Mahalla obod boʻlsa, mamlakat farovon boʻladi
Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi. Ushbu tarixiy ahamiyatga ega hujjat mamlakatimizda amalga oshiriladigan keng qamrovli ezgu maqsadlarni, islohotlarni oʻzida aks ettirgan, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Bugungi kundada Yangi Oʻzbekiston “Inson qadri ustuvor boʻlgan jamiyat va xalqparvar davlat” degan muhim gʻoya negizida barpo etilmoqda. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida birinchi oʻringa shaxs, inson qadri yuqori oʻringa qoʻyilib, “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida davlat hamda jamiyat boshqaruvini tashkil etadi. Umuman, amaliy natija, inson manfaati, uning qadr-qimmati bosh maqsadga aylangan.
Mahalla tizimi yurtimizning eng muhim va tayanch boʻgʻini hisoblanadi. Soʻnggi yillarda ushbu noyob institutni rivojlantirish borasida qator amaliy ishlar amalga oshirildi. Xususan, mahalla institutiga oid qirqqa yaqin qonun va meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi, ellikdan ortigʻi takomillashtirildi. Bularning barchasi soha rivojiga xizmat qilyapti.
Misol uchun, bundan ikki yil avvalgi tahlilni oladigan boʻlsak, mazkur vaqt davomida 250 dan ortiq mahallalar binolari yangidan qurildi, 166 tasining binosi rekonstruksiya qilindi, yuzga yaqini joriy taʼmirlandi. Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 590 ta fuqarolar yigʻiniga yangi binolar qurish uchun yer maydonlari ajratishga koʻmaklashildi. Ularning moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash maqsadida 924 ta fuqarolar yigʻini kompyuter, 751 tasi mebel jihozlari bilan taʼminlandi.
Yana bir gap. Xalqimizni hayotdan rozi qilish, yurtimiz yangi qiyofasini yaratishda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur dasturlar ijrosi tufayli birgina Jizzax viloyati Doʻstlik tumanining “Manas” qishlogʻida butunlay yangi qiyofa kasb etdi.
Asosiy eʼtibor hududdagi ishsizlik bilan bogʻliq muammolarga yechim topishga qaratildi. Bunda, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj, eng ogʻir sharoitda yashayotgan nogironligi bor shaxslar, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, ishsiz insonlarning muammosini hal qilishga katta eʼtibor berildi. Bugun saʼy-harakatlar oʻz samarasini berdi.
Manas tajribasidan kelib chiqib, dasturlar ijrosi natijasida mamlakatimizning yuzlab qishloq, mahalla va ovullaridagi millionlab insonlar hayotida tub oʻzgarishlar roʻy berdi. Oʻtgan yilda Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, 7794 ta qishloq hamda mahallada 20,8 trln. soʻmlik qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi parametrlar tasdiqlanib, amaliy ishlar bajarildi.
Bu hali hammasi emas. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mahallalarda toʻplanib qolgan muammo va kamchiliklarga samarali yechim topish, tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash yoʻlida barcha saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida sohaga masʼul alohida davlat idorasi — Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etilishi muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Mahalla institutining iqtisodiy-moliyaviy asoslarini kuchaytirish maqsadida mahalla raisi va uning oʻrinbosarlari oylik ish haqi oʻrtacha 1,35 baravarga oshirildi.
Mahalla xodimlari hamda profilaktika inspektorlari faoliyatini baholashning yagona mezoni ishlab chiqiladi va samaradorlik reytingi joriy qilindi. Barchaga oʻrnak boʻladigan mahallalar aniqlanib, munosib ragʻbatlantirib borilmoqda.
“Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz” va boshqa dasturlar doirasida mahallalarga tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun arzon kredit mablagʻlari ajratilib kelinmoqda. Bu mablagʻlar hisobiga sartaroshxona, novvoyxona, shuningdek, hunarmandchilik, tikuv, qandolatchilik sexlari, otalar choyxonasi, guzar maskanlari tashkil etildi. Fuqarolar yigʻinlarining faoliyatiga xos boʻlmagan 50 dan ortiq vazifa bekor qilinishi, profilaktika inspektorlariga yuklatilgan ortiqcha topshiriqlar ham keskin qisqartirildi. Mahalla raisiga qoʻshimcha huquqlar berildi.
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini birinchi “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” ustuvor yoʻnalishining 1-maqsadi ham aynan mahalla instituti faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish bilan bevosita bogʻliq.
Unga koʻra, mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni joyida hal etish maqsadida mahallalar vakolatlarini kengaytirish, ularning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish, fuqarolarning oʻz mahallasi hayotidagi ishtirokini hamda davlat organlari va mahallalar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqani taʼminlash, mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni raqamlashtirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.
Mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimini yaratish, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada koʻrsatish, mahallalarning “oʻsish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini kuchaytirish kabilar ham shular jumlasidandir.
Darhaqiqat, oʻtgan besh yilda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarning guvohi boʻldik. Har bir sohadagi oʻzgarish, tatbiq etilgan zamonaviy amaliyotlar, loyihalar, inson farovonligi va uning qadr-qimmatini oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarning barchasi amalga tatbiq etildi. Turli sohalarda nafaqat fuqarolarga qulaylik yaratildi balki xizmat koʻrsatishning soddalashtirilgan va zamonaviy texnologiyalar asosida tatbiq etilayotgan jihatlari ommalashdi.
Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarning hayot tatbiq etilishi oʻtgan besh yillik Harakatlar strategiyasining manzilli davomi sifatida yanada koʻplab islohotlar hamda yangilanishlarni oʻzida mujassam etadi.
Nurbek NASRULLAYEV,
Toshkent axborot texnologiyalari
universiteti Nurafshon filiali direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring