Mardlik va hayot maktabi
Soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilib, mamlakatimiz sarhadlari daxlsizligi, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligi himoya qilish yurtimizda har bir yigit uchun nainki burch va sharaf, balki gʻururga ham aylandi. Navoiy shahridagi Mudofaa vazirligiga qarashli Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismda boʻlganimizda askar va harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar, har bir yigit qiyofasida haqiqiy Vatan himoyachisini kamol toptirish maqsadida ularning jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish jarayonini kuzatib, bunga yana bir bor amin boʻldik.
— Onam harbiy boʻlishimni xohlardi, — deydi Fargʻona viloyati Buvayda tumanida tugʻilgan, harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan oddiy askar Sarvarbek Soliyev. — 9-sinfgacha harbiy maktabga borganman. Bu yerga xizmatga kelganimga 10 oy boʻldi. Xizmatda qatʼiy tartib-intizom oʻrnatilgan. Vaqtdan unumli foydalanishni oʻrgandik. Xizmatdoshlarim orasida sardorman. Barcha tadbirlarda faol ishtirok etib, asta-sekin harbiy xizmatchi boʻlish istagim intilishga aylandi.
Darhaqiqat Vatan himoyasi, el osoyishtaligi, ona Yurt sarhadlari daxlsizligini taʼminlashga shaylik har bir yigitning orzusi. Zero begʻubor bolalik kechgan zaminda endi niyatlaring ulgʻayib, baxting kamol topadi. Aslida yigitlik ataganimizning baxti, koʻksingni gʻurur, ota-onang qaddini togʻdek koʻtaradigan damlari ham shu. Axir, farzand yoki aka-uka elning himoyasiga chorlansa, inchinun chogʻlansa undan ulugʻvorroq iftixor bormi?!
— Yurtimizda tinchlik barqarorligi tufayli barcha sohalar jadal rivojlanib, turmushimiz kun sayin farovonlashib bormoqda, — deydi harbiy xizmatni oʻtayotgan yigitning onasi Zarnigor Norqulova. – Albatta, bu oʻz-oʻzidan emas. Uning ortida Vatanga sadoqatli oʻgʻlonlarning sharafli burchini ado etishdek yigitlik shaʼni turibdi. Oʻgʻlimning ular safida boʻlganligidan faxrlanaman.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda muddatli harbiy xizmatga tanlov asosida qabul qilish boʻyicha samarali tizim yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa Qurolli Kuchlarimiz safini jismonan baquvvat, maʼnan yetuk va har tomonlama munosib yoshlar bilan toʻldirish imkonini bermoqda. Shu bois bugun Vatan himoyachisi degan sharafli nomga sazovor boʻlish har bir yigitdan chin istak bilan bir qatorda yuksak tayyorgarlik, qatʼiyat va barkamollikni talab etadi. Oddiy askarlardan yana biri — Alisher ham aynan shu maqsad yoʻlida astoydil harakat qilmoqda.
— Oilada uch aka-ukamiz, — deydi Alisher Mahkamov. — Men kenjasiman. Ikki akam oʻz burchini oʻtadi. Ular harbiy xizmat, orttirgan doʻstlari haqida hikoya qilib qiziqtirdi. Xizmatga shaylandim. Bugun akalarimning yoʻlidan borayotganimdan xursandman. Nasib etsa, yana ularning ortidan borib, shu yil oʻqishga kiraman. Qismimizda oʻz bilim va saviyamizni oshirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Mazkur manzilda harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish uchun ham zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, maxsus va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlangan zamonaviy kutubxona, oʻquv binosi, madaniyat va maʼrifat markazi, sport zal askarlarning har tomonlama chiniqishlariga yordam berib, ularning oʻziga boʻlgan ishonchi va sohaga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Maqsad harbiy xizmat yigitlar uchun qisqa boʻlsa-da hayot maktabiga ham aylansin.
– Ayni paytda harbiy qismimizda respublikamizning koʻpgina hududlaridan, jumladan, vodiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Xorazm viloyatlaridan kelgan 600 nafarga yaqin yigit muddatli harbiy xizmatni, 200 nafarga yaqin oʻgʻlon safarbarlik harbiy xizmatni oʻtamoqda, – deydi harbiy qism komandiri oʻrinbosari Bekzod Urazov. — Turli mashgʻulotlar orqali ularning jangovar va maʼnaviy tayyorgarligi uzluksiz oshirib borilmoqda. Har bir mashgʻulot qatʼiy reja asosida olib boriladi. Masalan, haftaning dushanba, juma kunlari maʼnaviy, maʼrifiy tayyorgarlik mashgʻulotlari, qolgan kunlarda amaliy dala mashgʻulotlari olib boriladi. Amaliy mashgʻulotlarda, asosan, oʻq otish, taktik tayyorgarlik, haydash asoslari, hududni aniqlash boʻyicha muddatli harbiy xizmatchilarning bilim va koʻnikmalari oshirib boriladi. Bundan tashqari, axloqiy-ruhiy, jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari ham oʻtkaziladi.
Yigit kishining oʻz xalqiga boʻlgan sadoqati va fidoyiligi, eng avvalo, ona Vatanni himoya qilishga shay turishi, uning taraqqiy etib, har tomonlama mustahkam va qudratli boʻlishiga, shuningdek, xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga qoʻshgan amaliy hissasi bilan oʻlchanadi. Ana shu oliy maqsad yoʻlida har tomonlama barkamol, jismonan baquvvat va maʼnan yetuk askar boʻlish zarurligini chuqur anglagan yoshlar uchun harbiy xizmat chin maʼnoda hayot maktabiga aylangan.
Zero, ular Vatan himoyasi hayot yoki mamot masalasi ekanini, oʻz taqdirlari el-yurt taqdiri bilan uzviy bogʻliqligini teran his etib, shu anglashdan maʼnaviy quvvat va iftixor oladilar.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring