Klaster – manfaatdorlik negizi

16:57 05 Yanvar 2023 Jamiyat
648 0

Foto: Xalq so‘zi

Respublikamizda qishloq xoʻjaligining koʻplab tarmoqlari qatorida paxtachilikda ham klaster tizimining joriy etilishi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarining manfaatdorligini oshirishga, yuzlab yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga sabab boʻlmoqda. Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi “Saxovat group” paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan soʻnggi toʻrt yilda 3 ming 600 ta ish oʻrniga ega boʻlgan obyektlarning foydalanishga topshirilgani bunga misoldir.

— Yengil sanoat sohasida orttirilgan daromad qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish orqali hosildorlikni oshirishga yoʻnaltirilmoqda, — deydi klaster rahbari Omonillo Hoshimov. — Qolaversa, ishchilar ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bugungi kunda klasterimizdagi ishchilarning oylik ish haqlari 2 mln. soʻmdan 7 mln. soʻmgachani tashkil etyapti.

Klaster tomonidan bundan toʻrt yil muqaddam tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilgan boʻlib, ortda qolgan davr mobaynida yuzlab mahsulotlar oʻzlashtirildi. Eksport faoliyati 42 mln. dollarni tashkil etishining oʻziyoq ishlab chiqarish samaradorligining yorqin ifodasidir. Hozirda korxonada ikkita yangi loyiha ustida ish olib borilmoqda. Shu yilning mart oyidan boshlab ushbu loyihalar foydalanishga topshirilishi natijasida yana 1 ming 200 nafar mahalliy aholi vakillari doimiy ish joyiga ega boʻladilar.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?