Maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha ish yuritishda xususiy ayblov instituti joriy etilmoqda

Senatning 7-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni barpo etish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham inson, shu jumladan, jabrlanuvchi huquqlari kafolatlari belgilangan.
Mazkur Qonun ham ana shu tizimli islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Bugungi kunda ayrim maʼmuriy huquqbuzarliklar ijtimoiy ahamiyatini yoʻqotgan va ularning soni keskin kamaygan. Shu bilan bir vaqtda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning bir nechta moddasida ayni bir maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilangan. Shu bois ushbu Qonun ularni muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilganligi qayd etildi.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga ayrim huquqbuzarliklar uchun qilmishning xususiyatidan, jazolashdan koʻzlangan maqsadga erishish uchun yetarlilik nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda maʼmuriy javobgarlikni bekor qilishga qaratilgan tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, ayni bir qilmish, yaʼni tamaki mahsulotini belgilanmagan joylarda isteʼmol qilish uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning turli moddalarida nazarda tutilgan javobgarlik alohida moddada (561-modda) aks ettirilmoqda.
Bundan tashqari, Kodeksning ayrim moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bilan bogʻliq ishlarni koʻrishga jabrlanuvchining arizasi boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyilishi belgilanmoqda.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning boshqa moddalariga ham yuqoridagi oʻzgartirish va qoʻshimchalardan hamda Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturidan kelib chiqqan holda tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun qabul qilinishi bilan inson huquqlari kafolatlari kuchayishiga, huquqiy taʼsir choralarini qoʻllashda mutanosiblik prinsipiga amal qilinishining taʼminlanishiga hamda masʼul davlat organlari ish yuklamasining kamayishiga, fuqarolar oʻrtasidagi ayrim kelishmovchiliklar sudga qadar hal etilishiga erishiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring