Malayziyalik professor Namanganda

18:12 20 Sentyabr 2024 Jamiyat
383 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Kuni kecha Malayziya Xalqaro islom universiteti muhandislik fakulteti dekani Xayrul Aʼzami Siddiq Namangan muhandislik-texnologiya institutiga keldi. U bilan oʻtkazilgan uchrashuvda NamMTI va Malayziya oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 2019-yildan buyon davom etayotgan ilmiy hamkorlik va oʻzaro tajriba almashinuvi dasturlari natijalari haqida soʻz bordi.

— Namangan muhandislik-texnologiya institutining barqaror faoliyati eʼtiborga loyiq, — deydi Xayrul Aʼzami Siddiq. — Institutning yosh olimlari va talabalari bilan hamkorlik qilish, ularning yuqori darajada tajribaga egaligi va yangi gʻoyalarga ochiqligi biz uchun ham qimmatlidir. Talabalar amaliyotini yanada rivojlantirish, ilmiy-amaliy loyihalarni kengaytirish orqali ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarishni maqsad qilmoqdamiz. Shunga koʻra, yaqin yillarda yozgi va qishki maktablarni yanada kengaytirish, amaliyot dasturlarini mustahkamlash va yangi ilmiy loyihalarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Uchrashuvda ilmiy hamkorlikni kuchaytirish, talabalar uchun yangi amaliyot dasturlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha navbatdagi kelishuvlarga erishildi. Uning ijrosi Malayziya va Oʻzbekiston universitetlari talabalariga xalqaro tajriba orttirishga yordam beradi va ularning global taʼlim maydonidagi raqobatbardoshligini oshiradi.

Aytish lozimki, ikki davlat OTMlari hamkorligidagi tadbirlar natijasida oʻzaro birodarlik aloqalari ham mustahkamlanmoqda. Jumladan, malayziyalik taniqli olima, biotexnologiya fanlari doktori Sakina Abdulloh oʻtgan oʻquv yilidan boshlab namanganlik talabalariga biotexnologiyadan saboq bermoqda. NamMTI dotsenti Abdulaziz Karimov esa yoz oylarida Malayziya universitetlarida xalqaro stajirovkada ishtirok etib, oʻz bilim va koʻnikmalarini boyitib qaytdi.

Maʼlumot uchun, Namangan muhandislik-texnologiya institutining oʻzi bugungi kunda dunyoning 10 dan ortiq davlatlaridagi 70 ga yaqin nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻygan boʻlib, bu bilan xalqaro miqyosdagi nufuzini mustahkamlab bormoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер