifi chogʻida boʻlib oʻtgan doʻstona muloqotlar, Oʻzbekiston rahbariga koʻrsatilgan alohida eʼtibor va samimiy munosabat meni juda quvontirdi. Bu butun dunyoda, ayniqsa, Yevropada Oʻzbekistonga boʻlgan qarashlar tobora ijobiy maʼno kasb etayotganligini anglatadi. Davlatimiz rahbari Fransiya Respublikasining oliy mukofoti — Faxriy legion ordeni bilan taqdirlangani ham fikrimizning yaqqol dalilidir.
Mazkur davlat tashrifi bilan bogʻliq maʼlumotlarni oʻqish davomida Oʻzbekiston Prezidentining Matbuot kotibi Sherzod Asadovning telegram kanalida berilgan mana bu xabar eʼtiborimni tortdi: “Yelisey saroyidagi oliy darajadagi uchrashuv chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Emmanuel Makronga buyuk fransuz yozuvchisi Viktor Gyugoning oʻzbek tiliga tarjima qilingan “Kulayotgan odam” romanining ilk nusxasini sovgʻa qildi...”.
Prezidentimiz 2020-yil Anqara shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida soʻzlagan nutqida shunday degan edi: “Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda oʻzining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti — kitob va kutubxonalarda”.
Shavkat Mirziyoyev Turkiyadagi mazkur kutubxonaga dunyoda oʻta noyob boʻlgan “Usmon Musʼhafi”ning xattotlarimiz tomonidan koʻchirilgan nusxasini, Jaloliddin Rumiyning mashhur “Masnaviy” asari hamda Abu Bakr ar-Roziyning “Kasalliklar tarixi” asari qoʻlyozmalarining faksimile nusxalarini, “Alisher Navoiy asarlarining Istanbul kutubxonalaridagi tasviriy nusxalari” nomli kitob-albomni, Yunus Emro sheʼrlarining oʻzbek tiliga tarjimasi jamlangan “Oʻlmas koʻngul” deb nomlangan kitoblarni tuhfa qilgan edi.
Oʻzbekiston Prezidenti Matbuot kotibining yuqoridagi xabarini oʻqiganimdan keyin koʻnglimdan shunday bir fikr oʻtdi: davlat rahbarlariga kitob sovgʻa qilish Prezident Shavkat Mirziyoyevning dunyo diplomatiyasidagi yangi maʼrifiy uslubi boʻlib, bu oʻrinda “maʼrifiy diplomatiya” iborasini ishlatish toʻgʻri boʻladi.
Prezidentimiz shu paytgacha Turkiya, Vengriya, Yaponiya, Fransiya, Belarus, Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Qozogʻiston kabi mamlakatlar rahbarlariga kitob sovgʻa qilganligi fikrimizning yorqin dalilidir.
Prezidentlar va Hukumat rahbarlariga taqdim etilgan bu kitoblar, asosan, oʻsha xalqlarning davlatchiligi, tarixi, adabiyoti, madaniyati, tili, diniga oid eng nodir, shoh asarlar hisoblanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshliqlariga kitob sovgʻa qilishi bilan mamlakat xalqiga boʻlgan cheksiz hurmati, ehtiromini ham ifoda etadi.
Kitob sovgʻa qilish zamirida bugungi texnologiyalar asri ayovsiz oʻz domiga tortib ketayotgan kitoblarni asrab qolish va kitob oʻqishni ragʻbatlantirish gʻoyasi ham mujassamlashgan.
Oʻzbekiston rahbarining maʼrifiy diplomatiyasi bugun butun dunyoda eʼtirof etilayotganligi, ibrat sifatida koʻrsatilayotganligi har birimizga faxr-iftixor bagʻishlaydi.
Adabiyot, kitob darajasida xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan, bir-biriga bogʻlaydigan boshqa vosita yoʻq, deb oʻylayman. Kitoblar xalqlar haqida, madaniyatlar toʻgʻrisida eng koʻp maʼlumot beradigan manbadir. Mazkur kitoblar mamlakat rahbarlariga sovgʻa qilinar ekan, bu bilan Prezidentimiz bizning xalqimiz sizlarning adabiyotingizni sevib oʻqiydi va qadrlaydi, degan tuygʻuni ham ifoda etadi.
2016-yildan boshlab, Oʻzbekistonda jahon mamlakatlari liderlarining kitoblarini nashr etish anʼanasi yaratildi. Buning natijasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning “Qashshoqlikdan xalos boʻlish”, Singapur Bosh vaziri lavozimida faoliyat koʻrsatgan Li Kuan Yuning “Uchinchi dunyodan birinchi dunyoga” nomli kitoblari oʻzbek tilida chop qilindi. Bu jarayonlar, yaʼni maʼrifiy diplomatiya izchil davom ettirilmoqda.
Maʼrifiy diplomatiya natijasida Koreya Respublikasida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev”, Ozarbayjonda “Shavkat Mirziyoyev fenomeni”, Xitoyda “Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi islohotlar davrining meʼmori” nomli kitoblar nashr etildi va xalqaro miqyosda taqdimotlari oʻtkazildi.
Nafaqat goʻzallik, ezgulik, yaxshilik va maʼrifat, balki kitoblar ham dunyoni qutqaradi. Insoniyatga ruhiy sokinlik, xotirjamlik bagʻishlaydi. Insoniyat internet va zamonaviy texnologiyalarni inkor etmagan holda kitobga qaytishi kerak.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Shavkat Mirziyoyevga XIX asr oxirida fransuz fotografi tomonidan suratga olingan Jizzax vohasidagi “Temir qopqa” darasi manzarasi aks etgan tarixiy rasmni sovgʻa qildi. Oʻzbekiston rahbari tomonidan asos solingan maʼrifiy diplomatiya butun dunyoda aks sado bermoqda...
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BAAning “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring