Xalqaro eʼtirof va muvaffaqiyatlarga boy besh yil

14:30 22 Yanvar 2025 Jamiyat
271 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan 2020-yil 22-yanvarda tashkil topgan Oʻzbekiston Notarial palatasining oʻz oldiga qoʻygan asosiy maqsadlari — faol va qonun doirasida faoliyat yuritayotgan notariuslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, qonun va normalarga rioya etgan holda aholiga yuksak saviyada huquqiy xizmat koʻrsatayotgan notariuslarni ragʻbatlantirib borish, notariat sohasida Oʻzbekiston amaliyotini xorijga olib chiqish orqali mamlakat imidji yaxshilanishiga hissa qoʻshishdan iboratdir.

Tarixan juda qisqa davr ichida mazkur nodavlat notijorat tashkilot taraqqiyot tomon katta qadam qoʻydi. Bor-yoʻgʻi besh yilda amalga oshirilgan ishlar mamlakatimiz notariuslari faoliyati hamda ularni birlashtirib turgan Oʻzbekiston Notarial palatasining faoliyati xalqaro miqyosda eʼtirof etildi. Sohadagi ishlarni sifat jihatdan yaxshilab borish uchun xalqaro aloqalar rivojlantirilib, eng ilgʻor xorijiy tajribalar amaliyotga tatbiq qilinmoqda.

Oʻzbekiston Notarial palatasi dastlabki 5-yilda oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni sharaf bilan bajardi. Xususan, tashkil topganiga atigi 1-yil toʻlganida Notarial palata Xalqaro notariuslar ittifoqiga aʼzo boʻldi. Notarial palata raisi D. Ashurov 2023-yil fevral XNIning xalqaro notarial hamkorlik komissiya vakili etib, 2023-yil iyul oyida 2024-yil uchun Xalqaro notariuslar ittifoqining Osiyo ishlari boʻyicha Kengash prezidenti etib, 2023-yil noyabr oyida XNI Bosh Kengashi aʼzosi etib saylandi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Notarial palatasi tomonidan XNI aʼzolarining 75 tasi bilan Oʻzbekiston oʻrtasida yaqindan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan. Germaniya, Fransiya, Ukraina, Litva, Rossiya, Belorus, Xitoy, Dominika, Braziliya, Meksika, Portugaliya, Urugvay, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiya, Moʻgʻuliston va Vengriya bilan oʻzaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Notarial palatasi tashabbusi bilan Turkiy tilli davlatlar Notarial palatalari tashkiloti tuzildi va Tashkilotning barcha aʼzolari oʻrtasida tegishli hamkorlik Kelishuvi imzoladi.

Xitoy davlat bilan “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida hamkorlik Kelishuvi imzolandi. Ushbu hamkorlik memorandumlari doirasida ilgʻor chet el tajribasini notariat sohasiga joriy qilish bilan birga, Oʻzbekiston notariati tajribasini ommalashtirishga ulkan hissa qoʻshildi.

Xususan, 2023-2024-yillarda Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Xalqaro darajada 3 ta konferensiya va Oʻzbekiston notariuslarining 1-Milliy kongressi yuksak saviyada oʻtkazildi. Buning barchasi Oʻzbekiston notariat tizimi va uning yetakchisini xalqaro darajada tan olinganligidan dalolatdir.

Bundan tashqari, xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan hamkorlik memorandumlari doirasida 80 dan ortiq qoʻshma seminar, konferensiya va simpoziumlar oʻtkazildi. Jumladan, XNIning Xalqaro notarial aloqalar boʻyicha komissiyasi bilan, Rossiya, Belorussiya, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Fransiya, Germaniya, Italiya, Litva, Vyetnam Notarial palatalari bilan hamkorlikda “Raqamlashtirish”, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish”, “Ijro xatlarini yozish”, “Meros”, “Dalillarni taʼminlash” mavzularida qoʻshma seminar va konferensiyalar oʻtkazilgan.

Oʻzbekistonga notariat sohasiga oid koʻplab xalqaro tashkilotlarning va xorijiy davlatlarning delegatsiyalari tashriflari amalga oshirildi. Jumladan, XNI, GAAGA konferensiyasi, Turkiy tilli davlatlar Tashkiloti, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Belorussiya, Xitoy, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiya, Moʻgʻuliston, Vyetnam delegatsiyalari tashrif buyurishdi.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonning notariat sohasidagi delegatsiyalari ham koʻplab xalqaro konferensiya va anjumanlarda ishtirok etishdi. Jumladan, Qozogʻiston, Turkiya, Braziliya, Xitoy, Avstriya, Qirgʻiziston, Dominika, Serbiya, Ispaniya, Portugaliya, Germaniya, Fransiyada, Italiya, Rossiya, Belorussiya, Tojikiston va boshqa bir qator davlatlarda notariat sohasiga oid mavzularda ishtirok etishdi.

Bugungi notariat bundan 5-yil oldingi notariatdan tubdan farq qiladi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda notariat tizimini rivojlantirish yoʻlida qoʻyilgan muhim amaliy qadamlar natijasida aholiga notarial xizmat koʻrsatish sifati tubdan yaxshilandi, sohada qonuniylik taʼminlanishi darajasi keskin oshdi. Oʻz navbatida, aholining ham notariuslardan norozilik kayfiyati barham topdi.

Endilikda fuqarolarimiz nafaqat mamlakat ichida, balki chet ellardan turib ham onlayn notarial xizmatlardan bemalol foydalanmoqdalar. Maʼlumot toʻplash uchun idorama idora sarsongarchiliklarga chek qoʻyildi. Bunda, albatta, “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimining hissasi katta.

Bugungi kunda Palataga aʼzo boʻlgan xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar soni 1110 nafarni tashkil etadi. Yurtimizning olis hududlarida, iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan xususiy notariuslarning faoliyatini tashkil etish samarasiz boʻlgan tumanlarda 5 nafar davlat notariuslari faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Notariuslarning malakasi Yuristlar malakasini oshirish markazi bilan hamkorlikda tinimsiz oshirib borilmoqda. Shuningdek, xalqaro hamkorlar bilan tuzilgan Memorandumlar doirasida Oʻzbekistonlik 200 ga yaqin notariuslar turli xorijiy davlatlarda malaka oshirish, stajirovka va xizmat safarlarda boʻlib qaytishdi. Shulardan, 7 nafar notariuslarimiz Xalqaro notariat universitetida tahsil olishdi, 2 nafari Germaniyada oʻz malakalarini oshirishdi, 68 nafari turli rivojlangan davlatlarda stajirovka oʻtab kelishdi, 76 nafari turli davlatlarda konferensiya, seminar va simpoziumlarda ishtirok etdi.

Bularning barchasi notariat sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga, aholiga koʻrsatilayotgan huquqiy xizmatlar sifatini yaxshilashga hissa qoʻshadi. Xususan, oʻtgan yillar davomida Notarial palata tomonidan notariat sohasiga oid qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha 150 dan ortiq, “Notarius” AATni modernizatsiya qilish yuzasidan 100 ortiq takliflar ishlab chiqilgan va Adliya vazirligiga taqdim etilgan. Qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha Fuqarolik kodeksiga, Fuqarolik kodeksining yangi loyihasiga, Fuqarolik protsessual kodeksiga, Soliq kodeksiga, Oila Kodeksiga, Notariat toʻgʻrisidagi qonunga, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonunga, Davlat boji toʻgʻrisidagi Qonunga, Prezidentning sohaga oid Farmon va qarorlariga, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga, Adliya vazirligining sohaga oid buyruq va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga takliflar ishlab chiqilgan.

Ishlab chiqilgan takliflarning 60 foizdan ortiq qismi Adliya vazirligi tomonidan maʼqullanib, hayotga tatbiq etildi.

Bugungi notarial idoralarda zamonaviy texnologiyalar, barcha aholiga xizmat koʻrsatuvchi davlat va nodavlat tashkilotlari integratsiya qilingan elektron baza koʻmagida har tomonlama qulay xizmatlarni yoʻlga qoʻyilgan. Aholining huquqiy bilimi oshishiga onlayn va offlayn koʻmaklashilmoqda. Oʻtgan yillar davomida hamkor tashkilotlarimiz boʻlgan Adliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy Assotsiatsiyasi, “Yuksalish” UMH, “Madad” tashkiloti bilan birgalikda 100 dan ortiq turli aksiyalar oʻtkazildi. Aksiyalar asosan “Vorislik huquqi”, “Nikoh shartnomasi”, “Notariuslardan harbiylarga bayram tuhfasi”, “Notariuslardan bepul huquqiy maslahatlar kuni”, “Faxriylar-faxrimiz”, “Ustozlar ardogʻimizda”, “NNTlar uchun bepul huquqiy maslahat kuni”, “Notariuslardan saxovat”, “Doimo yodimizdasiz”, “Mening oilam — mening huquqim”, “Notariuslar — korrupsiyaga qarshi!” mavzularida tashkil etildi.. Xususan, oʻtgan 2024-yilda 4 marotaba respublika miqyosida huquqiy aksiyalar oʻtkazildi. Ushbu aksiyalarda minglab yurtdoshlarimiz onlayn va offlayn huquqiy maslahatlar oldilar. Joylarda sayyor notarial harakatlar amalga oshirildi. 5-yil davomida Oʻzbekiston Notarial palatasi faol faoliyati uchun quyidagicha eʼtirof etildi:

2021-yilda Notarial palata respublikadagi “Eng namunali jamoat birlashmasi” eʼtirofiga sazovor boʻldi;

2022-yilda Notarial palata “Eng faol Nodavlat notijorat tashkiloti” eʼtirofiga sazovor boʻldi;

2023-yilda Notarial palata “Eng faol aʼzolariga ega nodavlat notijorat tashkiloti” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritdi hamda “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

2021 va 2024-yillarda — Notarial palataning 2 nafar vakili Adliya vazirligi tomonidan taʼsis etilgan “Huquqiy targʻibot aʼlochisi” eʼtirofiga sazovor boʻldi. 2023-yilda Palata vakili “Adliya aʼlochisi“ nishoniga sazovor boʻldi.

Oʻzbekiston Notarial palatasi ishonchli hamkorlar koʻmagida sohani tobora takomillashtirish yoʻlidan bormoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер