Kitob oʻqimaydigan oʻqituvchi

17:27 25 Sentyabr 2025 Jamiyat
104 0

Buyuk allomayu ulamolar, faylasuflar, siyosatchilar, ijodkorlar tomonidan eng koʻp aforizmlar, iqtiboslar kitob va kitobxonlik madaniyati haqida aytilgan. Kitob insonni tafakkur qilishga undaydigan, uni yaxshilikka, ezgulikka chorlaydigan asosiy vositadir. Bugun yurtimizda ham kitoblarni nashr etishdan tortib, kitobxonlikni ommalashtirishgacha boʻlgan barcha jarayonlarga davlat ahamiyatiga molik masala sifatida eʼtibor qaratilmoqda. Natijada kitobxon oʻquvchilar soni yildan-yilga ortib borayotgani ayni haqiqat. Ammo mamlakatimizda umumiy kitobxonlik darajasini hamon yuqori, deb boʻlmaydi.

Masalan, oʻtgan yili mashhur “CEO World” jurnali hamda “World Population Review” sotsiologik markazi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijasiga koʻra, aholining kitobxonlik darajasi boʻyicha AQSH birinchi oʻrinni egalladi. Qoʻshma shtatlarda oʻrta hisobda bir yilda bir kishi 17 ta kitob oʻqirkan. Shuningdek, roʻyxatda Hindiston ikkinchi yiliga – 16 ta kitob, Buyuk Britaniya uchinchi yiliga – 15 ta kitob oʻqigani bilan oʻrin egallagan. Fransiya, Italiya, Kanada, Rossiya, Avstraliya, Ispaniya, Niderlandiya davlatlari mos ravishda kuchli oʻntalikdan joy olishgan. Mamlakatimiz esa yuztalik roʻyxatda ham qayd etilmadi.

Yurtimizda kitobxonlikni yanada ommalashtirish, ayniqsa, yoshlarning kitobga mehrini, qiziqishini oshirish uchun nima qilish kerak, dersiz. Buning uchun avvalo taʼlimning quyi boʻgʻinlarida yoshlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini oshirishga katta eʼtibor qaratish, bu borada maktab kutubxonalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarur.

Qashqadaryo viloyati misolida olaylik. Ayni paytda viloyatdagi mingdan ortiq maktab kutubxonalarida 2,5 millionga yaqin badiiy va ilmiy-ommabop kitoblar fondi mavjud. Ularni yanada boyitish, shart-sharoitlarini yaxshilash mumkin. Biroq, shuning oʻzi bilan oʻquvchilarda kitobxonlik darajasi oshib qolmaydi. Oʻsha taʼlim muassasasida avvalo haqiqiy kitobxonlik muhiti paydo boʻlishi, kutubxona eng gavjum va qaynoq maskanga aylanishi zarur. Ammo bugun aksar maktablarda nafaqat oʻquvchilar, hatto oʻqituvchilar ham kutubxona eshigidan deyarli boʻylashmaydi. Kutubxonachining ishi faqat darslik kitoblar taqsimotidan iborat boʻlib qolgan.

Oʻtgan yili Chiroqchi tumanidagi 4-maktabning yangi binosi qurilib foydalanishga topshirilgandi. Binoda kutubxona uchun ham yorugʻ va shinam xona ajratilgan. Ayni paytda bu yerda 2467 ta badiiy va ilmiy-ommabop kitoblar fondi mavjud. Lekin badiiy kitob soʻrab kiradigan oʻquvchilar, muallimlar kam.

Kitobxonlarning kutubxonaga aʼzolik daftarchalarini birma-bir varaqlarkanmiz, biror kishi yaqin vaqtda bu yerdan badiiy kitob olib oʻqimaganiga amin boʻldik. Hatto oʻqituvchilarning ham. Maktab kutubxonachisi Feruza Joʻrayeva avvaliga oʻqituvchilarning kutubxonadan tez-tez kitob olib turishi, biroq ular kitobni oʻz vaqtida qaytarishiga ishongani bois buni abonent daftarchasiga qayd etmaganini aytgan boʻlsa-da, keyinchalik baribir yorildi.

– Maktabda kitobxonlikni targʻib qilish vazifam, – deydi u. – Shunga doim harakat qilaman, oʻqituvchilarga aytaman, lekin kelishmasa nima qilay?! Hatto shu aʼzolik daftarchalarini ham sinfma-sinf yurib, oʻzim toʻldirib chiqqanman. Kutubxonaga kelib kitob soʻraydigan sanoqli oʻquvchi bor. Ular ham onda-sonda kelishadi.

Shahrisabz shahridagi 2-umumiy oʻrta taʼlim maktabi kutubxonasida esa 1600 dan oshiq badiiy va ilmiy-ommabop kitoblar fondi mavjud. Kartotekalardagi maʼlumotlardan bilish mumkinki, kutubxonadan doimiy ravishda kitob olib oʻqiydigan oʻquvchilar, oʻqituvchilar bor, ammo sanoqli. Maktab rahbariyati, hatto ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchilarining aʼzolik daftarchalaridagi oxirgi yozuvlar 2022, 2023-yillarda kiritilgan. Javonlarda yuzini mayin chang qoplagan yap-yangi kitoblar shunchaki qoʻr toʻkib turibdi.

Toʻgʻri, badiiy kitob oʻqish yoki oʻqimaslik hammaning xohishi. Lekin gap yoshlar tarbiyasi haqida borarkan, maktabda kitobxonlikni ommalashtirish, haqiqiy mutolaa muhitini yaratish uchun avvalo muallimlarning oʻzi oʻquvchilarga oʻrnak boʻlishi, kutubxonani doimo gavjum maskanga aylantirish haqida bosh qotirishi zarur nazarimizda. Chunki koʻpchilik kitob oʻqiydigan, kitobxonlik haqida suhbatlar, bahs-munozaralar boʻladigan joyda boshqalar ham shunga intiladi, kitobxonlar soni ortib boraveradi. Shahrisabz shahridagi 24-umumiy oʻrta taʼlim maktabi faoliyati bilan tanisharkanmiz, bunga guvoh boʻldik. Maktabda 610 nafar oʻquvchi ikki smenada tahsil oladi. Xona yetishmasligi bois binoning ayvon qismini yopib, kutubxonaga aylantirishgan.

Kitob javonlarini kuzatarkansiz, ayrim siyosiy va ilmiy adabiyotlarni aytmasa, yap-yangi turgan kitoblarni deyarli uchratmaysiz. Nihoyatda eskirgan, hatto qayta taʼmirlangan kitoblar koʻp. Shu holatning oʻzidanoq maktabda kitobxonlar kam emasligini anglagan boʻlsak-da, aʼzolik daftarchalariga nazar tashladik. Yil boshidan buyon 20 dan ortiq kitob olib oʻqigan oʻquvchilar, oʻqituvchilar koʻp ekan.

Maktab direktorining maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha oʻrinbosari Lobar Almardonovaning yaqindagina kutubxonadan ikkita kitob olganini bilib, undan mutolaa taassurotlari haqida soʻradik.

– Bu kitoblarni allaqachon oʻqib chiqib, taassurotlarimni oʻquvchilarga soʻzlab berishga ham ulgurdim, – deydi u. – Toʻgʻrisi, maktabimizda kitobxonlar koʻp. Buni koʻrib, ota-onalarda ham kitobxonlikni ragʻbatlantirishga qiziqish oshmoqda. Kutubxona fondi asosan ularning koʻmagi bilan boyiyapti. Masalan, yaqinda kitoblar yarmarkasini oʻtkazdik. Ota-onalar 210 ta badiiy kitob xarid qilib, barcha foydalanishi uchun maktab kutubxonasiga sovgʻa qilishdi.

Eʼtiborli tomoni, kitobxonlikka, ilmga chanqoqlik oʻquvchilarning natijasida ham aks etmoqda. Bu yerda kitobxonlik boʻyicha turli tanlovlarda ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar koʻp. Oʻtgan oʻquv yilida maktabning barcha bitiruvchilari yuz foiz talaba boʻlishdi. Aksariyati yurtimizdagi nufuzli oliy oʻquv yurtlariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan.

Jahongir BOYMURODOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер