Koronavirus: “Raqamlarning oʻzgarishi oʻzimizga bogʻliq”

15:24 24 Aprel 2020 Jamiyat
940 0

Olimxoji YOʻLDOSHEV, mehnat faxriysi:

— Nega ilgarigi zamon odamlari nisbatan uzoq va sogʻlom yashashgan? Sababi havo toza, odamlar esa koʻp jismoniy harakatda boʻlgan, ozodalikka, tartibli ishlashga qatʼiy rioya qilgan, koʻcha ovqatini yemagan, fast-fud degan narsalar-ku umuman boʻlmagan ilgari. Fikrimcha, har qanday kasallik tashqi muhit oqibatida emas, insonning oʻz sogʻligʻiga oʻzi befarqligidan kelib chiqadi.

Men olti yoshimda ot boqish bilan mehnatni oʻrganganman. Mana bugun 82 yoshdaman va umr boʻyi qishloq xoʻjaligi sohasida ishladim. Hozir nafaqadaman, ammo uyda ham tinim bilmayman: hovlimizga sabzavotmi, mevali daraxtmi ekib, nevaralarimga nimadir yetishtirishga intilaman. Bugun butun dunyoga tojdor virus xavf solib, ozodalikka qatʼiy amal qilishga, koʻchadan mahsulot olishda ehtiyotkor boʻlishga daʼvat etilayotgan bir paytda bu juda koʻmak beryapti.

Koronavirus nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo xalqlariga Tangri tomonidan berilgan sinov. U biz unutayozgan sogʻlom turmush tarzini yodimizga soldi, oʻzimizga, atrofimizga eʼtiborli va ehtiyotkor boʻlishni oʻrgatdi. U oʻrgatgan qoidalarga karantindagina emas, undan keyin ham amal qilsak, kelgusida bu kabi tahlikali holatlar takrorlanmaydi. Ahamiyat bergan boʻlsangiz, yurtimizda virus ilk bor aniqlanganida uni yuqtirib olgan bemor bitta edi, ikki hafta ichida ular 133 nafarga yetdi. Bu raqamlarning oʻzgarishi oʻzimizga bogʻliq. Inson nafaqat oʻzining, balki yeydigan, ichadigan, kiyadigan narsalarining tozaligiga eʼtiborli boʻlsa unga hech qanday kasallik yuqmaydi. Shunday qilsa bemorlarning emas, sogʻayganlarning safi kengayishiga koʻmak bergan boʻladi.

Salima SAYFUDDINOVA, mehnat faxriysi:

— Oʻzbekiston koʻp millatli xalq. Men ham uzoq yillardan buyon Andijonda yashayman. Oʻzbek xalqining naqadar insonparvarligiga mana shunday qiyin pallalarda yana bir karra amin boʻldim.

Toʻgʻrisini aytsam, koʻrinmas dushman hammani vahimaga solgan, koʻchaga chiqish taʼqiqlangan bir paytda men ham biroz xavotirga tushdim. Sababi farzandlarim Rossiyada, turmush oʻrtogʻim vafot etgan, kamiga anchadan buyon bir oyogʻim yaxshi ishlamay qolgan edi. Ammo Qizil yarim oy jamiyatidan menga qarovchi yuborilganida koʻnglim taskin topdi, xavotirlarim tarqadi. Bugun qarovchidan tashqari mahalla faollari ham holimdan xabar olib turishibdi.

Bugungi sinovli kunda inson nafaqat oʻziga, balki atrofidagilarga ham eʼtiborli boʻlishga majbur. Sababi virus koʻrinmas va sezilmas narsa. U qachon kimning ichiga kirib olganini bilmaymiz. Bilganimizda esa kech boʻlishi mumkin. Shu sabab odam oʻzini asrasa boshqalarni ham asragan boʻladi. Shunday paytda koʻproq suyuqlik ichishni, badantarbiyaga yana-da koʻproq vaqt sarflashni tavsiya etgan boʻlar edim. Qolaversa, qirgʻichdan oʻtkazilgan turp va asal aralashmasi ham immunitetni oshiradi. Aslida meva va sabzavotlarning hammasi ham toza holida isteʼmol qilinsa, salomatligimizga koni foyda.

Bemorlar orasida sogʻayganlar haqida eshitib xursand boʻldim. Kelgusida boshqa yurtdoshlarimiz ham shifo topib, bu virus balosi batamom bartaraf etilishi uchun sabr qilishimiz, yakdil boʻlishmiz, karantin qoidalariga daxldorlik hissi bilan rioya qilishimiz kerak. Ana shunda maqsadga erishamiz.

Yulduz OʻRMONOVA yozib oldi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?