Kuniga 10 ming qadam, salomatlik va kommunal to‘lov...

Foto: “Xalq so‘zi”
Har kuni 10 ming qadam masofani piyoda bosib o‘tgan kishining sog‘lom bo‘lishi - bu muqarrar, lekin kommunal to‘lovning qanday aloqasi bor, deb ajablanayotgandirsiz balki.
Qarshi shahridagi Temiryo‘lchi mahallasida yashovchi Ilhom Qorayev fikrlarini eshitsangiz, bu savolga aniq javob topasiz.
-Ishxonam va uyim o‘rtasidagi masofa 4,5 kilometr, shuncha masofa bosib ishga piyoda boraman va piyoda qaytaman,- deydi Ilhom aka. –“Sog‘lom turmush tarzi” platformasida ishtirok etyapman. Platformada id.egov.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tganman. Buning evaziga platformadagi elektron hamyonimga kuniga 3 ming so‘m mablag‘ kelib tushmoqda. Shu tariqa piyoda yurib, oyiga 90 ming so‘m topayotirman. Shu pulni kommunal to‘lovlarga sarflayapman. Yozda elektr, gaz va suv to‘lovlariga piyoda yurish evaziga topgan pulim yetadi, qishda suv va elektr xarajatini qoplaydi.
Ilhom Qorayev 58 yoshda. Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi moddiy-texnik baza, qurilish va ekspluatatsiya bo‘limi boshlig‘i vazifasida xizmat qilmoqda. Aytganday, Ilhom akaning bir necha hamkasblari unga havas qilib, piyoda yurishni boshlagan.
-To‘g‘risi, men bundan faqat pul topishni o‘ylayotganim yo‘q, - deydi I. Qorayev.- Piyoda yurmagan paytlarimda qon bosimim tez-tez ko‘tarilib turardi. Vaznim ham juda og‘ir edi. Mana, 7 oydan buyon yayov yurib, kasallikni yengdim. Hozir juda yengilman, qon bosimim borasida shikoyatim yo‘q.
Ilhom Qorayevning to‘rt o‘g‘li, 2 qizi bor. Hammasi uyli-joyli, bola-chaqali. Nabiralar irodasi mustahkam va sog‘lom bobosi bilan fahrlanishadi. Ular ham bobosi kabi “Sog‘lom turmush tarzi” platformasida faol ishtirok etishga intilishmoqda.
Piyoda yurib, o‘z sog‘ligini muhofaza qilayotgani I. Qorayevga daromad keltirmoqda. Bu yaxshi. Uning bu saʼy-harakati ommaviy tus olsa, ko‘plab odamlar piyoda yurishni odatga aylantirsa, aholi o‘rtasida, ayniqsa, qon-tomir, qandli diabet kabi kasalliklar chekinadi. Aslida davlatimiz ham shuni istaydi.
Faxriddin Bozorov, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring