Mamlakatimiz taraqqiyoti yoʻlidagi tarixiy qadam

22:14 18 Aprel 2023 Siyosat
762 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov boshchiligidagi bir guruh deputatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida boʻlib, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizning mohiyati, unga kiritilayotgan yangi normalarning ahamiyatini tushuntirishga bagʻishlangan tadbirlar va uchrashuvlar oʻtkazdi.

Mazkur jarayonda aholi yangilanayotgan Konstitutsiya fuqarolarning farovon yashashiga, davlatning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi, unda xalqimizning xohish-irodasi, takliflari aks etgani, islohotlarning tub mohiyati va mazmuni singdirilganini qayd etdilar.

Nazira MATYOQUBOVA,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati, “Qoraqalpogʻiston tongi” gazetasi bosh muharriri:

— Yangilanayotgan Konstitutsiyada davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlashi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi mustahkamlanmoqda.

Albatta, ommaviy axborot vositalari yanada faol boʻlishi uchun ularga keng imkoniyatlar va kuchli himoya kerak. Konstitutsiyamizga kiritilayotgan ushbu norma mamlakatimizda soʻz va axborot erkinligini yanada yuksaltirishga, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Sayyora IMOMOVA,

Beruniy tumanidagi 59-maktab direktori:

— Yaqin-yaqingacha jamiyatda “Oʻqib shahar oberarmiding?!”, “Oʻqigan odamning baribir kosasi oqarmaydi”, deganga oʻxshash gaplar uchrab turardi.

Davlat oʻqituvchi va oʻquvchilarga tekin ishchi kuchi deb qaradi. Oqibati hammaga maʼlum — oʻquvchilarning bilim saviyasi tushib ketdi, oliygohga kiraman deganlar repetitorga qatnaydi, qoʻshimcha darsga qurbi yetmaganlar esa qora ishchi boʻlib qolaveradi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bilan taʼlim hamda maktabga nisbatan bunday munosabatga chek qoʻyiladi. Davlat taʼlimni izga qoʻyishni zimmasiga olib, natijasiga kafolat bermoqda.

Jumaboy OʻTAMOV,

xalq deputatlari Yangibozor tuman Kengashi deputati:

— Yangilanayotgan Konstitutsiyaga muvofiq, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish amaliyoti tugatilmoqda. Bu bilan viloyat va tuman (shahar)da xalq saylagan deputatlar hokim faoliyatini bevosita va xolisona nazorat qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

Shuningdek, “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” konstitutsiyaviy prinsipini amalga oshirishga xizmat qiluvchi hokimlik idoralari rahbarlarining xalq deputatlari Kengashlari oldida hisobot beradigan samarali tizim yoʻlga qoʻyiladi. Eng muhimi, hokimlarning oʻzlari qaror qabul qilib, oʻzlari boshchilik qiladigan Kengashlarda ushbu qarorlarni tasdiqlatish, keyinchalik uning ijrosini nazorat qilish kabi amaliyotga chek qoʻyiladi.

Raimboy ShERJONOV,

xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi deputati:

— Yangilanayotgan Bosh qomusimizda oʻqituvchi maqomi ulugʻlanmoqda. Oʻz vazifasini mukammal ado etishi uchun sharoit yaratilmoqda. Shuningdek, yoshlarning taʼlim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli boʻlishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish — davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilyapti.

Mazkur normalar mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun muhimdir. Shu bois, barchamiz ertangi kunimizni belgilab beradigan tarixiy voqelikka befarq boʻlmasligimiz kerak.

Dilbar NIYOZMETOVA,

xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi deputati:

— Soʻnggi yillarda yurtimizda ijtimoiy himoya yoʻnalishidagi islohotlar natijasida Mehribonlik uylari bitiruvchilarini, nogironligi boʻlgan shaxslarni, kam taʼminlangan oilalar va yosh oilalarni, ayniqsa, alohida yordamga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash, subsidiyalar hamda imtiyozli va uzoq muddatli ipoteka krediti berish kabi insonparvar siyosat amalga oshirilayotir.

Xususan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlganlarga ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga subsidiya toʻlanishi belgilandi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan har kimning uy-joyli boʻlish huquqi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning oʻz boshpanasiga ega boʻlishini taʼminlaydi, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Zebo TOJIYEVA,

Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali kafedra mudiri:

— Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekanligi yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda mustahkamlanmoqda.

Mazkur normaning ahamiyati shundaki, davlat oʻz fuqarolarining moddiy ahvolidan qatʼi nazar, kafolatlangan bepul tibbiy yordam bilan qamrab olinishini mustahkamlamoqda. Bu fuqarolar, ayniqsa, moddiy sharoiti yaxshi boʻlmagan fuqarolarning sogʻligʻini saqlashga davlat gʻamxoʻrlik qilishdan toʻxtamasligini anglatadi.

Kafolatlangan tibbiy yordamga oid normaning belgilanishi aholi, onalar va bolalar oʻlimi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?