Mahallalarda ayollar tadbirkorligi rivojlanmoqda

12:20 19 Mart 2026 Jamiyat
131 0

Toyloq tumanining Bunyodkor mahallasida yashovchi Salima Bahronova gulchilik bilan shugʻullanib, tadbirkorlik yoʻlini tanlagan ayollardan biri. U gulga boʻlgan mehrini kasbga aylantirib, bugungi kunda mahallada namuna boʻlayotgan tadbirkorlardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.

Salima Bahronova yaqinlarining tavsiyasi va qoʻllab-quvvatlashi bilan 20 sotix yer maydonida zamonaviy issiqxona tashkil etdi. Dastlab kichik hajmda boshlangan ish bugun tobora kengayib, serdaromad faoliyatga aylanib bormoqda. Issiqxonada turli xil xona gullari yetishtirilib, ularning parvarishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Tadbirkor bugungi kunda 10 dan ortiq turdagi xona gullarini yetishtirib, ularni bozorga taklif qilmoqda. Har bir gulning oʻsish sharoiti, sugʻorish, oʻgʻitlash va parvarish jarayonlari sinchkovlik bilan olib boriladi. Chunki sifatli mahsulot yetishtirish uchun sabr, mehr va mehnat zarur.

Ayni paytda issiqxonada 60 ming dona geran xona oʻsimligi parvarish qilinib, bozorga chiqarishga tayyor holatga keltirilgan. Bu esa Salima Bahronovaning mehnati va izlanishlari samarasidir. Geran gullari oʻzining chiroyli koʻrinishi, rang-barangligi va xona sharoitiga mosligi bilan xaridorlar orasida talabgir hisoblanadi.

Issiqxonada ishlar faqatgina Salima Bahronovaning oʻzi bilan cheklanib qolmaydi. Unga yaqinlari — ukasi, otasi hamda kelini ham yordam berib, birgalikda mehnat qilishmoqda. Oila aʼzolarining hamjihatligi va bir-birini qoʻllab-quvvatlashi natijasida issiqxonadagi ishlar samarali tashkil etilgan. Bu esa nafaqat oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga, balki oila daromadini oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Salima Bahronova kelgusida issiqxona faoliyatini yanada kengaytirib, gul turlarini koʻpaytirish, yangi navlarni yetishtirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, mahallada gulchilikni rivojlantirish orqali yana bir qancha fuqarolarni ish bilan taʼminlash niyatida.

Darhaqiqat, gulga boʻlgan mehr, tinimsiz mehnat va qatʼiyat har qanday insonni muvaffaqiyat sari yetaklaydi. Salima Bahronovaning faoliyati esa bunyodkorlik, mehnatsevarlik va tadbirkorlikning yorqin namunasidir.

Tumanning Charogʻbon mahallasidagi “GLAMUR” goʻzallik saloni rahbari, tadbirkor Shahzoda Toshpoʻlatovaning ham mehnat faoliyati alohida eʼtirofga loyiq. Ayni paytda u 30 ga yaqin shogirdlari bilan tuman xotin-qizlariga turli xizmatlarni koʻrsatib kelmoqda.

Tadbirkor Nuriya Safoyeva esa 30 turdan ortiq shirinlik mahsulotlarini ishlab chiqarib, aholiga taklif etib kelmoqda.

— Bugungi kunda seximizda 8 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan taʼminlangan, — deydi Nuriya Safoyeva. — Shu vaqtga qadar 50 dan ortiq shogirdlar tayyorlab, ularning mustaqil faoliyat boshlashiga koʻmaklashdik.

Quvonarlisi, tumanda bugungi kunda amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar tufayli koʻplab mahallalar kambagʻallikdan holi hududga aylanmoqda.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?