Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda mustahkam poydevor

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga muvofiq Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli. Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi.
Mazkur moddada har bir shaxsga sud orqali himoyalanish huquqining kafolatlariga oid konstitutsiyaviy qoidalar nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi hamda demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi kafolatlangan. Bu esa o‘z navbatida, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning eng samarali, ta’sirchan va demokratik usullaridan biri bo‘lgan sud orqali himoyani imkon qadar kengaytirishga, sud tizimining demokratik asoslarini isloh qilish va yanada chuqurlashtirishga, sud ishlarining adolatli va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlashga, fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan sud-huquq islohotlarini amalga oshirishni taqozo etdi.
Ushbu modda bilan har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, boshqa tashkilotlarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqining kafolatlanishi mamlakatimizda shaxs huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur modda bilan nafaqat O‘zbekiston fuqarolariga, balki mamlakatimizda istiqomat qilayotgan chet el fuqarolariga hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarining sud orqali himoya qilinishi kafolatlanadi.
55-modda nafaqat jismoniy, balki yuridik shaxslarning ham sud orqali davlat organlari, mansabdor shaxslar, boshqa tashkilotlarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlaridan himoyalanishini kafolatlaydi.
Mazkur moddadagi kafolatlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 8-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan “har bir inson, mabodo uning Konstitutsiya, qonun berib qo‘ygan asosiy huquqlari buzilgudek bo‘lsa, nufuzli milliy sudlar tomonidan o‘z huquqlarini samarali tarzda tiklash huquqiga ega” ekanligi haqidagi normalarga to‘la mos keladi.
Shunga o‘xshash norma, Irqiy kamsitishning barcha turlariga qarshi konvensiyada (5-modda), Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda (9-modda) hamda Ayollar huquqlarini kamsitishning barcha shakllariga qarshi konvensiyada (15-modda) ham o‘z ifodasini topgan.
Milliy qonun hujjatlarimizda sudlar tomonidan inson huquqlarini samarali himoya qilishni kafolatlashga qaratilgan qator normalar mavjud. Xususan, Fuqarolik prosessual, Iqtisodiy prosessual kodekslari va yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda ham shaxsning sudga murojaat qilish huquqlari nazarda tutilgan.
Shuningdek, yuqoridagi konstitutsiyaviy qoidani hayotimizda to‘laqonli amalga oshirish maqsadida 2021 yil 27 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq endi faqat muayyan ishda qo‘llanilgan qonun bilan ularning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi yuzasidan shikoyat bilan fuqarolar va yuridik shaxslarga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berildi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadi ham inson huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishning eng muhim kafolati sifatida sud hokimiyatining nufuzini oshirish, sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash ham da fuqarolarning sud orqali himoyalanish huquqini yanada takomillashtirish va bu borada keng imkoniyatlar yaratish hisoblanadi.
Shoxrux MAJIDOV – Konstitutsiyaviy sud katta eksperti,
Moxiniso ARSLONOVA – Konstitutsiyaviy sud mutaxassisi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring