Xonobodda sunʼiy ko‘l barpo etilmoqda

11:21 19 Oktyabr 2021 Jamiyat
1299 0

Foto: Saminjon Husanov, “Xalq so‘zi”

Xonobod shahri respublikamizning eng chekka hududlaridan bo‘lib, Qirg‘iziston Respublikasi bilan shundoqqina chegarada joylashgan. Adirlik yon bag‘riga yastangan  shaharning tabiati so‘lim, manzarasi betakror. Bejizga  “O‘zbekiston Shveysariyasi” nomini olmagan. Afsuski, bir paytlar u yopiq shaharga aylangan edi. So‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar tufayli bu manzil Farg‘ona vodiysining sayyohlik markazlaridan biri sifatida sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda. 

-Shahrimiz shundoqqina “Kampirrovot” suv omboriga yondosh joylashgan, - deydi Xonobod shahri hokimi Mashʼalbek Tojiboyev. –Shu bois foydalanilmay turgan qir-adirliklar yon-bag‘rida 45 gektar maydonda sunʼiy  ko‘l barpo etishga kirishdik. Uning atrofidagi 21 gektar maydonda esa 7 qismdan iborat dam olish maskanlari tashkil etiladi. Bunda yakka tartibda, jamoaviy va oilaviy dam olish uchun nimaiki zarur sharoit kerak bo‘lsa, hammasi yaratiladi. Oshxona, restoran, stadion, ko‘ngilochar maskanlardan tortib kutubxonagacha tashkil etishni reja qilganmiz. Hozirda eng zaruriy vositalar bo‘lmish kommunikatsiya tizimlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Yaʼni yo‘l, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi bilan taʼminlash ishlari davom etyapti.

66 gektar maydondan iborat ushbu dam olish manzilidagi sunʼiy ko‘lning kengligi 400 metr, uzunligi 1000 metr va chuqurligi 2-3 metrdan iborat bo‘ladi. Foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan kutubxonada ko‘p millatli dam oluvchilarni hisobga olgan holda o‘nlab tildagi adabiyotlar jamlanadi. Dala hovlilarning birinchisi ikkinchisini takrorlamasligi uchun  bir-biridan farq qiluvchi ekzotik manzaraga ega bo‘lgan loyihalar tanlab olindi. Bunda ulardagi tabiiy muhitga alohida ahamiyat qaratilgan. “Sirlar bog‘i” nomi bilan ataluvchi bu manzil dam oluvchilarga maʼqul kelishi, shubhasiz. “Manzarali o‘rmon” nomi bilan ataluvchi hududda esa dunyodagi eng noyob daraxtlar, o‘simliklar va gullar ekilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, hududdan “Romantika bog‘i” ham o‘rin oladi. U o‘ziga xos, betakror landshaft asosida tashkil etiladi.

Ko‘l atrofida quriladigan 200 dan ortiq dala hovlilarning har biri ikki va to‘rt sotixli maydondan iborat bo‘ladi. Har biri 100 o‘ringa mo‘ljallangan 3 ta uch yulduzli, har biri 50 o‘ringa mo‘ljallangan 2 ta besh yulduzli mehmonxonalar tashrif buyuruvchilarga jahon talablariga mos ravishda xizmat ko‘rsatadi. Bundan tashqari maskanda yashil hududlar, akvapark, amfiteatr, kafe va restoranlar, savdo shoxobchalari, sport  maydonlari va boshqa ko‘ngilochar manzillar barpo etiladi. Skuter va qayiqlar ijara xizmati  tashkil etiladi.

-Sunʼiy ko‘lni barpo etishga turkiyalik loyihachilarni jalb etdik,-deya davom etadi M. Tojiboyev. –Hozirda dengizdagi sharoitni yaratish maqsadida ko‘l o‘rniga qum ko‘chirish ishlari olib borilmoqda. Bu maskan respublikamizdagi yetakchi dam olish joylaridan biri bo‘lish bilan bir qatorda tadbirkorlik faoliyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Turizmga sarflangan sarmoya tez orada o‘zini oqlashi dunyo tajribasida o‘z isbotini topgan. Shunday ekan, boshlangan loyiha istiqbolidan katta umidvormiz.

Ushbu loyiha amalga oshirilishi hisobiga 35 mlrd. so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, 800 ta ish o‘rni yaratiladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikamizning eng chekka hududida  turizm sohasida yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq so‘zi”. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?