Londondagi “Cross Works” kompaniyasi Toshkentda oʻz vakolatxonasini ochadi

19:28 14 Mart 2026 Jamiyat
441 0

Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmanov Londonda joylashgan xalqaro arxitektura kompaniyasi — “Cross Works” asoschisi Hakan Akcha bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

Suhbat chogʻida Hakan Akcha “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish boʻyicha olib borilayotgan hamkorlikdan mamnun ekanini qayd etdi. Eslatib oʻtamiz, aynan ushbu kompaniya Yangi Toshkent shahrining bosh rejasini ishlab chiqqan.

Endilikda kompaniya oʻz faoliyatini kengaytirib, Oʻzbekistonning tarixiy shaharlari — Samarqand, Buxoro va Xivadagi infratuzilma va shaharsozlik loyihalarida ham ishtirok etish niyatida ekanini maʼlum qildi.

Uchrashuvning eng muhim natijasi sifatida Toshkent shahrida “Cross Works” kompaniyasining Markaziy Osiyo va MDH uchun mintaqaviy vakolatxonasini ochish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu qadam kompaniyaning mintaqadagi faoliyatini muvofiqlashtirish va yangi loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Britaniya tomoni faqat loyihalash bilan cheklanib qolmay, oʻzbekistonlik arxitektor va muhandislar uchun malaka oshirish dasturlari, xalqaro tajriba almashish tizimini yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bildirdi.

Maʼlumot uchun: “Cross Works” — shaharsozlik, arxitektura dizayni va raqamli kartografiya yoʻnalishida innovatsion yechimlar taklif etuvchi xalqaro kompaniya. Uning ofislari London va Ar-Riyoz shaharlarida joylashgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?