Xoʻjaobodda tekstil instituti ochiladi

22:39 15 May 2021 Iqtisodiyot
2329 0

Andijon viloyatining har bir tumani maʼlum bir yoʻnalishga ixtisoslashtirilgan. Jumladan, Buloqboshi tumanida sarimsoqpiyoz va uzumchilik rivojlangan boʻlsa, Qoʻrgʻontepa tumani kartoshkachilikka moslashgan. Asaka tumanida bogʻdorchilik boʻyicha oʻziga xom tajriba maktabi yaratildi. Quvonarlisi shundaki, hududlar qishloq xoʻjaligi sohasidan tashqari, sanoatga ham moslashib bormoqda. Xususan, Xoʻjaobod tumanida tekstil yoʻnalishida yuzdan ortiq korxonalar faoliyat yurityapti va ularning oʻndan ziyodi jahon bozorida oʻz oʻrniga ega. Xoʻjaobodlik oilalarning 85 foizi oʻz xonadonida mahsulot ishlab chiqarish hadisini olganlar. Tekstil yoʻnalishining bu qadar rivojlanishi paxta xom ashyosidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonni qamrab olish bosqichlariga asos soldi. Yillar davomida toʻplangan boy tajriba asosan Turkiya davlatidan tashrif buyurgan mutaxassislar koʻrsatmasi mevasidir. Savol tugʻiladi: oʻzimizda qachon yetuk mutaxassislar yetishib chiqadi?

Toʻqimachilikning barcha yoʻnalishlarini oʻzlashtirgan, oʻnlab xorijiy davlatlarda oʻzining yirik savdo uylariga ega boʻlgan “ Samo” tekstil korxonasi ana shu savolning yechimi ustida izlanmoqda. Buning natijasida navbatdagi oʻquv yilidan boshlab Xoʻjaobod tumanida yangi tekstil instituti tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Ayni paytga kelib institutning oʻquv binosi qurib bitkazildi. Kelgusida bu yerda tekstil sohasi uchun zarur boʻlgan paxta xom ashyosini yetishtirish mutaxassisligidan tortib injener-texnolog, dizayner singari kadrlarni tayyorlash rejalashtirilgan. Buning uchun nafaqat, Oʻzbekiston, shu bilan bir qatorda Turkiya, Pokiston va Hindiston davlatlaridan malakali mutaxassislar jalb etiladi. Institutga bu yil 180 nafar talaba qabul qilinishi mumkin.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?