Maʼrifat va ezgulik karvoni

15:36 05 Dekabr 2024 Jamiyat
395 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Murakkab va tahlikali zamonda, dunyoda mafkuraviy kurashlar avj pallaga chiqqan mahalda aholiga toʻgʻri va asosli maʼlumotni yetkazish, yoshlarimiz ong-shuurini zararli axborotlardan ihotalash har qachongidan muhimdir. Shu nuqtayi nazardan respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Maʼrifat karvoni” tadbirlari oʻtkazilayotgani ayni muddao.

“Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusida tashkil etilayotgan navbatdagi targʻibot tadbiriga Buxoro shahri mezbonlik qildi. Buxoro davlat universiteti, pedagogika instituti hamda Yoshlar markazida poytaxtimiz hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan taniqli olimlar ishtirokida uchrashuvlar uyushtirildi.

— Ushbu loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad davlatimiz rahbarining joriy yil 18–20-noyabrdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisi, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqishga bagʻishlangan nutqi mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazishdir, — deydi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi boshligʻi Marhabo Pardayeva. — Shuningdek, fuqarolarimizga “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida koʻzda tutilgan maqsad-muddaolarni xalqona tilda tushuntirib, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, yurtdoshlarimizdagi daxldorlik tuygʻusini mustahkamlashdan iborat.

“Maʼrifat karvoni” tadbiri doirasida toʻplanganlarga davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan nutqlari, Islom sivilizatsiyasi markazi, respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyatiga doir videoroliklar namoyish etildi, “Men ham harbiy boʻlaman” kitobi taqdimoti oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?