Xoʻjakoʻrsinga oʻrnatilgan quyosh panellari

09:59 10 Sentyabr 2025 Jamiyat
137 0

Zamon taraqqiy etgan sari hayotiy ehtiyojlarimizdan muhimi hisoblangan elektr energiyasiga boʻlgan talab ham ortib bormoqda. Uni toʻlaqonli qondirish uchun muqobil energiya tizimini barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Binolar tomiga oʻrnatiladigan quyosh panellari arzon va ekologik jihatdan sof mahsulot ishlab chiqarishi bilan ajralib turadi. Mazkur yoʻnalishdagi ishlarning tizimli tashkil etilishi natijasida Namangan viloyatidagi koʻplab isteʼmolchilar qisqa muddatda oʻzining kichik stansiyalariga ega boʻldi.

Birgina joriy yilda 2320 ta obyektda 44160 kilovatt soat quvvatli vositalar oʻrnatildi. Ijtimoiy soha muassasalari, tadbirkorlik subyektlari hamda aholi xonadonlarida yangilikni joriy etishga manfaatdorlik bilan yondashilayotganini kuzatish mumkin. Chust, Mingbuloq, Chortoq tumanlaridagi koʻplab taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalari, fermer xoʻjaliklarida muqobil energiya vositalari yordamida hosil qilinayotgan energiyaning ehtiyojdan ortgan qismi sotilmoqda. Undan tushgan mablagʻlar ushbu subyektlarga qoʻshimcha daromad olib kirmoqda. Xoʻsh, har jihatdan qulay boʻlgan quyosh panellari kutilgan natijani beryaptimi? Ularni belgilangan texnologiya talablariga mos ravishda foydalanishga topshirishning ahvoli qanday?

Ushbu savolga javob topish maqsadida “Yuksalish” harakati Namangan viloyat boʻlinmasi bir qator ijtimoiy soha obyektlarida tanlov asosida monitoring oʻtkazdi. Oʻrganilgan dastlabki manzil – Davlatobod tumanidagi suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabiga bundan ikki yil avval 500 KVtlik quyosh panellari oʻrnatilgandi. Lekin undan kutilgan natijaga erishilmadi.

– Panellar toʻliq komplektatsiyada oʻrnatilgan boʻlishiga qaramay, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining quvvati pastligi sababli sport maktabi ehtiyojini qondira olmayapti, – deydi sport maktabi direktori A. Usmonov. – Baʼzi obyektlarda qurilmani shoshma-shosharlik bilan oʻrnatib ketilganligi bois ular ish bermayapti.

Darhaqiqat, viloyat markazidagi 5-umumtaʼlim maktabiga oʻtgan yili 30 KVt kuchga ega quyoshli panellari “Proxima energo” MCHJ tomonidan oʻrnatilgan. Oʻshanda butun jamoa xursand boʻlgandi. Ularning quvonchi uzoqqa choʻzilmadi. Boshlanishidayoq yetarli quvvat bermagan qurilma hamon ishlamay yotibdi. Uning immulyator qismi nosoz. Maktab rahbarlari bu masalada shahar maktab va maktabgacha taʼlim boʻlimi qoshidagi qurilish boʻlimiga qayta-qayta murojaat qilishlariga qaramay ahvol oʻsha-oʻsha. Xuddi shu singari 17-umumtaʼlim maktabiga oʻrnatilgan 30 KVtli quyosh panellari bor-yoʻgʻi uch-toʻrt oy quvvat bergan, xolos. Pudratchi “Samo-build-14” masʼuliyati cheklangan jamiyati montaj ishlarini sifatsiz bajargan.

– Kuz-qish mavsumida yomgʻir suvlari kirib qurilmaning avtomat qismlarida qisqa tutashuvni yuzaga keltirdi, – deydi oʻquv maskani xoʻjalik ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari X.Ashurov. – Oqibatda quyosh panellardan foydalanishning imkoniyati yoʻqoladi.

Montaj ishlaridagi nomukammallik tufayli shahardagi 3 sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti ham muqobil energiyadan foydalana olmayapti. Anchagina obyektlarda quyosh panellari ishlab chiqarayotgan quvvatni saqlab turishga moʻljallangan akkumulyatorlar bilan jihozlanmaganligi uzluksiz tok yetkazib berilishi haqidagi vaʼdalarni puchga chiqaryapti.

– Bundan ikki yil avval ishga tushirilgan 20 KVtli quyosh panellari oʻzini oqlamadi, – deydi Yangi Namangan tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 13-oila poliklinikasi bosh shifokori I.Boymirzayev. – Qurilma umuman ishlamadi. Panellarni oʻrnatgan mutasaddi tashkilotga bir necha bor qilgan murojaatlarimiz javobsiz qolmoqda.

– Yaxshi niyat bilan oʻrnatilgan, ammo amalda ishlamayotgan bunday kichik fotoelektrik qurilmalar Namangan shahridagi 39-DMTT, 2-oila poliklinikasi va boshqa ayrim muassasalar tomida ham nomigagina savlat toʻkib turganligi kuzatildi. Essiz davlatning ularga sarflagan mablagʻi, – deydi “Yuksalish” harakati viloyat boʻlinmasi rahbari Nargiza Muhammadiyeva. – Ayting-chi, keng targʻib qilinayotgan yangilikka ayrimlarning bunday munosabati boshqalarning hafsalasini pir qilmaydimi?! Harakatimiz faollari shu singari koʻrinishlarning har biriga huquqiy baho berilishi kerak.

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: xoʻp, masʼuliyatni unutgan pudratchi tashkilot ishni sifatsiz bajaribdi yoki komplektlashmagan qurilmani oʻrnatibdi, deylik. Lekin, u foydalanishga topshirilgan chogʻda qabul qilib olishga javobgar boʻlgan buyurtmachilar qayoqqa qarayapti? Ustiga-ustak pudratchilarning avvaliga quyosh panelini rosa maqtab, chala oʻrnatgani, keyin aniqlangan nosozlikni bartaraf etishdan qochib yurganiga nima deysiz! Albatta, buning javobini mutasaddilardan kutib qolamiz.

Qudratilla NAJMIDDINOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер