Qadimiy kent — butun dunyo sayyohlari nigohida

07:05 16 Oktyabr 2023 Jamiyat
86 0

Bugun dunyo nigohi qadimiy va muazzam shahar — Samarqandga qaratilgan. Oʻtmish va bugunning yorqin ranglarini oʻzida mujassam etgan, dunyo tamadduni taraqqiyotida yetakchi hisoblangan ushbu qadimiy kent olam ahlida hayrat uygʻotayotganining sababi nimada deb oʻylaysiz?

Chunki qadimiy shahar ilfu urfon, fan va madaniyat, astranomiya hamda matematika va dunyoning maʼnaviyat-maʼrifat markazi sifatida shuhrat qozongan. Bu yerdan yetishib chiqqan fozilu fuzalolar, olimu allomalar Renessans taraqqiyotiga tamal toshi qoʻyishgan.

Shu bois ushbu koʻhna shaharda xalqaro darajadagi anjumanlar, xususan, joriy yilning 16 — 20-oktyabr kunlari Butunjahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasini XXV sessiyasi oʻtkazilishi ham tasodif emas.

Yana bir muhim jihat shuki, bu — Oʻzbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yoʻnalishlardagi muhim yangilanishlarning amaliy natijasi koʻzga tez tashlanayotgani, barcha sohada ijobiy oʻzgarishlar kuzatilayotgani hamda xalqaro miqyosda Samarqandning mavqei tobora yuksalib borayotgani tufayli, desak, ayni haqiqat.

Keyingi paytlarda mamlakatimizda barcha tarmoqlar qatorida, turizm ham rivojlanmoqda. Bunda, tabiiyki, sohaga doir qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, sayyohlikni rivojlantirish dasturlari, alohida strategiyalar va konsepsiyalar qabul qilinayotgani muhim ahamiyat kasb etayotir.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2023-yil 27-iyuldagi “Turizm yoʻnalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida mamlakat iqtisodiyotida turizm industriyasi ulushini koʻpaytirish, ushbu yoʻnalishda zarur infratuzilmani rivojlantirish va dunyo bozorida respublikaning turizm salohiyatini targʻib qilish orqali mamlakatning yalpi ichki mahsulotida ulushini 5 foizgacha yetkazish, shuningdek, 2026-yil yakuniga qadar 11,6 milliondan ortiq turistlarni, shu jumladan uzoq xorijiy davlatlardan — 2 million turistni jalb qilish belgilangan.

Mamlakatimizda xalqaro turizmni rivojlantirishda xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar, xususan, turizm sohasida Butun jahon turizm tashkiloti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyilishi muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekiston 1993-yildan boshlab ushbu tashkilotning aʼzosi hisoblanadi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Butunjahon turizm tashkiloti 1975-yil 2-yanvarda kuchga kirgan nizom asosida faoliyat olib boradi. Tashkilotning asosiy maqsadi-turizmning rivojlanishiga koʻmaklashish, iqtisodiy taraqqiyot, xalqaro anglashuv, tinchlik, farovonlik, barcha odamlarning irqi, jinsi, tili va dinidan qatʼi nazar inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishdan iborat. Mazkur maqsadga erishish uchun tashkilot rivojlanayotgan mamlakatlarning turizm sohasidagi manfaatlariga alohida eʼtibor beradi.

Tashkilotning asosiy maqsadlaridan yana biri — aʼzo davlatlar iqtisodiyotining sayyohlik sohasini rivojlantirish hamda doʻstlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida xalqaro turizmga koʻmaklashish, odamlarning dunyo boʻylab erkin harakatlanishi yoʻlida har qanday toʻsiqlarga qarshi kurashish, turizmning barcha turlari boʻyicha texnik maʼlumotlarni toʻplash hamda tarqatish, ushbu yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, mintaqaviy va mintaqalararo miqyosda turizm faoliyatini muvofiqlashtirish, BMT hamda turizmni rivojlantirishdan manfaatdor boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik oʻrnatish qaratilgandir.

Mazkur nufuzli tashkilot doirasidagi davlatlar oʻrtasida turizm sohasida oʻzaro aloqalarni mustahkamlash hamda xalqaro ahamiyatga ega tadbirlarni muntazam tashkil etish koʻzda tutilgan. Jumladan, joriy yilda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi XXV sessiyasini Samarqand shahrida oʻtkazish belgilandi.

Ispaniyaning Madrid shahrida oʻtgan Butunjahon turizm tashkilotining XXIV sessiyasi doirasidagi ovoz berish jarayoni natijalariga koʻra, mamlakatimiz Butunjahon turizm tashkilotining navbatdagi sessiyasini oʻtkazishga talabgor davlat, turizm sohasi rivojlangan Portugaliyani ortda qoldirdi.

Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan turistik forum hisoblanadi. Yuqori darajadagi tadbir, yaʼni BMT oilasiga kiruvchi tashkilotlar Bosh assambleyasining turizm sohasi ancha rivojlangan davlatlarda emas, balki Oʻzbekistonda oʻtkazilishi mamlakatimiz uchun birinchi tarixiy hodisa, desak, mubolagʻa emas.

Ushbu yirik anjumanga tayyorgarlik, yaʼni “Samarqand — Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” nomi ostida keng targʻibot ishlari olib borilib, unga nufuzli xorijiy ishtirokchilar, xalqaro tashkilotlar hamda yirik xorijiy sayyohlik kompaniyalari vakillari, taniqli ekspertlar jalb etildi. Mehmonlarga mamlakatimiz turizm imkoniyatlarini keng tanishtirish va kelajakda hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha barcha choralar koʻrilmoqda.

Butunjahon turizm tashkilotining Bosh kotibi Zurab Pololikashvili joriy yilda bir necha borOʻzbekistonga keldi. Tashriflar davomida rasmiy uchrashuvlar, Oʻzbekistondagi turizm va madaniy meros obyektlari, zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirish, tashqi hamda ichki turizm koʻrsatkichlarini oʻsishi, sohada tadbirkorlik bilan shugʻullanish uchun yaratilgan imkoniyatlar, turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan birgalikda, joriy yilda Butunjahon turizm tashkilotining Bosh Assambleyasining XXV sessiyasini Samarqand shahrida oʻtkazish boʻyicha tayyorgarlik ishlari bilan ham tanishdi. Tadbirga hozirlik yuqori darajada olib borayotganligini eʼtirof etdi.

Taʼkidlash joizki, Zurab Pololikashvili joriy yilning 27-28-sentyabr kunlari Ar-Riyod shahrida “Xalqaro turizm kuni — 2023. Turizm va yashil investitsiyalar” xalqaro anjumanda Oʻzbekistonda turizm sohasida Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birga, Butun jahon turizm tashkilotining XXV Bosh assembleyasiga tayyorgarlik jarayonlari haqida ham batafsil maʼlumot berib, barchaning eʼtiborini Oʻzbekistonga qaratdi.

U oʻz nutqida Oʻzbekistonni yangi jozibador turistik yoʻnalish ekanini taʼkidlab, tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlarini Samarqandda boʻlib oʻtadigan Bosh assambleya tadbirlarida faol ishtirok etishga chaqirgan edi.

Sohaga doir xalqaro reytinglarda Oʻzbekistonning oʻrnini yaxshilash maqsadida Butunjahon turizm tashkiloti tomonidan turizm tez rivojlanayotgan mamlakatlar roʻyxati reytingida 2019-yildagi 4-oʻrindan 2026-yilda 3-oʻringa erishish, sayyohlar uchun xavfsiz mamlakatlar reytingi (180 mamlakat orasida)da 2020-yildagi 46-oʻrindan 2026-yilda 20 ta eng xavfsiz mamlakat roʻyxatiga kiritish, “Solo Travel Safety Report” reytingida yolgʻiz sayohat qiluvchi turistlar uchun xavfsiz mamlakat reytingida 2019-yildagi 80-oʻrindan 2026-yilda kamida 50-oʻringa erishish, “Global Muslim Travel Index” halol turizm reytingida 2020-yildagi 7-oʻrindan 2026-yilda 3-oʻrinni egallash, Sayohat va turizmning raqobatbardoshligi indeksida Oʻzbekistonni 2026-yili birinchi 50 talikka kiritish maqsad qilingan.

Bu hali hammasi emas. Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi barpo etilmoqda. Akademiya mamlakatimizning turizm sohasidagi salohiyatini yanada yaxshilash hamda bu yoʻnalishda malakali kadrlar tayyorlashda muhim loyiha hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari yaqinda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu haqda toʻxtalib, dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda har bir davlat turist jalb qilish uchun barcha imkoniyatini ishga solayotganini, bunday keskin raqobat sharoitiga mos boʻlib ishlashimiz zarurligi qayd etildi.

Tahlillarga murojaat qiladigan boʻlsak, joriy yilning oʻtgan 8 oyida yurtimizga xorijdan 4,3 million turist keldi, ulardan 1,4 milliard dollar tushum boʻldi. 15 mingta yangi mehmon oʻrinlari yaratilib, ularning soni 137 mingtaga yetkazildi. 540 ta dam olish hamda koʻngilochar maskan barpo etilib, 70 ta turizm marshruti ochildi.

Shuningdek, oltita xususiy aviakompaniya ish boshladi, yigirmadan ortiq yangi samolyot olib kelindi, yigirmata xalqaro va oltita ichki qatnov faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Samarqand aeroportida haftalik xalqaro reyslar 46 tadan 85 taga koʻpaytirildi. 1 ming 300 ta zamonaviy avtobus xarid qilinib, 38 ta marshrut tashkil etildi. Qoʻshimcha dam olish kunlari va chegirma berilgani hisobiga ichki sayyohlar soni 15 million nafarni tashkil qilib, oʻtgan yilga qaraganda ikki barobarga oʻsdi.

Savol tugʻiladi, bugun turistlarni yanada kengroq jalb qilish boʻyicha yangi imkoniyatlar mavjudmi? Bunda, eng avvalo, qoʻshni davlatlardan, Rossiya hamda Xitoydan sayyohlarni jalb qilish uchun katta salohiyat bor.

Masalan, Xitoyning hamma provinsiyalariga borib, hududlarimiz turistik salohiyatini keng targʻibot qilish, Xitoydan Samarqand, Buxoro, Xorazmga, Surxondaryo va Fargʻona vodiysiga aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish muhimdir.

Mamlakatimizga uzoq davlatlardan kelayotgan turistlar oqimi 3-4 barobar oshdi. Misol uchun, bu yil Hindistondan, Yaponiyadan, AQSHdan, Italiyadan sayyoh koʻpaydi. Lekin Malayziya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr, Qatar hamda Yevropadan turistlarni jalb qilish ishlari sustlichpa qolmoqda.

Jahon amaliyotida turizm salohiyatini targʻib qilishda kino, serial va hujjatli filmlardan keng foydalaniladi. Shu bois Kinematografiya agentligiga milliy tariximiz boʻyicha kamida ellikta badiiy, hujjatli hamda musiqali asarlar yaratish dasturini ishlab chiqishlari lozim. Turizm obyektlarida sanitariya va ozodalikka eʼtiborni yanada kuchaytirishga eʼtibor qaratildi.

Yana bir muhim masala: ushbu yoʻnalishdagi kadrlar salohiyatini oshirish bilan bogʻliq. Turizm qoʻmitasiga “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti bilan birgalikda servis sifati hamda soha xodimlarining malaka va madaniyatini yuksaltirish boʻyicha oʻqitish tizimini yaratishga eʼtibor qaratishlari lozim. Bunda mehmonxona hamda restoran ishi boʻyicha chetdan mutaxassislar taklif qilinib, har bir viloyatda oʻquv kurslari tashkil qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Qisqacha aytganda, Butunjahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi XXV sessiyasini Samarqand shahrida oʻtkazilishi jahon turizm industriyasining yetakchi vakillari, xorijlik investor hamda ishbilarmonlar, tashkilotga aʼzo davlatlarning vakillari, jahondagi ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoq vakillari va koʻplab sayyohlarni jalb etadi.

Bu, oʻz navbatida, jahon iqtisodiyotida shiddatli raqobatbardoshlik kurashi davom etayotgan, qolaversa, globallashuv davrida turizm sohasi yuqori darajada rivojlangan davlatlar tomonidan sohani ravnaq toptirish borasida ishlab chiqilgan keng qamrovli chora-tadbirlar joriy etilayotgan bir paytda Oʻzbekistonning xalqaro miqyosdagi turizm salohiyati va shu orqali turdosh tarmoqlarni yanada rivojlanish imkonini yaratadi.

Mansur ESHOV,

TDIU prorektori, iqtisodiyot fanlari doktori (DsC), professor,

Alisher ESHTAYEV,

TDIU kafedra mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori (DsC), professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер