Mangulik anglanar Navoiy desak...
Badiiy ijod olamiga qadam qoʻygan sanʼatkor borki, Alisher Navoiyni oʻziga maʼnaviy ustoz deb biladi. Buyuk shoir yaratgan obrazlardan taʼsirlanadi, uning asarlariga muxammaslar bogʻlashga intiladi. Ana shunday ijodkorlar orasida Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov ham bor, albatta. Shoirning adabiy merosida, publitsistik maqolalarida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga samimiy munosabatni, eʼtirofni kuzatish mumkin:
Abadiyat bilan qay soʻz egizak,
Balki yaxshi orzu, yaxshi niyatdir?
Mangulik anglanar Navoiy desak,
Navoiyning oʻzi abadiyatdir.
Abdulla Oripov sheʼriyatida Alisher Navoiy shaxsiyatiga havasmandlikni, ijodiga oshuftalikni koʻp uchratamiz. Masalan, “Yetgali” radifli dastlabki gʻazalni shoir yigirma toʻrt yoshida bitdi. Mumtoz adabiyotga mehr, aruzning musiqiy taronasi uni oʻziga rom etdi:
Ne ajab, maydon topilsa men uchun ham deb edim,
Oʻzga bir dildor bilan aruzda bozor etgali.
Abdulla Oripovning “Bul ajab, xor kimsadin imdod soʻraydi xorlar” matlali gʻazalida navoiyona oʻxshatishlarni, tashbehlarni uchratamiz:
Gar falak burjida shams uyquga solsa oʻzni,
Yetdi navbat bizga deb chaqnar emish sayyorlar.
Sajdaga boshing urib faryod chekma ey, rafiq,
Endi sen topgaymiding, topmabdi-ku agʻyorlar.
Shoir gʻazalda yor, agʻyor obrazlariga murojaat qilar ekan, moziy elining zorlarini qalamga olganiga ishora qiladi.
Abdulla Oripovning “Alisher Navoiy gʻazaliga muxammas”i ham buyuk ajdodimizga muhabbatidan dalolat beradi:
Tanimni boʻyla zax aylagʻon qon biri, biri ashk,
Ne erdi bilmam, ayo jonoki, gʻalat siri ashk,
Meni qilurkim gʻariqi daryo, netay, oxiri ishq,
Koʻzum haqini bihil qildum, ey javohiri ashk,
Ki bori ham onging-oʻq maqtamiga sochilasiz.
Shoir nafaqat Alisher Navoiy davrida qoʻllanilgan faol soʻzlar, balki gʻazal ohangini, bosh motivini ham saqlagan holda goʻzal muxammas bogʻlagan. Lirik qahramon oshiq, u ishq sirri qoshida ojizu notavon. Qalbidan oqqan qonu koʻzining achchiq jolasi butun tanini qamrab olgan. U adoqsiz koʻz yoshlar seli bir kuni oʻzini gʻarq qilishidan xavotirga tushadi. Sheʼr badiiy shakl nuqtayi nazaridan mumtoz adabiyot namunalarini esga soladi.
Abdulla Oripov butun umri davomida Alisher Navoiy dahosining zakovatiga, benazir isteʼdodiga, adabiy merosiga chuqur muhabbat bilan yondashdi. Shoir suhbatlarning birida: “Agar taqdir menga qotgan nonu suv berib, evaziga ulugʻ Navoiyni boricha anglash baxtini ato etganida, men bu taqdirdan zarracha ham nolimas edim”, degan edi.
Shoir umrining soʻnggi yillari ham vujudida, ham ruhiyatida oʻtkir dramatizmlar bilan oʻtdi. Lekin bu holatni yengib oʻtishi uchun faqat ijoddan kuch oldi, alam, ogʻriq, dardu hasratini misralar qatiga mahorat bilan singdirdi. Ana shunday gʻamgin lahzalarda mumtoz adabiyot, jumladan, Alisher Navoiy asarlari unga togʻdek madad berdi. 2012-yil toʻrtinchi may sanasidan to 2013-yilning may oyiga qadar faqat gʻazallar yozdi.
Yo, falak, etgil meni
Norasolardan xalos,
Norasolardan kelar
Dardu balolardan xalos.
Aytmagum, yor ishqidin
Bir zum xalos qilgʻil meni,
Aylagil bir zum beishq
Ahli jafolardan xalos.
Shoirning lirik qahramoni ushbu munojoti orqali falakka yolvorib, nodon, nomukammal kimsalar suhbatiga duchor boʻlishdan panoh soʻraydi. Doʻstu yor, birodarlardan emas, aksincha, ahli jafolardan xalos etishini oʻtinadi. Bu gʻazalni shoir shunchaki aruzdagi mahoratini koʻrsatish uchun emas, balki oʻziga yetayotgan ozorlarga davo istab, munojot tarzida yozdi. Mazkur munojot Alisher Navoiyning quyidagi misralariga nihoyatda hamohang:
Meni men istagan oʻz suhbatigʻa arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin koʻnglim pisand etmas.
Yoki Navoiyning “Gʻaroyib us-sigʻar” devonidan oʻrin olgan “Xalos” radifli gʻazaliga monand gʻoyadan ulgu olganiniga guvoh boʻlamiz:
Boda meni ayladi zuhdu riyodin xalos,
Zuhdu riyo yoʻqki, ming ranju anodin xalos.
Abdulla Oripov lirikasida hazrat Navoiyga maʼnan izdoshlikka misol boʻladigan bu kabi jihatlar, misralar koʻplab topiladi. Masalan, oʻzbek mumtoz adabiyotida, jumladan Alisher Navoiy ijodida soʻzni ulugʻlash, soʻzning qudrati va taʼsir kuchi, ilohiyligi borasida islom falsafasi bilan sugʻorilgan qarashlar mavjud. “Xamsa” dostonlarining muqaddimasida soʻz taʼrifiga maxsus alohida boblar ajratilgan. Mutafakkir shoir Qurʼoni Karim va hadisi sharifga tayanib, olam va odamning bunyod boʻlishida SOʻZ vosita boʻlganini badiiy ifoda etadi.
Toʻrt sadaf gavharining durji ul,
Yetti falak axtarining burji ul.
Alisher Navoiy soʻzni eng buyuk moʻjiza, barcha narsalarning ibtido va intihosi ekanligini eʼtirof etar ekan, uni ehtiyotkorlik bilan qoʻllashni targʻib qiladi:
Odamki, demak bila kiromiyduru bas,
Soʻz durri ishining intizomiduru bas.
Sihhat onchaki, ahli aql komiduru bas,
Aqligʻa dalil aning kalomidur bas.
Soʻz sehri oldida ojiz qolmagan inson topilmasa kerak. Xuddi shunday qarashlarni Abdulla Oripov lirikasida ham uchratamiz:
Soʻz asli paygʻambar,
U bois balki
Odamzod tanigan oʻz Xudoyini.
Erigan temirning tomchisi kabi
Oʻrtab yuborar u tekkan joyini.
Abdulla Oripov butun umri davomida Navoiy shaxsiyatiga chuqur hurmatda boʻldi. Buyuk mutafakkirning asarlarini qayta-qayta mutolaa qilishdan erinmasdi va har safar yangi asarni oʻqiganday zavqlanar edi. Shoir rafiqasining xotiralaridan Abdulla Oripovning Navoiy ijodiga munosabatini yanada teranroq his qilishimiz mumkin:
“Abdulla aka mumtoz ijodkorlar haqida soʻz ketganida, shubhasiz, Alisher Navoiy ijodini benihoya yuksak darajaga qoʻyar edi. “Hozirgacha ham Alisher Navoiy dahosi, isteʼdodiga tenglasha oladigan birorta ijodkor yoʻq. Ulugʻ mutafakkir bobomiz zamin odami emas”, degan gapni qayta-qayta takrorlardi”.
Alisher Navoiyning zamondosh muarrixlari “Xamsa” yozib boʻlinganidan keyin, Husayn Boyqaroga taqdim etish jarayonini va bu xursandchilik butun Hirotga yoyilganini koʻp va xoʻb yozgan. Abdulla Oripov lirikasida ham rivoyat bilan bogʻliq sheʼrni uchratamiz:
Navoiy Xamsani tugatdi yozib,
Qutlashga yigʻildi arkoni davlat.
Boyqaro ayricha hurmat koʻrgazib,
Oq otin minishga ayladi daʼvat.
Lekin uzr dedi shoiri davron,
Balki bu holni u kibr deb bildi.
Shunda sekingina lutf etdi sulton:
“Buni otning oʻzi iltimos qildi”.
Sheʼrda tabiiy samimiylik yaqqol koʻzga tashlanadi. Ijod masʼuliyatini teran his qilib, insoniyatni nurga yetaklovchi asarlar ham, aksincha moddiy manfaat yoʻlida zalolatga chorlovchi satrlar ham bitilishi sir emas. Qalbi iymon nuri bilan toʻlgan ijodkorlargina oʻzlari anglamagan holda oniy lahzalarda ongu shuuriga yuborilgan paygʻomlarni satrga koʻchiradiki, bunday asarlar umuminsoniylik kasb etib, mangulikka daxldor boʻlishi mumkin.
Adiba DAVLATOVA,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti professori,
filologiya fanlari doktori (DSc).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- Loyihaoldi va xarid hujjatlarini kompleks ekspertiza qilish tizimi samaradorligi oshiriladi
- “Oʻzgidromet” shoshilinch ogohlantirish eʼlon qildi
- Togʻ-kon sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring