Xalqaro fuqaro mudofaasi tashkiloti Bosh kotibi Oʼzbekistonga keladi

23:52 12 Noyabr 2021 Siyosat
1641 0

Oʼzbekistonning Jenevadagi BMT boʼlinmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Ulugʼbek Lapasov Xalqaro fuqaro mudofaasi tashkiloti (XFMT) bosh kotibi Mariatu Njupuo Yap bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» АА muxbiri.

Xalqaro fuqaro mudofaasi tashkiloti hukumatlararo tuzilma boʼlib, uning tashkil topganiga joriy yil oktyabr oyida 90 yil toʼldi. Tashkilot davlatlarga aholini tabiiy va antropogen ofatlardan himoya qilish va yordam koʼrsatish, shuningdek, mol-mulk va atrof-muhitni muhofaza qilish boʼyicha tuzilmalarni yaratishda koʼmaklashishni oʼz oldiga maqsad qilib qoʼygan. Ushbu tuzilmalar odatda fuqaro himoyasi, fuqaro mudofaasi, fuqaro xavfsizligi nomlari bilan tanish boʼlib, ularning barchasi favqulodda vaziyatlarni boshqarish bilan shugʼullanadi.

Tashkilot bosh qarorgohi Jenevada joylashgan. Oʼzbekiston 2014-yildan buyon ushbu tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.
Uchrashuv chogʼida Oʼzbekiston va XFMT oʼrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor masalalari muhokama qilindi.
Bosh kotib tashkilot Oʼzbekistonni toʼlaqonli aʼzo davlatlar safida koʼrishdan manfaatdor. Uning soʼzlariga koʼra, bu fuqaro muhofazasi, avariyalar, falokatlar va tabiiy ofatlar natijasida yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini bartaraf etish sohasida tajriba almashishni yoʼlga qoʼyish imkoniyatini beradi.

«Maxsus tabiiy-iqlim sharoitida faoliyat yuritadigan oʼzbekistonlik qutqaruvchilarning kasb mahorati va tajribasi XFMTga aʼzo rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ham foydali boʼladi», - dedi u.

Mariatu Njupuo Yap joriy yil 12-16 noyabr kunlari Oʼzbekiston favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan Oʼt oʼchiruvchilar va qutqaruvchilar xalqaro sport federatsiyasining 22-konferentsiyasida qatnashish uchun Toshkentga keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?