Mahallalarda xavfsiz muhit qanday taʼminlanadi?

17:57 17 Yanvar 2026 Jamiyat
328 0

Arxiv surat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2026-yil 5-yanvar kuni “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Ushbu hujjatda 2025-yildagi natijalarni mustahkamlash va xavfsiz muhitni yanada yaxshilash nazarda tutilgan. Taʼkidlash joizki, ushbu yoʻnalishdagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida 2025-yil 3-yanvarda qabul qilingan “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qaroridagi vazifalarning ijrosi natijasida mahallalarda jinoyatchilik qariyb 1,5 barobarga kamaygan. Bu boradagi ishlarning natijadorligini oshirish maqsadida davlatimiz rahbari yangi qaror imzoladi. Yangi qaror mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash ishlarini tizimli tashkil etish, har bir masʼul rahbar zimmasiga aniq vazifalar yuklash va aholi murojaatlariga tezkorlik bilan javob berish tizimini yaratishga qaratilgan.

Qaror asosiy eʼtiborni oila-turmush munosabatlari doirasida, ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olishga, aholi muammolarini joyida hal etishga va zamonaviy texnologiyalar yordamida huquqbuzarliklarni bartaraf etishga qaratadi. Eng muhimi, ushbu hujjat har bir fuqaroning xavfsizligi va farovonligini taʼminlash uchun davlat, mahalliy hokimiyat va jamoatchilik birgalikda samarali ishlashi zarurligini belgilaydi.

Nimalar oʻzgaradi va kimlar ushbu oʻzgarishlarga masʼul?

Qarorga koʻra, 2026-yilda respublika boʻylab mahallalar ularning kriminogen vaziyatiga qarab masʼul rahbarlarga biriktiriladi. Bu shunchaki rasmiy tayinlash emas – har bir masʼul rahbar oʻz mahallasida xavfsizlikni taʼminlash uchun shaxsan javobgar boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga doir ustuvor chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mahallalar jinoyat sodir etilganligi darajasiga qarab bir nechta toifalarga “yashil”, “sariq” va “qizil”ga ajratilgan. Ayni shu toifalara Prezidentning yangi qarorida ham tilga olingan.

Xususan, kriminogen vaziyati ogʻir mahallalar tuman hokimlari, prokurorlari va ichki ishlar organlari boshliqlari zimmasiga yuklanadi. Ular oʻz hududlarida jinoyatchilikni kamaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishi va amalga oshirishi kerak. Besh yildan buyon “qizil” toifada boʻlayotgan mahallalar Milliy gvardiya va viloyat darajasidagi rahbarlar nazoratiga beriladi. Bu mahallalarda chuqur tahlil va oʻziga xos yondashuvlar talab etiladi. Uch yildan buyon muammoli boʻlgan mahallalar huquq-tartibot idoralarining taʼlim va ilmiy tashkilotlariga topshiriladi. Ularda ilmiy asosda muammolar oʻrganiladi va yechimlar ishlab chiqiladi. Ayollar jinoyatchiligi, spirtli ichimliklar va giyohvandlik muammosi yuqori mahallalar oila va xotin-qizlar, sogʻliqni saqlash hamda adliya boshqarmalari masʼuliyatiga yuklanadi. Bu muammolarni ijtimoiy yondashuvlar bilan hal etish koʻzda tutiladi.

Qarorning amaliy jihati shundaki, Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman hokimlari har oy kamida ikkita muammoli mahallaga shaxsan borishlari shart. Ular u yerda yoshlar, ayollar va ishsizlarga nisbatan qanday ijtimoiy yordam koʻrsatilayotganini oʻrganadi va aholi muammolarini joyida hal etish boʻyicha aniq choralar koʻradi. Har oy oxirida hokimlar mahallalarda sodir etilgan jinoyatlarning sabablarini tanqidiy muhokama qiladi va ish yuritishda harakatsizlikka yoʻl qoʻygan tashkilot rahbarlariga nisbatan choralar koʻradi. Bu degani, endilikda mahallalarda sodir boʻladigan har bir jinoyat chuqur tahlil qilinadi va uning sabablarini bartaraf etish uchun aniq ishlar amalga oshiriladi.

Qaror fuqarolar murojaatlariga munosabatda muhim oʻzgarishlar kiritadi. Ichki ishlar vazirligi 2026-yil yakuniga qadar fuqarolarning huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ogʻzaki murojaatlarini ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat planshetlari orqali real vaqt rejimida qabul qilish va tezkorlik bilan javob berish tizimini yoʻlga qoʻyadi. Bundan tashqari, 2026-yil 1-noyabrga qadar “Mening inspektorim” mobil ilovasi ishlab chiqiladi. Bu ilova orqali fuqarolar oʻz mahalla profilaktika inspektorlari bilan onlayn muloqot qilishi, foto, audio va video materiallar yuborishi hamda inspektorlar faoliyatiga baho berish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu shaffoflik va javobgarlikni oshirishga xizmat qiladi.

Qaror zamonaviy axborot-kommunikatsiya va sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etishni ham nazarda tutadi. Xususan, 2026-yil 1-mayga qadar “Ye-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimining “Ye-nizoli oila” moduli ishga tushiriladi. Bu tizim nizoli oilalar haqidagi maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va monitoring qilish imkonini beradi, bu esa oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishga yordam beradi.

Qaror samarali ishlaganlar uchun ragʻbatlantirish tizimi ham nazarda tutilgan. Hokimlar har chorakda mahallada jinoyatchilikni jilovlash yoʻnalishida oʻrnak koʻrsatgan kamida 15 nafar rahbar va xodimni mahalliy byudjet daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan mehnatga haq toʻlash fondining bir baravari miqdorda pul mukofoti bilan ragʻbatlantirib boradi. Shu bilan birga, javobgarlik ham oshiriladi. Jinoyatlarni hisobdan yashirish, soxta maʼlumotlar kiritish va aholining murojaatlariga befarq munosabat bildirgan masʼul shaxslarga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan choralar koʻriladi.

Qaror ijrЎзбекчаosini taʼminlash uchun Bosh prokuratura huzurida tuzilgan Respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi faoliyatini davom ettiradi. Muhim jihat shundaki, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar har oy yakunida viloyat prokurorlari va ichki ishlar organlari boshliqlari huzurida, har chorak yakunida esa ichki ishlar vaziri va Bosh prokuror huzurida tanqidiy muhokama qilinadi va Prezident Administratsiyasiga tahliliy axborot kiritib boriladi.

Qisqa qilib aytganda, qarorning asosiy maqsadlari aniq va oddiy: mahallalarda xavfsiz muhitni ishonchli taʼminlash, oila-turmush munosabatlari doirasida hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning asl sabablarini topish va bartaraf etish, har qanday noqonuniy holatlarga tezkorlik bilan javob berish hamda aholi roziligiga erishishdir.

Bu qaror oddiy aholiga nima beradi?

Avvalo, hujjatda koʻzda tutilgan vazifalarning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishi mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantiradi. Ikkinchidan, aholi muammolarni tezkorlik bilan hal qilish imkoniyatiga ega boʻladi – endilikda siz mahalla inspektoringiz bilan mobil ilova orqali toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlana olasiz. Uchinchidan, ishsizlar uchun ish topish, biznes boshlash, huquqiy yordam olish yanada osonlashadi – “Ijtimoiy profilaktika haftaligi” doirasida barcha kerakli xizmatlar bir joyda taqdim etiladi. Muhimi, qaror shunchaki qogʻozda qolib ketmaydi. Har bir masʼul rahbar zimmasiga aniq vazifa yuklanmoqda va natijasiz ishlar uchun kelajakda javobgarlik koʻzda tutilmoqda. Bu esa mahallalarda xavfsizlikni taʼminlash ishlarini yangi bosqichga olib chiqadi.

Oʻzbekiston mahallalari – bu nafaqat yashash manzili, balki biz hayot kechiradigan, bolalarimizni tarbiyalaydigan, keksalarimiz dam oladigan muhit. Bu muhitning xavfsizligi va farovonligi davlat, mahalliy hokimiyat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va biz, oddiy fuqarolarning birgalikdagi masʼuliyatidir. Yangi qaror aynan shu birgalikdagi ishni tizimlashtiradi va har bir ishtirokchining vazifasini aniq belgilaydi.

Xushnazar Joʻrayev, Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquq va texnologiyalar shuʼbasi oʻqituvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?