Mahmud Namozov tarixiy voqea haqida gapirdi

11:11 04 Aprel 2019 Madaniyat
2595 0

Prezidentimiz tashabbusi bilan 5 — 10 aprel kunlari Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining oʻtkazilishi dunyo baxshilari, folklorshunoslari, madaniyat va sanʼat namoyandalarini qadim Surxon vohasiga chorlamoqda. Xalqimiz ham ushbu nufuzli sanʼat anjumanini katta ishtiyoq va intiqlik bilan kutyapti.

Muxbirlarimiz xalqaro festival arafasida soha vakillari va yurtdoshlarimizning ayrimlaridan dil soʻzlarini yozib oldi.

Mahmud NAMOZOV,
Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti:

— Yoshligimizdan toʻy-hashamlar, sayil va marosimlarda baxshilardan dostonlar, turli termalar eshitib katta boʻlganmiz. Oʻzimiz ham xalqning oqinlariga havas qilib doʻmbira chertganmiz, folklor namunalaridan ijro etishga harakat qilganmiz. Mana shu istak va intilishlarimiz bizni sanʼat yoʻliga boshlagan, desam, xato boʻlmas.

Yurtboshimiz ushbu qadimiy sanʼat turini keng targʻib qilish, ragʻbatlantirish maqsadida xalqaro darajadagi katta festival tashkil etgani ulkan tarixiy voqea boʻldi. Baxshi va oqinlarimizga oʻzligini, isteʼdod va salohiyatini namoyon etishi uchun keng maydon yaratildi. Shu sohada faoliyat yuritayotgan bir sanʼatkor sifatida bundan koʻksim togʻdek koʻtarildi. Yillar davomida ushalmay kelayotgan orzularimiz, istak-xohishlarimiz roʻyobga chiqdi. 

Xalqimizda “Oqqan daryo oqmay qolmas”, degan hikmatli naql bor. Tubi teran, oʻzanlari mustahkam qadim milliy sanʼatimiz endi yana dunyoga keng quloch yozadi. Oʻz qanotlarida butun dunyoga ezgulik, maʼrifat, mehr-oqibat urugʻlaridan ilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?