Konstitutsiyaviy islohotlarga daxldorlik hissi
Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasi yurtimiz boʻylab ulkan tarixiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy ahamiyatga molik voqelik boʻldi. Zero, xalqimizning barcha qatlamlari ushbu jarayonni bevosita kuzatib, oʻzlarining munosabatlarini bildirmoqdalar.
Bunga sabab davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pogʻonaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham oʻzgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni koʻrib, koʻrmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, yosh avlodimiz bizdan rozi boʻlmaydi.
Shu bois Murojaatnomada inson qadri ulugʻ boʻlgan diyor — Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi keng koʻlamli islohotlarni xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi boʻladigan yangilanayotgan Konstitutsiyamizga tayanib amalga oshirishga qaratilgan muhim ahamiyatga ega boʻlgan quyidagi takliflar ilgari surildi.
Birinchidan, “Avval — inson, keyin — jamiyat va davlat” degan gʻoyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerakligi, hozirgi kundagi jiddiy sinovlar va bashorat qilib boʻlmaydigan xavf-xatarlarni yengib oʻtishga qodir boʻlgan milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlashimiz zarurligi taʼkidlandi.
Shularni eʼtiborga olgan holda, Asosiy qonunimizni takomillashtirish ishlari davom ettirilayotganligi, bugungi kunga qadar bu borada 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgani, muhokamalar qizgʻin davom etayotganligi, bu jarayonda deputatlarimiz, siyosiy partiyalarimiz masʼul va faol boʻlib, har bir taklifga jiddiy yondashayotganligi eʼtirof etildi.
Ikkinchidan, soʻnggi yillarda koʻp vakolatlar Oliy Majlisga oʻtkazilgani qayd qilinib, ularni yanada kengaytirish nazarda tutilayotganligi aytildi.
Jumladan, vazirlar faoliyatini samarali tashkil etishda parlamentdagi qoʻmita, komissiya va deputatlarning ham masʼuliyatini belgilash, deputatlarga berilgan katta vakolat va imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida parlamentimizning ish uslubini yaxshilash va faoliyat samaradorligini oshirish ham Konstitutsiyamizda oʻz aksini topishi zarurligi qayd qilindi.
Uchinchidan, uzoq tayyorgarlik koʻrilgan yangi maʼmuriy islohotlar toʻgʻrisidagi farmon imzolanganligi va birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinishi, Hukumat ish uslubi ham tubdan oʻzgarishi, eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 taga kamaytirilishi, davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqarishi, iqtisod qilinadigan mablagʻlarni ijtimoiy masalalarga yoʻnaltirish belgilanganligi masalalariga eʼtibor qaratildi.
Maʼmuriy islohotlarning ikkinchi bosqichi sifatida kelgusi yilda hududlardagi boshqaruv tizimi ham isloh qilinadi. Barcha maʼmuriy islohotlar doirasidagi yangi tashabbuslar Konstitutsiyamizda, albatta, belgilab qoʻyilishi lozimgi taʼkidlandi.
Toʻrtinchidan, Yangi Oʻzbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish maqsad qilinganligi va buni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerakligiga urgʻu berildi.
Ijtimoiy davlat — bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishi yoʻlida zarur sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, demakdir.
Shu bois birinchi navbatdagi eʼtibor Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratiladi. Maktablarda taʼlim sifati hamda jamiyatda oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023-yildagi eng asosiy vazifalarimizdan biri boʻladi.
Oʻqituvchilarning maqomini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi alohida taʼkidlandi.
Beshinchidan, Konstitutsiyamizga aholining munosib hayot kechirishi va uy-joyga ega boʻlishi toʻgʻrisidagi yangi moddalarni kiritish lozim degan taklif berildi. Xususan, 2023-yilda aholi uchun yangi uy-joylar qurish hajmini 1,5 barobar oshirib, 90 mingga yetkazish, bu borada ikki yil oldin boshlangan imtiyozli shartlar asosida ipoteka kreditlari berish davom ettirilishi, Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi boshlanishi, dastur doirasida, birinchi navbatda turar-joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etilishi rejalashtirilganligi aytib oʻtildi.
Oltinchidan, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozimligi haqida juda muhim taklif bildirildi.
Chunonchi, soʻnggi yillarda sud-huquq tizimida adolat oʻrnatish boʻyicha koʻp ish qilinganligi, shu bilan birga, odil sudlovni taʼminlash boʻyicha hali oʻz yechimini kutib turgan masalalar borligi, shu jumladan, hozir ham tergov sifati pastligi, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolayotgani bilan bogʻliq holatlar uchrayotganligiga eʼtibor qaratildi.
Xulosa qilib aytganda, maʼno-mazmuni inson qadrini ulugʻlash ruhi bilan boyitilgan, kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, Yangi Oʻzbekistonga mos boʻlgan Konstitutsiyani har tomonlama oʻylab, shoshilmasdan ishlab chiqishimiz kerak. Bu boradagi masalalar naqadar dolzarb ekanligini oddiy tahlil, yaʼni Murojaatnomada 16 marotaba Konstitutsiya va Asosiy qonun soʻzlari qoʻllanilganligi ham fikrimizni yaqqol tasdiqlab turibdi.
Eng muhimi, har bir vatandoshimiz konstitutsiyaviy islohotlarga daxldor boʻlishi kerak.
Foziljon OTAXONOV,
Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari
va parlament tadqiqotlari instituti direktori,
yuridik fanlar doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring