Maktabda oʻrgatamizmi yoki baholaymizmi?

16:31 04 Iyun 2025 Jamiyat
190 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Yoshlikda egallangan bilim toshga oʻyilgan naqsh kabi mustahkam boʻladi. Alisher Navoiy bobomiz “Yigitlikda yigʻ ilmning maxzani, qarilik chogʻi sarf qilgʻil ani” deb bejiz aytmagan. Albatta, bu hikmatlar shior kabi maktab sinfxonalariga ilib qoʻyilganiga hammamizning koʻzimiz tushgan. Lekin bu yil toʻqqizinchi sinfdan litsey yoki maktabni tugatib universitetlarga borishni istagan oʻgʻil-qizlarning yakuniy baholari davlat test, imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtishiga yordam bera oladimi? Yozgi taʼtilda ham bolalarining ertasini oʻylab repetitorga olib borayotgan ota-onalar maktabdagi oʻn bir yillik taʼlimdan qoniqmasligi nimani anglatadi?

Maktab taʼlimidagi oʻzgarishlarni avvalo yutuqlardan boshlasak, oddiy maktabda oʻqib ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishish mumkinligini Samarqanddagi maktab oʻquvchilari erishgan natijalarda ham koʻrish mumkin. Joriy yilda viloyatdagi oʻquvchilar xalqaro koʻrik-tanlovlarda 186 ta, respublika koʻrik-tanlovlari, musobaqa va festivallarda 374 ta faxrli oʻrinlarni egallagan. Samarqand shahridagi 42-maktabning 9-sinf oʻquvchisi ikki karra jahon chempioni, shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston ayollari terma jamoasi aʼzosi Afruza Hamdamova, Pastdargʻom tumani 52-maktabning ona tili fani oʻqituvchisi Gulhayo Anorova Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Yosh avlod oʻrtasida kitobxonlik muhitini yuksaltirish maqsadida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovining 10-14 yosh toifasi boʻyicha respublika bosqichida Nurobod tumanidagi 4-umumtaʼlim maktabining 8-sinf oʻquvchisi Gulmira Norpoʻlatova faxrli 2-oʻrinni egallab, 75 million soʻm pul mukofotini qoʻlga kiritdi. “Gravitatsion idrok” bilimdonlar bellashuvida Ishtixon tumani 48-umumiy oʻrta taʼlim maktabi 11-sinf oʻquvchisi Madina Kattaqulova faxrli 1-oʻrinni egallab, Chevrolet Tracker avtomobili bilan taqdirlandi.

Oʻquvchilarning bunday yutuqlarni egallashida pedagoglarning hissasi katta, albatta. Ammo taʼlimda yillar davomida yigʻilib kelgan muammolar ham koʻp. Masalan, oʻquvchilarning oʻqish, matematika va tabiiy fanlardan savodxonligini baholashga qaratilgan xalqaro baholash dasturi — PISAda Samarqanddagi 23 ta maktab ishtirok etgan. Ushbu maktablarning 22 tasida zamonaviy kompyuterlarga ehtiyoj seziladi. Internet tezligi past. 136 ta maktabda kasb-hunar oʻrgatish toʻgaraklari tashkil etilgan. Biroq ularning 9 tasida jihozlar yetishmaydi, 60 tasi xomashyo bilan taʼminlanmagan. Maktablarda tashkil etilgan 90 ta inklyuziv sinflarning 47 tasida maxsus pedagoglar yetishmaydi, sakkiz turdagi taʼlim koʻrsatkichlari boʻyicha viloyat respublikada 11-oʻrinda turibdi.

2022-yilda viloyatda qizil toifali maktablar soni 82 ta boʻlsa, 2023-yilda ham ushbu raqam oʻzgarmagan. 2024-yilda qizil toifali maktablar soni 69 tani tashkil qilgan. Viloyatdagi 61 ming 536 nafar pedagogning 26 ming 558 nafari toifaga ega emas. Oʻtgan yilda attestatsiyaga jalb etilgan oʻqituvchilardan 18 ming 383 nafari yetarli ball toʻplay olmagan boʻlsa, 3045 nafar oʻqituvchining toifasi tushirilgan. Oʻtgan oʻquv yilida viloyat boʻyicha 1268 ta maktabni 47 ming 728 nafar bitiruvchi tugatib, 11029 nafari yoki 23,1 foizi grant va toʻlov shartnoma orqali oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan. Ammo 26 ta maktabning birorta bitiruvchisi davlat OTMlariga oʻqishga kirmagan. Nega bu maktablardagi ahvol qoniqarsiz?

— Maktabda ishlayotganimga 40 yildan oshdi, — deydi Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi Feruza Gʻafforova. — Ilgari oʻqituvchi avval oʻzi darsga tayyorlanib, keyin oʻquvchiga bilim berardi. Oʻquvchilar ham maʼruza yoki insho yozish uchun kutubxonaga borib, qancha kitoblarni soatlab varaqlardi. Hozir hammasi elektron tizimga oʻtdi. Oʻqituvchi oʻquvchini telefonda baholaydi. Oʻquvchilar ham koʻpgina fanlar boʻyicha uy vazifalarni Internetda tayyor holda koʻchiradi. Bu bolalarni oʻz ustida ishlashga, izlanishga, imlo xatolari haqida oʻylashga majbur qilmaydi. Keyingi paytda oʻquvchilarning aksariyati har bir darsda takrorlanadigan oddiy qoidalarni yodlay olmasligini payqadim. Internet va telefondan shu qadar koʻp foydalanganligi natijasida oʻquvchilarda diqqatni jamlash, xotirada saqlash aniq buzilgan. Internatdan qiziqarli maʼlumotlarni olish mumkin, ammo ular diqqatni jamlashni qiyinlashtirmoqda. Oʻqituvchilarning asosiy ishi 45 daqiqa bolalarga bilim berishga emas, platformaga vaqtida kirib, oʻquvchini baholashga ketyapti.

Bir qaraganda, ota-onalar uyda oʻtirib bolalarining kunlik baholarini bilib, shunga qarab darslarni oʻzlashtirishga yordam beradigandek tuyuladigan onlayn baholash tizimi oʻqituvchilarning ortiqcha vaqtini olayotgani ham turgan gap.

— Hozir maktablarda oʻqiyotgan iqtidorli oʻquvchilar ixtisoslashtirilgan, xususiy maktablarga saralanmoqda, — deydi Payariq tumanidagi 23-maktab direktori Gʻayrat Mahamatov. — Bilimli, iqtidorli bolalarni maktabning oʻzida tarbiyalash uchun maxsus gimnaziya sinflariga ehtiyoj sezilyapti. Asosiy muammolardan yana biri matematika, ingliz tili, informatika va biologiya fanidan oʻqituvchilar yetishmaydi. Yosh oʻqituvchilar maktabga keladi. Mehnat huquqlari, ish yuki, maosh kamligi va oʻquvchilarning koʻpligidan ketadi. Chunki maktabdagi har bir sinfda 30 dan ortiq oʻquvchi bor. Oʻqituvchi har bir bilan ishlash uchun 45 minut kamlik qiladi, uning ustida doim ota-onalar bilan muloqot qilish, ularning shikoyatlarini ham eshitishi kerak. Oʻz fanining yetuk mutaxassisi boʻlgan oʻqituvchilar maktabga qaram emas, ular ish topolmasa ham repetitorlik orqali oʻzlarini daromad bilan taʼminlashga qodir.

Keksa oʻqituvchilar nafaqaga chiqmoqda, ularning oʻrnini bosadigan kadrlar yoʻq. Borlari taʼlim tizimidagi zamonaviy texnologiyalar jumladan, elektron doskalardan foydalanishni bilmaydi. Maktablarda yosh pedagoglarning bilimini oshirish, malakali mutaxassislarni jalb qilish zarur.

— Joriy yilda pedagoglarning malaka toifasi uchun boʻlgan attestatsiyada 17466 nafar oʻqituvchi qatnashdi, — deydi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Muzaffar Hamdamov. — Test sinovida ishtirok etgan pedagoglarning 55 foizi qoniqarsiz ball oldi. Toʻgʻri, ularning ichida navbatdan tashqari oʻz xohishi bilan ishtirok etgan oʻqituvchilar koʻp. Bunday pedagoglar oʻz toifasini saqlab qoldi, ammo navbatdagi attestatsiya imtihonida qatnashgan oʻqituvchilar malaka toifasini yoʻqotdi. Attestatsiya natijalaridan shu xulosaga keldikki, pedagoglarimizning bilim va mahoratini oshirish uchun malaka oshirishga kengroq jalb qilish kerak.

Bugungi kunda Samarqand viloyatida bolalarning maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrovi ham 74,3 foizni tashkil etib, respublikada 12-oʻrinda. Bu past koʻrsatkich boʻlib, Nurobod, Urgut, Kattaqoʻrgʻon, Samarqand tumanlarida qamrov darajasining koʻrsatkichi viloyatdagi oʻrtacha koʻrsatkichdan ham past. Shuningdek, viloyatdagi bogʻchalarda 23 mingdan ziyod boʻsh oʻrin mavjud, lekin shu paytgacha ulardan maqsadli foydalanilmagan. Bu boradagi muammolarni mutasaddilar ham oʻylab koʻrsalar, taʼlim sifati yuksalgan boʻlardi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер