Margʻilon zamonaviy megapolisga aylanadi
Botir MADIYOROV/«Xalq soʻzi». Ipakchilar shahri – Margʻilonda aholi eski hovlilarda istiqomat qiladi. Ayniqsa, shahar markazida aholi xonadonlari juda tor, bu nafaqat xotirjam yashash, balki tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyatida ham ancha noqulayliklar tugʻdirishi turgan gap.
Shu yilning 11-12-iyul kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida davlatimiz rahbari Margʻilonda bir guruh nuroniylar bilan suhbatlashdi. Samimiy muloqotda margʻilonlik faxriylar Prezidentdan shu masalada koʻmak soʻragandi.


Ezgu tashabbus doirasida Margʻilon shahrining “Ipakchi” va “Qirguli” MFY hududidagi bir qavatli eski uylar oʻrnida Renovatsiya dasturi asosida barcha zamonaviy sharoitlarga ega koʻp qavatli uylar qurilishiga kirishildi.
—Koʻp qavatli uylar ota-bobolardan meros 70-80-yillik hovlilar oʻrnida bunyod etilayotgani bizga manzur boʻlmoqda,—deydi mehnat faxriysi Ahmadjon Boʻriyev.—Ayni paytda 425 xonadondan iborat 11 ta 7 qavatli uylar qad koʻtarmoqda. Oʻtgan qisqa vaqtda chordevor uylarimiz oʻrnida koʻrkam shaharcha qurilishi jadal olib borilmoqda.
Uylar sifatli, arzon boʻlishi uchun qurilish-pudrat tashkilotlari asosan mahalliy xom ashyo, energiya tejamkor mahsulotlardan foydalanayotgani eʼtiborga loyiq.


Oʻz navbatida, viloyat markaziga eltuvchi katta avtomagistral boʻyida joylashgan Yangi hayot koʻchasida 75 gektar yerda “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilyapti. Birinchi bosqichda bu yerda 11 ta 12,16 qavatli uylar barpo etilishi rejalashtirilgan.
Yangi massivda koʻp qavatli uylar bilan birga loyiha qiymati 50 mln. dollarlik savdo kompleksi, biznes markazi, 2 ta maktab, 6 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda 2 ta tibbiy klinika qurib bitkaziladi. Madaniy va koʻngilochar maskanlar, landshaft arxitekturasi asosida yashil xiyobonlar tashkil etiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring